Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maymoqpolvon o‘ylanib,

Bo‘lmoqchi bo‘ldi adib.

Havas deb shoirlikni,

Varaqladi darslikni.

Qog‘oz-qalam yig‘di mo‘l,

She’riyatga cho‘zdi qo‘l.

“Shoirlik mayda ish-da,

Qofiya ko‘p tashvish-da.

Yozsam-chi ulkan roman,

Talay aqcha olaman.

Qishga g‘amlayman asal,

Sira bo‘lmayman kasal”.

Romani ham bo‘lib soz,

Bitar bo‘ldi shu yil yoz.

Keng iste’dod gulshani –

Ilhom parisi qani?

Afsus, mavzu topolmay,

Jumla tuzar poyma-poy.

G‘ovlab boshi tobora,

Kitob titar bechora.

Ishqibozlik juda ko‘p,

Iste’doddan darak yo‘q.

Yoz kelib kuz ham o‘tdi,

“Adib” buni unutdi.

Mijozlar kutar asar,

Asardan yo‘qdir asar.

Ko‘zlarin uyqu oldi,

Charchoqdan uxlab qoldi.

Mayli, asar bitguncha,

Uxlasin qish o‘tguncha.

Havasning o‘zi bo‘lmas,

Mehnatsiz tole kulmas.

 

Anvar MIRZAZODA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.