- Rukn: Ertaklar
Qadim o‘tgan zamonda uzoq o‘rmon chekkasida bir kampir yashar ekan. Uning chog‘roqqina hovlisining bir tomonida anhor, bir tomoni chakalakzor, orqa tomonida esa jarlik bor ekan. Kampir bukchayib qolganiga qaramasdan juda mehnatkash ekan. U: “Meni mehnat asraydi, men mehnatni asrayman”, degan hikmatni qo‘shiqdek takrorlab yurarkan.
Bahor kelib, tabiat yam-yashil libosini kiyib chiroy ochganda, hovlidagi mevali va manzarali daraxtlar, rang-barang gullar atrofga xush bo‘y taratib, qushlar sho‘x-sho‘x sayraganda hammaning bahri dili ochilib ketarkan.
Hovlida terak, chinor, tol, olma, gilos, olcha kabi daraxtlar serob ekan. Kampir ularni mehr bilan parvarishlar ekan. Terakning biror shoxi egilib qolsa, qo‘li bilan silab siypalab: “To‘g‘ri o‘sgin, qiyshaymagin, suv ichging kelsa o‘zim beraman, to‘yib-to‘yib ichaver, lekin egilmagin”, derkan. Terak ham “tushundim”, degandek barglarini mayingina tebratib qo‘yarkan. Oradan ko‘p o‘tmay chinor, terag-u tollar osmon barobar o‘sib ketibdi.
O‘rmonning narigi boshida shu o‘lka podshosining muhtasham qasri bo‘lib, u baland devorlar bilan o‘ralgan ekan. Bir kuni shoh qasr ichida o‘tirishdan zerikib ochiq havoda dam olishni istabdi. U vazirini huzuriga chorlabdi va hovli o‘rtasiga ayvon qurishni buyuribdi. “Yozning jazirama issiq kunlarida shu ayvonda dam olay, atrofida rang-barang gullar chamandek ochilib yotsin, zilol suvlar mavjlanib oqib tursin, daraxtlarning shoxlarida tong sahardan oqshomgacha bulbullar sayrasin. Taxtning to‘rt burchida to‘rt mahobatli ustun quyosh nurlarida tovlanib, kayfiyatimni ko‘tarib tursin”, debdi.
Vazir ustalarni, muhandis-u ishchilarni chorlab maqsadini aytibdi. Kimdir yozlik ayvon loyihasini avval qog‘ozga chizibdi, kimdir ariq qazishni boshlabdi. Bog‘bon esa o‘ylanib qolibdi:
– Xilma-xil gullar urug‘ini qaydan olsin, noyob nihol ko‘chatlari topilarmikin? Bular axir bir kunlik yo bir haftalik ish emas. Eng yaxshisini qidirib topish kerak.
Bog‘bon o‘ylab-o‘ylab o‘rmonning narigi boshida bizga tanish kampirnikiga kelib, shohning talabini tushuntiribdi:
– Shohdan haqingizni ikki barobar ko‘proq undirib beraman, gul ko‘chatining eng sarxillaridan o‘zingiz tanlab bering, – debdi bog‘bon.
Kampir gullariga uzoq termilib, eng kerakli boyligidan ayrilib qolayotgandek ko‘ngli g‘ashlanibdi. Lekin bag‘ri keng, ko‘ngli o‘zi o‘stirgan gullari kabi toza, beg‘uborligidan:
– Shoh amri vojib...mayli, ehtiyotlab, avaylab oling, men o‘rniga urug‘ sepib qo‘yaman, – deb rozi bo‘libdi.
Bog‘bon ertasiga gul ko‘chatlarini tartib bilan ayvon hovlisiga ekibdi. Oradan kunlar o‘tibdi. Bog‘bon kampirga ko‘chatlar haqini eltib berishni ham unutmabdi. Gullar ko‘zni quvontirib chaman-chaman ochilibdi. Yangi ariqdan chopqillab borayotgan suv jimir-jimir to‘lqinlar otib xuddi qo‘shiq kuylab oqayotgandek dillarni yayratibdi.
