Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tasvirlarga ko‘chgan olam

Bolalar, men sizlardan “Qanday filmlarni tomosha qilishni yoqtirasiz?” deb so‘rasam, siz, albatta, “Sarguzasht, jangari, tarixiy va albatta, multiplikatsion...” deb javob berasiz, to‘g‘rimi?

Men ham bolalaligimdan “Senimi, shoshmay tur!”, “Zumrad va Qimmat” multfilmlarini ko‘rib ulg‘ayganman. Qayta-qayta tomosha qilsak-da, yana ko‘rgimiz kelaverardi. Bo‘ri quyonni tutolmaganligini ko‘rib bir olam sevinardik. Bunday ajoyib filmlar namoyish etilganda kattalar ham ekran qarshisidan ketolmay qolardilar.

XXI asr – axborot-texnologiyalar asri. Fan-texnika shiddat bilan rivojlanayotgan bir davrda multiplikatsiya va kino olami ham yangidan kashf etildi. Bugun sizga mana shu janrlar haqida ma’lumot bermoqchiman.

Multiplikatsiya – endigina hayotga qadam qo‘ya boshlagan kichkintoylar tezda o‘zlashtirib oladigan, obrazlar yorqin talqin etiladigan, yaxshi-yomonning chegarasi aniq ajratilgan murakkab kino janridir. Bu qahramonlar kino va multfilmlarda qanday aks ettiriladi? Hech qiziqib ko‘rganmisiz?

Savollarimizga javobni animatsiya yoki multiplikatsiya tushunchalaridan boshlasak. Multiplikatsiya XIX asr o‘rtalarida yaratilgan (lotin tilidan olingan bo‘lib, kattalashtirish, ayirish, o‘sish ma’nosini beradi). Alohida tasvirlarning yuqori tezlikda ketma-ket ko‘rsatilishidir. Ko‘zning tasvirlarni uzluksiz ilg‘ashi oqibatida optik illyuziya seziladi va tasvirlar ketma-ketligi yaxlit harakat deb qabul qilinadi. Multiplikatsiyadagi birinchi qadamlar aka-uka Lumyerlar tomonidan uzoq muddat ichida tayyorlangan. Ko‘p urinishlardan so‘ng ajoyib rasmlar harakati paydo bo‘ldi. Buni biz sevimli “Shum bola” kinosi misolida ko‘rishimiz mumkin.

Bor-yo‘g‘i o‘n daqiqalik animatsion filmni tayyorlash uchun sakkiz oy, ba’zida bir-bir yarim yil fursat ketadi. Har qanday ijodiy jarayonda – u xoh o‘n daqiqalik, xoh yarim soatlik multfilm bo‘lsin, ijodkorlar katta guruhi mehnat qilishi lozim. Masalan, 60 soniya rolikni joylashtirish uchun taxminan bir yarim gigabayt bo‘sh disk maydoni va sekundiga 30 kadrli chastota talab etiladi.

Ammo, bugungi kunda kino va multiplikatsiya sohasiga “3D” grafika so‘zi kirib keldi. Ushbu “3D” formatdagi tasvirlar ham borgan sari ommalashib bormoqda. “3D” degani bu – bir jismning shakl holida ko‘rinishidir. Ya’ni 3 o‘lchovda – eni, bo‘yi, balandligi tasvirlanishidir. Uch o‘lchovli grafika multfilm qahramonlarini tabiiy va jonli tasvirlashga hamda yaratishga ketadigan vaqtni sezilarli darajada kamaytirdi.

Hozirgi kunda ommalashgan, katta-kichikni o‘ziga jalb etgan fantastik kino, multfilmlar qanday yaratilishi haqida ham bilasizmi? Biz sevib tomosha qiladigan fantastik kino, multfilm, o‘yinlar hozir “3D” formatda tasvirga olinmoqda. Ushbu obrazlarni yaratish jarayonida harakatni yozib olish (qayd etish) tizimidan foydalaniladi. Bu tizim aktyorlar ijrosini kompyuter virtual olamida yaratilgan aktyorlarga ko‘chirish imkonini beruvchi yangi texnologiyadir. U aktyorlar harakatini 3D formatda – uch o‘lchamda yozib oladi.

Bunday filmlarda hamma rollarni haqiqiy aktyorlar ijro etishadi. Faqatgina yuqori texnologiyalar ko‘magida ularning ijrolari kompyuter xotirasiga animatsiya shaklida ko‘chirilgan. Aktyorlarning turli jismoniy harakatlari, hatto yuz ifodalari ham juda aniqlik bilan kompyuterda akslantiriladi.

Aktyorlar esa juda ko‘p sonli datchiklar o‘rnatilgan maxsus kiyimlar kiyib olib, ular maydonchada o‘z rollarini ijro etadilar va maxsus kiyimga o‘rnatilgan datchiklar skanerlarga doimo signal yuborib turadi. Shu tariqa aktyorlarning har qanday harakatlari to‘laligicha kompyuter virtual olamida shakllanadi.

Bu sistemada aktyor yuziga mayda elektron datchiklarni o‘rnatishning iloji yo‘q bo‘lgani uchun ham ularning yuzlariga markerlar bilan nuqtachalar qo‘yib chiqiladi. Kichik kamera yuz tasvirini asosiy kompyuterga yuboradi va u yerda tasvirlar qayta ishlanadi. Keyin esa harakat fazalari, mimikalar kompyuter virtual dunyosida yaratilgan qahramonga yuklanadi, ya’ni biriktiriladi. Bu jarayonda aktyor biron harakat qilsa, shu paytning o‘zidayoq bu harakatlarni virtual aktyor ham takrorlaydi.

Vaqt o‘tishi bilan bu sohaning bundan-da rivojlangan avlodlari yaratiladi. Ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurashni aks ettirishdan boshlangan bu san’at turi bugungi kunda inson zoti qo‘l urishi mumkin bo‘lgan turli vahshiyliklarni aks ettirmoqda. Unda g‘oyadan ko‘ra kino biznes olamidagi raqobatning ustunligini ko‘rishimiz mumkin. Biz bu filmlarga sog‘lom nazar bilan qarab “ommaviy madaniyat”ga xos bo‘lmaganlarini ajrata bilishimiz, milliy qadriyat va an’analarimizga sodiq qolishimiz lozim.

 

Hilola HAMDAMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.