Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tvorogli pishiriqlar

Tvorog – eng foydali yemaklardan biri. Kundalik taomlarida tvorog boʻlgan bolalar suyaklari mustahkam, tishlari mahkam boʻlib oʻsadi. Bugun siz bilan birgalikda tvorogli pishiriqlar pishiramiz.

 

Pirog

Kerakli mahsulotlar: 100 gramm sariyogʻ, 200 gramm shakar, 250 gramm tvorog, 250 gramm un, 2 osh qoshiq yongʻoq magʻzi, 2 dona tuxum.

Tayyorlanishi: Shakar va sariyogʻ aralashmasiga bitta tuxum chaqib koʻpirtiriladi. Aralashmaga tuz, bir choy qoshiq isteʼmol sodasi, vanilin, ezilgan tvorog, yongʻoq magʻizi hamda un qoʻshib xamir qoriladi. Xamir maxsus idishga joylanib, qizigan duxovkada 45 daqiqa davomida pishiriladi.

 

Pecheniy

Kerakli mahsulotlar: 200 gramm un, 250 gramm tvorog, 125 gramm sariyogʻ, 130 gramm shakar, 1 dona tuxum va bir chimdim isteʼmol sodasi.

Tayyorlanishi: Yumshoq saryogʻ shakar bilan atalanadi, soʻng koʻpirtirilgan tuxum solib aralashtiriladi. Aralashmaga ezilgan tvorog, un va isteʼmol sodasi qoʻshib xamir qoriladi. Tayyor xamir yoyilib, undan turli shaklda pecheniy qirqib olinadi va oʻrtacha olovda qizdirilgan gaz duxovkasiga qoʻyib pishiriladi.

 

Keks

Kerakli mahsulotlar: Xamiriga: 3 stakan un, 1 stakan shakar, 200 gramm sariyogʻ, 1 choy qoshiq isteʼmol sodasi.

Kremiga: 500 gramm tvorog, 5 ta tuxum, 1 stakan shakar.

Tayyorlanishi: Saryogʻ, shakar va isteʼmol sodasi yaxshilab atalangach, un qoʻshib aralashtiriladi. Hosil boʻlgan xamir qumogʻi teng uchga boʻlinadi. Qumoqlar idishga uch qavat qilib joylanib, har qavati orasiga tvorogli krem quyiladi va gaz duxovkasida pishiriladi.

Krem tayyorlash: tuxum shakar bilan aralashtiriladi va aralashmaga ezilgan tvorog hamda pichoq uchida vanilin qoʻshiladi.

SHAHRIZODA tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.