Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Keng dala o‘rtasida kichkina kulba bo‘lib, undan atrofdagi odamlar kutilmagan yog‘ingarchilik paytida yashirinish va issiq havoda salqinlab o‘tirish uchun foydalanishar edi.

Yoz kunlarining birida osmonni quyuq bulut qoplab, sharros yomg‘ir yog‘di. O‘rmondan qaytayotgan uch o‘rtoq darhol shu kulbaga kirib olishdi. Ular yomg‘irdan pana joyda, osmondan sharillab yog‘ayotgan yomg‘ir suvlarini zavq bilan tomosha qilishardi. Shu payt o‘n yoshlar chamasidagi bir bola kulbaga yugurib kirib keldi. U kulbaning bir burchagiga junjikib o‘tirdi. Qo‘shni qishloqdan bo‘lgani uchun bolalar uni taniy olishmadi. Bolakayning ust-boshi jiqqa ho‘l, shalabbo bo‘lib ketgan, sovuqdan dir-dir titrardi.

Quruq kiyimda o‘tirgan bolalarning kattasi unga rahmi kelib, shunday dedi:

– Yomg‘irda qolganing yomon bo‘ldi-da, bolakay. Senga judayam achinyapman...

Ikkinchi bola ham unga rahmi kelib shunday dedi:

– Bunday ob-havoda o‘rmonda yolg‘iz yurish judayam qo‘rqinchli bo‘lsa kerak. Endi nima qilasan-aaa?!

Uchinchi bola esa lom-mim demadi. U indamay ko‘ylagini yechib, sovuqdan qaltirayotgan bolaga uzatdi...

Shuni unutmang! Chiroyli so‘zlaring emas, chiroyli amaling bo‘lgani yaxshi!

“ASSALOMU ALAYKUM” DENG

Atrofda sukunat! Faqat uzoqdan qizilishtonning taqillashi va o‘rmon qa’ridan jilg‘aning shildirashi eshitilardi. O‘rmon so‘qmog‘idan kichkina bolakay otasi bilan ketib borardi. To‘satdan ular qarama-qarshi tomondan  qo‘lida hassasi bilan kelayotgan keksa ayolni ko‘rib qolishdi. Yelkasi egilganicha sekin-sekin yurib kelayotgan keksa ayolga sinchiklab qarar ekan, bolakay otasini savolga tutdi: 

– Ota, bu ayol qayoqqa ketyapti?

– Bu ayolmi?! Menimcha, u kim bilandir ko‘rishish, uchrashish yoki kimnidir kuzatish uchun ketyapti, – deb javob berdi otasi. – Biz unga yaqinlashganimizda birgalikda “Assalomu alaykum” deymiz, tushundingmi?! – dedi ota.

– Nega unga bu so‘zlarni aytishimiz kerak? – hayron bo‘ldi bolakay. – Axir biz uni tanimaymiz-ku!

–  Hozir biz unga “Assalomu alaykum” deymiz. Shunda nima uchun bunday deganimni tushunib olasan, – dedi otasi.

Ota-bola keksa ayolga yaqinlashdi:

– Assalomu alaykum! – dedi bolakay.

– Assalomu alaykum! – dedi otasi.

– Vaalaykum assalom! – dedi keksa ayol va ularga qarab mehr bilan jilmaydi.

Bolakayning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. Atrofga hayratlanib qaray boshladi. Xuddiki bir zumda uning ko‘z o‘ngida tabiat jonlangandek, atrofidagi manzara ham o‘zgarib ketgandek bo‘ldi: quyosh yorqinroq nur socha boshladi. Mayin shabada esib, daraxtlarning shohlari bir maromda tebranar, barglarning ranglari o‘zgacha tovlanardi. Butalar orasidan shu paytgacha ovozi eshitilmagan qushlarning yoqimli sayrashi atrofni tutib ketdi...

Bolakayning ko‘ngli yorishib ketdi.

– Otajon, nega birdan biz ham, tabiat ham o‘zgarib ketdi?! – deb so‘radi. Ota mamnun bo‘lib shunday javob qildi:

– Chunki biz “Assalomu alaykum” dedik. Keksa ayol esa bizga javob qaytarib, tabassum qildi. Endi tushundingmi, doimo “Assalomu alaykum” deyish nafaqat insonlarga, balki tabiatga ham o‘z ta’sirini ko‘rsata oladi.

“RAHMAT” NIMA UCHUN AYTILADI?!

Katta o‘rmon yoqalab ketayotgan bobo va nabira suhbatlashib, uzoq yurishdi. Kun issiq bo‘lgani bois ular judayam chanqashdi. Atrofga qarab, uzoqroqda oqayotgan soyni ko‘rib qolishdi. Soyning atrofi salqin, suv asta jildirab oqardi. Bobo va nabira soyga engashib, kaftlarini to‘ldirib obdon suv ichishdi. Muzdek qo‘lini quyoshda qizigan yuziga bosar ekan, bobo mamnun bo‘lganicha:

–  Rahmat senga, soy, – dedi.

 Bobosining so‘zlarini eshitgan nabira kulib yubordi:

–  Bobojon, nega siz soyga rahmat aytyapsiz?! Axir soyning joni, eshitadigan qulog‘i yo‘q-ku! U sizning so‘zlaringizni eshitmaydi,  minnatdorchiligingizni tushunmaydi-ku!

– Balki shundaydir. Bo‘rilar suv ichsa, “rahmat” demasligi mumkindir. Chunki ularda ong yo‘q! Biz esa bo‘ri emas, odammiz. Odamlar nima uchun “rahmat” deyishini, minnatdor bo‘lishini bilasanmi? O‘ylab ko‘r, bu so‘z kimga va nima uchun kerak?!

Bola o‘ylanib qoldi. Savollarga javob topish uchun vaqt ko‘p, yo‘l esa olis edi...

 

 Vasiliy SUHOMLINSKIY

Rus tilida Nilufar JABBOROVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.