Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yoz fasli bo‘lsa-da, bir qarasang osmonni kulrang, qora bulutlar qoplab sharros yomg‘ir quyadi, oradan biroz vaqt o‘tib quyosh charaqlab, borliqni tillo rangga bo‘yab  yashnatib yuboradi. Shunday kunlarning birida ikki baland imorat oralig‘ida ko‘m-ko‘k yashnab turgan chinor daraxtlaridan biri  yonidagi o‘ziga o‘xshab ko‘kka bo‘y cho‘zgan qo‘shni daraxtga qarab gap boshlabdi:

–  Ey do‘stim, negadir keyingi paytlarda bizni tushunadigan, biz bilan suhbatlashadigan odamlar kamayib ketmoqda. Kechagina kelib yana pastki shoxlarimizni kesib ketishdi. Nima emish, shunday qilishsa, ko‘chalar yorug‘ bo‘lib yo‘lovchilar va avtomobillar qatnoviga qulay bo‘larmish, atrof yaxshi ko‘rinarmish.

–  Ha, ular bilib-bilmay pastki shoxla­rimizni kallaklab tashlashyapti-ku, lekin bo‘yimiz haddan tashqari o‘sib ketayotgani bilan ishlari yo‘q, – debdi qo‘shni daraxt. – Bu yil qor-yomg‘ir mo‘l bo‘ldi, ildizlarimiz suvga rosa to‘yinib oldi. Endi bu suvlar badanimizga singib, manavi imoratlardan ham baland bo‘lib ketdik, naq 35 metrga yetdik. Ob-havo o‘zgarib shamol kuchaysa, qo‘rqadigan bo‘lib qoldim. Balandligimiz hisobiga silkinishimiz kuchaygan. Qattiq shamoldan tebranayotgan shoxlarimiz, shovullab ovoz berayotgan barglarimiz ob-havoning haddan ziyod injiqliklariga chidolmay sinib tushsa nima qilamiz?

–  Ha, xuddi shunday voqea kechagina sodir bo‘ldi. Ko‘cha boshidagi qo‘shni daraxtning bir shoxi shamolda sinib ketib, yo‘lda ketayotgan oq ko‘ylak, qora shim kiygan talaba bolaning boshiga tushibdi. Bo­shi­ning qulog‘iga yaqin tomoni yorilibdi, bola hu­shidan ketibdi. Atrofdagi odam­lar darrov “Tez yor­dam” chaqirishibdi. Ungacha yo‘lovchi ayol birinchi yordam ko‘rsatibdi. O‘sha ayol “Yaxshiyam qoq miyasiga tushmabdi, Xudo bir asrabdi” debdi.

–  Ana ko‘rdingmi do‘stim, men xuddi shunisidan qo‘rqaman-da, biz bo‘yimiz o‘sib cho‘zilib ketaversak, vaqti kelib kuchli esgan shamolga dosh berolmay qolamiz. Undan ko‘ra yoshroq paytimizda bizni tekislab tartib berishayotganda hadeb pastki shoxlarimizni arralayvermasdan, bo‘yimizga ham qarashsa bo‘lardi, tanamiz yo‘g‘on tortardi – debdi ikkinchi daraxt.

–  Bilasanmi, do‘stim? Biz bu dunyoga jami tirik mavjudotga yaxshilik qilish uchun kelganmiz. Havoni tozalashga, yer osti suvlarini me’yorda ushlab turishga, qushlar, qurt-qumursqalarga boshpana bo‘lish, shamol va bo‘ronlardagi chang-to‘zonlarni ushlab qolish, odamlarni quyoshning ortiqcha is­sig‘idan asrashga yordam berishimiz lozim, – debdi  birinchi daraxt.

–  To‘g‘ri aytasan, debdi suhbatdoshi, – hatto vaqti-soatimiz yetib, kunimiz bitsa, qurigan tanamiz ham imorat qurishda, hunarmandchilikda ishlatiladi. Shox-shab­balarimiz odamlarning uy­larini isitib, o‘choq va tandirlarga o‘tin bo‘ladi. Ishqilib, bilib-bilmay bizni kallaklayotganlarning ay­bi bilan o‘tgan-ketgan odam­larga ziyon yetkazib qo‘y­maylik-da! O‘z nomimizga munosib chinordek umr ko‘rish nasib qilsin.

 

Zahro HASANOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.