Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

(tatar xalq ertagi)

 

Qadim zamonda boy savdogar bo‘lib, uning turli mamlakatlardan keltirgan qimmatbaho buyumlari juda ko‘p edi. U qayerga bormasin, esdalik uchun biror yaxshi narsa olib qaytardi-da.

Savdogarning uyida bir bulbul bor edi. U kumushdan yasalgan katta va chiroyli qafasda yashardi. Savdogar undan hech narsani ayamasdi. Xizmatkor bulbulga har kuni – tongda, tushlikda va oqshomda sadaf idishda suv va eng sara donlardan olib kelardi. Bulbul g‘am-tashvishsiz, farovon yashardi. Kuylashda unga yetadigani yo‘q edi.

Savdogar uning quvnoq sayrashini eshitib, “U erkinlikdan ko‘ra mening uyimda baxtliroq yashayapti”, deb o‘ylardi.

Bir kuni savdogar boshqa mamlakatga safarga otlanibdi. Bundan xabar topgan bulbul savdogardan iltimos qilibdi:

– Xo‘jayin, mendan doim yaxshiligingizni ayamadingiz. Yana bir iltimosimni bajarsangiz. Siz hozir mening yurtimga ketyapsiz. U yerdagi anor bog‘ida qarindosh-urug‘larim yashaydi. Ularga salomimni yetkazib, hech narsadan nolimasdan sog‘-salomat yashayotganim haqida xabar bersangiz.

– Yaxshi, aytganingdek qilaman, – dedi savdogar va yo‘lga tushdi.

U manzilga yetib kelib, mollarini sotib bo‘lgach bulbul aytgan bog‘ni izlashga tushdi. Uzoq yo‘l yurib, nihoyat, g‘oyatda chiroyli bir boqqa duch keldi. Bog‘da son-sanoqsiz gullar ochilib yotardi. Yon-atrofdan esa yoqimli, muattar hid taralardi. Qayerga qaramang, hamma joyda – hatto daraxtlarning har bir shoxiga qo‘nib olgan bulbullar jarangdor ovoz bilan qo‘shiq kuylashardi. Ulardan biri shunday nola bilan sayrardiki, befarq tinglay olmasdi.

– Men izlayotgan qushlar shular bo‘lsa kerak, – deb o‘yladi savdogar va daraxtga yaqinlashib qichqirdi:

– Hoy, bulbul! Mening uyimda sening ukang yashaydi. U senga va barcha yaqinlariga salom yo‘llashimni, o‘zining sog‘-salomat, betashvish yashayotganini aytib qo‘yishimni so‘radi.

Bu so‘zlarni eshitgan bulbul xuddi o‘q yeganday yerga tappa quladi. Savdogar nima qilishini bilmay qoldi. Qush qanotlarini keng yoyib, og‘zini ochgancha qimir etmay yotardi.

“Eh, bekor unga ukasi haqida eslatdim, – o‘yladi savdogar. – Ukasini sog‘inib, kuyunib yotganga o‘xshaydi... Endi pushaymondan foyda yo‘q”.

Savdogar yerda o‘lib yotgan qushni olib uzoqroqdagi maysaning ustiga irg‘itdi.

Bulbul esa yerga tushgan zahoti tirilib, pir etib uchib daraxtga qo‘ndi-da, shoxdan-shoxga o‘tib sayraganicha, bog‘ ichiga kirib ketdi.

– To‘xta, qayerga ketyapsan? – qichqirdi savdogar. – Axir, ukang sendan xabar kelishini kutyapti!

Lekin bulbul uning gapiga quloq solmadi, sho‘xchan kuylagancha qalin barglar orasida g‘oyib bo‘ldi. Savdogar uyga xafa bo‘lib qaytdi.

– Xo‘jayin, yaqinlarimdan biror xabar keltirdingizmi? – so‘radi undan bulbul.

– Qarindoshlaringga sen haqingda hamma gapni aytdim, lekin ulardan hech qanday xabar keltirolmadim. Aftidan, ular sen haqingda eshitishni istashmadi. Akangga sen to‘g‘ringda so‘zlab berdim, u esa quloq ham solmadi va o‘zini shunday o‘lganga solib oldiki, men uning o‘lganiga paqqos ishondim. Uni yerdan olib, maysazorga irg‘itdim. Shunda u to‘satdan tirilib, uzoqlarga uchib ketdi.

Buni eshitgan bulbul chuqur qayg‘uga cho‘mdi. Kun bo‘yi hech narsa yemadi, ichmadi, hatto ovoz ham chiqarmadi. Savdogar uni qutqarib qolish uchun ko‘p harakat qildi. Lekin foydasi bo‘lmadi.

Ertalab yemish olib kelgan xizmatkor bulbulning qafasda o‘lib yotganini ko‘rdi. Savdogar sayroqi qushidan ayrilganiga qattiq kuyindi. Afsuslanishdan foyda yo‘qligini sezib, xizmatkorni chaqirdi va qushni uydan uzoqroqqa tashlab kelishni buyurdi. Xizmatkor uni olib devor tashqarisiga olib chiqdi va axlatxonaga irg‘itib yubordi.

Bulbul yerga tushib ulgurmasdan jonlandi va quvnoq qo‘shig‘ini kuylab bog‘ ustida aylana boshladi.

– Menga ajoyib maslahat olib kelganingiz uchun rahmat, xo‘jayin! – deb qichqirdi va o‘z vatani tomon uchib ketdi.

 

Rus tilidan Mirjalol MADVALIYEV tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.