Taxtning to‘rt burchiga to‘rt ustun topish uchun ustalar o‘rmonga kirib har bir daraxtni birma-bir ko‘zdan kechirishibdi. Biroq ular orasidan ustunga yaroqlisi topilmabdi. Biri egri, biri po‘k, birining ichiga qurt tushgan. Bundaylardan mustahkam ustun yasab bo‘lmaydi, yana kimsan, shoh ayvoniga-ya?! – nadomat chekibdi usta.
Shunda bog‘bon ustaga: “Sen ko‘chatchi kampir hovlisidagi daraxtlarni borib ko‘rgin-chi”, deb maslahat beribdi.
– E-y! – debdi usta, – shunday katta o‘rmondan topilmagan yog‘och kampirning supraday hovlisidan topilarmidi...
– Aytdim qo‘ydim-da, o‘zing bilasan, o‘rtoq, – debdi bog‘bon.
Usta ko‘pirib oqib yotgan anhor bo‘yidagi, jarlik labidagi, ko‘cha chetidagi mirzateraklarni bir-bir ko‘zdan kechiribdi, afsus ular orasida usta mo‘ljalidagi baland bo‘yli, tanasi silliq daraxt topilmabdi.
Noiloj kampir huzuriga yo‘l olibdi. Kampir anhor qirg‘og‘ida qo‘zichog‘ini o‘tlatib yurgan ekan. Usta kampirga salom berib, hol-ahvol so‘ragach maqsadga o‘tibdi.
– Momo, – debdi u muloyimlik bilan, – shohimiz uchun yo‘q demaysiz, uzoqdan ko‘rdim, men izlagan daraxt shu yerda ekan. To‘rt tup teragingizni berasiz. Mehnatingiz uchun rozi qilamiz.
Daraxtlaridan ayrilishni istamagan kampir ko‘zida yosh bilan shamolda barglari silkinib turgan teraklarni bir-bir bag‘riga bosib:
– Xo‘p, mayli. Teraklarim yaxshilikka xizmat qilsa beraman, – debdi.
Saroyda qurilish ishlari nihoyasiga yetibdi. To‘rt burchida to‘rt ustun o‘rnatilgan ayvon sahnidagi taxt betakror husn-u tarovati bilan oftobda yaraqlab ko‘zni olibdi. Atrofida esa rang-barang gullar, sada, jambil, rayhonlar xush bo‘y taratibdi. Gullar uzra uchib-qo‘nib yurgan kapalaklar atlas qanotlarini silkitib quyosh nurida jilvalanibdi. Qushlarning yoqimli xonishidan zavqi toshgan shoh joyida o‘tirolmay pastga tushib gulzor aylanarkan.
Shohning yozgi ayvoni ta’rifi yetti iqlimga yetibdi. Bu gaplarni eshitgan kampir “Qani, bir borib ko‘ray-chi”, – deb yo‘lga tushibdi. Uni to‘rt ustun o‘rnatilgan taxt yoniga yetaklab kelishibdi.
Kampirning ustunga aylangan teraklariga oltin zanjirlar o‘ralgan, yuzlab gavhar ko‘zli taqinchoqlar taqilgan, olmos ko‘zli qubbalarga naqsh berilgan, zar tangachalar bilan bezab qo‘yilgan ekan. Ular goh qizil, goh sariq, goh yashil ranglarda tovlanib ko‘zni qamashtirarmish. Kampir ustunlarni silab-siypalabdi:
– Ko‘rdingizmi, bolalarim, to‘g‘ri o‘sdingiz, halol yashadingiz, aytganimni qilib chapga yo o‘ngga egilmadingiz, men bergan suvga qanoat qilib sabr bilan o‘sdingiz. Shu bois bugun boshingizdan oyog‘ingizgacha oltin-u gavharlarga ko‘milibsiz. Bu to‘g‘rilik, halollik mukofoti. Mukofotlar muborak bo‘lsin! Men xursandman, mehnatlarim mahsulini ko‘rib turibman. U shahdam qadamlar bilan qasrni tark etayotganida ustalar shoh hadyalarini topshiribdi. Kampir: “Meni mehnat asraydi, men mehnatni asrayman”, deganicha yo‘lga ravona bo‘libdi.
Muhabbat TUROPOVA