Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qadim zamonda Mittivoy degan bir chumoli bo‘lgan ekan. Uning aka-ukalari juda mehnatsevar ekan. Mittivoy esa aksincha, xayol surishni, to‘yib ovqatlanishni va shirin uyquni juda-juda yaxshi ko‘rarkan. Og‘a-inilari tinimsiz ishlayotganida, Mittivoy birorta o‘simlik tagiga kirib dam olarkan. Kunlardan bir kuni u yam-yashil bargda xuddi belanchakda yotgandek mayin tebranib, onasidan eshitgan baraka doni haqida xayol suribdi. Shu payt qayerdandir keksa bir chumoli paydo bo‘libdi. Mittivoy “dik” etib o‘rnidan turib:

– Assalomu alaykum, bobo, – debdi.

– Va alaykum assalom, barakalla bo‘tam, – debdi keksa chumoli Mittivoyning yelkasiga qoqib, – men sehrgar bobo bo‘laman. Tilaging bo‘lsa ayt, amalga oshiraman.

Mittivoy shunday imkoniyat tug‘ilganidan sevinib ketibdi.

– Bobojon, aka-opalarim mehnat qilishgani qilishgan, meni ham tindirishmaydi. Ertadan kechgacha baraka don qidirib charchayman. Baribir topolmayman. Undan ko‘ra, nafis gul barglarida kun bo‘yi orom olib uxlasam, baraka donlarining o‘zi meni qidirib yonimga kelsa, – debdi.

Keksa chumoli o‘ylanib qolibdi, so‘ngra:

– Mayli, sen istagancha bo‘laqolsin, – debdi va ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.

Shunday qilib Mittivoy o‘zi xohlaganidek yashay boshlabdi. Ovqat haqida o‘ylashi bilan baraka don-dunlar, yaxshi ko‘radigan non ushoqlari, qand-u novvotlar muhayyo bo‘larkan. Mittivoy ularni to‘ygunicha yer, qornini silab-silab, qanday yaxshi, deb yonboshlab uxlar, semirar ekan...

Kunlar o‘tib Mittivoy bekorchilikdan charchabdi. Yumshoqqina gul bargi toshdek qattiq tuyula boshlabdi. Ishtahasi bo‘g‘ilibdi. Yolg‘izlikdan zerikibdi, ota-onasini, aka-opalarini sog‘inibdi. Shartta o‘rnidan turib, uyiga boribdi. Qarasa, eshik taqa-taq yopiq ekan. Mittivoy bor kuchi bilan eshikni taqillatibdi.

– Kim u? – so‘rabdi soqchi chumoli.

– Men, Mittivoyman.

– Eshikni ochmanglar. Oilamizda dangasalarga o‘rin yo‘q, – ichkaridan ona chumolining zardali ovozi eshitilibdi.

Mittivoy qo‘rqib ketibdi, rosa yalinibdi, yolvoribdi, yig‘labdi. Ona chumolining rahmi kelib, kirishga ruxsat beribdi. Soqchi chumoli eshikni ochibdi. Mittivoy semirib ketganidan eshikdan sig‘mabdi. Bor kuchi bilan ichkariga intilgan ekan, birdan eshik buzilib ketibdi. Hamma, “voy” deb baqirib yuboribdi. Yaxshi hamki, eshik tashqari tomonga yiqilibdi, chumolilardan hech kim jarohat olmabdi. Mittivoy juda-juda uyalibdi:

– Meni kechiringlar, – debdi boshini egib. – Chin chumolilik so‘zim, bugundan boshlab dangasalikni tashlayman...

Chumolilar tezda eshikni tuzatishibdi. Keyin har biri o‘z ishiga ravona bo‘libdi. Mittivoy ham ularga ergashib ko‘chaga chiqibdi va astoydil ishga kirishibdi. Uzoq izlab, xas-cho‘pdan boshqa hech narsa topa olmabdi. Xafa bo‘lib ketayotgan ekan, yo‘l chekkasida yotgan bug‘doy donini ko‘rib qolibdi. Mittivoyning ko‘zlari quvonchdan chaqnab, voy, bu baraka bug‘doy doni-ku, deb qichqirib yuboribdi. U donni to‘yib-to‘yib hidlabdi, kuchiga kuch qo‘shilibdi. Onajonim, izlagan albatta topadi, deb to‘g‘ri aytgan ekan, o‘ylabdi Mittivoy va donni dast ko‘tarib yo‘lga tushibdi. Uni ko‘rgan do‘stlari, qaranglar, Mittivoy sehrli baraka don topibdi, barakalla, Mittivoy, kel, senga yordam beramiz, deyishibdi. Shod-xurram chumolilar baraka donni ko‘tarib, uychalariga kirib ketishibdi.

O‘sha kuni chumolilar oilasida katta bayram bo‘libdi. Mittivoy haqiqiy mehnatsevar chumoliga aylanib borayotganini chin yurakdan his qilib quvonishibdi.

 

Zamira IBROHIMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.