- Rukn: Ertaklar
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim o‘tgan zamonda Hisob boboning to‘rt nafar o‘g‘li bor ekan. Ular hech bir ish bilan shug‘ullanishmas, vaqtlarini bekorchilik bilan o‘tkazar ekanlar. Bir kuni og‘a-inilar bir masalada uzoq tortishib qolib, otalaridan so‘rashibdi:
– Otajon, aytingchi, nega shu paytgacha birortamizga aniq ism qo‘ymagansiz. Qachongacha bizni to‘ng‘ich, o‘rtancha, kenja, kenjadan katta deb chaqirasiz. O‘zi oramizda qaysi birimizni ko‘proq yaxshi ko‘rasiz?!
– Chunki sizlar hali biror ishingiz bilan meni qoyil qoldirmadingiz. Shunday ekan, bahsga nuqta qo‘yish uchun har biringizga ish taqsimlab beray. Keyin qobiliyatingizga qarab ism qo‘yaman. Sen sonlarni bir-biridan ayirgin, – debdi u baxilroq to‘ng‘ich o‘g‘liga. – Sening vazifang esa – raqamlarni bir-biriga qo‘shish, – so‘z qotibdi u rahmdil ikkinchi o‘g‘liga.
– Bolam, sen sonlarni bo‘lasan, – buyuribdi uchinchi o‘g‘liga. – Sen, raqamlarni ko‘paytir, – tayinlabdi sho‘x kenjatoyiga.
Yigitlar qiziqib ishga kirishibdi va shu tariqa har biri hayotda o‘z o‘rnini topibdi. Negaki, ish jarayonida sonlarni qo‘shishga, ayirishga, goh ko‘paytirish, bo‘lishga to‘g‘ri kelibdi. Har bir amal o‘z vazifasini ustalik bilan bajaribdi, endi ular hech qachon tortishmay qo‘yishibdi. Aka-ukalarning faoliyatidan bobosi Arifmetika juda xursand bo‘libdi.
Buni qarangki, aka-ukalar hali-hanuz o‘z vazifalarini sidqidildan uddalashayotgan ekan. Odamlar ularning vazifalariga qarab Qo‘shish, Ayirish, Ko‘paytirish, Bo‘lish, deb nom qo‘yibdilar.
Guli Ra’no HAMIDULLAYEVA,
Andijon viloyati Buloqboshi tumani
6-maktab 8-sinf