Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Atrofi daraxtlar, maysazor bo‘lgan kichik bir ko‘lda o‘ta takabbur, mag‘rur, boshqa ba­liqlarni mensimaydigan, birorta ham do‘sti yo‘q yakka-yolg‘iz qop-qora baliq yashardi. Undan, hatto, qurbaqalar ham qochardi.

Shu desangiz, bir kuni qora baliq musaffo, marjon qoyali, suv o‘tlariga boy, rang-barang baliqlari bor, suv tubida quyosh mavjlanib turadigan ochiq dengizda rohat-u farog‘atda yashashni orzu qilib qolibdi. Jilg‘a va daryolardan suzib o‘tib, mashaqqatlar bilan katta dengizga yetib kelibdi.

Uning dengizda, birinchi duch kelgan qo‘rqinchli hayvoni o‘tkir tishli, vahimali akula bo‘libdi. Akula unga hamla bilan kelayotgan edi, birdan boshqa semizroq o‘ljani ko‘rib, u tomon suzib ketibdi.  Qora baliq esa vaqtdan foydalanib undan qochib qutilibdi. Qo‘rquvdan tanasi suv tubiga botib, terlab ketibdi. Bir muddat dam olib  o‘ziga kelgach, atrofni kuzatibdi. Shundan so‘ng u o‘ziga yaqinlashib kelayotgan qizil, ko‘k, sariq, yashil rangli baliqlarni ko‘rib hayratlanibdi va ular bilan  birga bo‘lishga, o‘ynashga, zavqlanishga hozirlik ko‘ribdi, bir muddat o‘zini baxtli va quvnoq his qilibdi.  Lekin ko‘p o‘tmay turli-tuman baliqlar undan qocha boshlabdi. Go‘zal makonimizga bu qop-qora baliq qayerdan keldi, deb bir-biriga hayratomuz savol berishibdi. Qora baliq o‘zining ona ko‘lida bo‘lganidek bu yerda ham yakkalanib, zerikib qolibdi. Baliq dengizga kelganidan pushaymon bo‘­libdi, ma’yus tortibdi. Sayoz  chuchuk suvdan sho‘r suvga o‘tish tufayli u o‘zini yomon his qila boshlabdi va o‘z ko‘liga qaytishga qaror qilibdi. Ancha masofani suzib o‘tib, eson-omon kichik ko‘lga yetib kelibdi. U ona ko‘lning baliqlari-yu qurbaqalari bilan do‘stlashib birga o‘ynashni, zavqlanishni  boshlabdi. Boshidan o‘tkazgan hayotiy tajribasi sabab taqdiriga bitilgan, Alloh tomonidan berilgan shu ko‘lda mamnun va xursand bo‘lib yashashni sharaf deb bilibdi. Bu ko‘l uning hayotidagi eng go‘zal va xotirjam, bexavotir yashashi uchun qadrdon makon bo‘lib qolibdi.

 

Arab tilidan Abdurahmon G‘APPOROV tarjimasi

Tahririyatdan: Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-u tarozu.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.