- Rukn: Ertaklar
Bir kuni qizcha buvisinikiga mehmonga boribdi. Yoz fasli ekan. Meva-cheva mo‘l, hamma yoq to‘kin. U har oqshom rayhonlar o‘sib, hidlarini taratib turgan bog‘ yaqinida, so‘ri ustida, buvisining yonida, buvisi tikkan yumaloq yostiqqa bosh qo‘yib, yulduzlarga termulib, ertak eshitar ekan. Bir gal buvisi mudrab uxlab qolibdi.
Qizaloq esa yulduzlar to‘la osmonga termulib, xayol surib yotsa, birdan yulduzlar suhbat boshlab qolibdi.
– Men hammangizdan yorqinroqman, shu qadar nurlimanki, mening yog‘dularim butun osmonni yoritadi, – debdi. Shunda bitta yulduz:
– Hay-hay, sal pastga tush, muncha maqtanasan, hammamizdan yorug‘ oy bo‘ladi, – debdi.
– Ho, o‘sha oy-chi, mening yo‘limga to‘g‘anoq, bizlarga yo‘l bermaydi, uni hech kimga keragi yo‘q, agar u bo‘lmaganda, men uning o‘rnini bosa olardim, – debdi.
Bu gapni oy eshitib qolibdi va gapga qo‘shilibdi:
– Eh-he, hali shunday fikrdamiding?! Bo‘lmasa senga imkon beray, men osmonda uch kun ko‘rinmay turaman. Agar odamlar mening yo‘qligimni sezishmasa, umrbod mening o‘rnimda qolasan.
Bu gapdan boshqa yulduzlar hayron qolibdi.
Oradan bir kun o‘tibdi. Osmondagi yulduzlar oyning yo‘qligini sezmabdi. Ikkinchi kun ham o‘tibdi, maqtanchoq yulduz yayrab-yashnab yuribdi. Kamtarin oy esa g‘amgin xayollarga berilibdi: “Nahotki mening hech kimga keragim bo‘lmasa, meni hech kim eslamadi-ya”.
Uchinchi kun kechasi maqtanchoq yulduz oyga qarab “Qalay, endi ishondingizmi? Men bo‘lsam, sizni sira keragingiz yo‘q” – debdi. “Gaping rostga o‘xshaydi. Mayli, o‘rnimni olaqol”, deb turganida, yerdan ketma-ket ovozlar kelibdi: “Oymomo, qayerdasan, sensiz yer zimistonga aylandi, axir. Kechalari barchamizga keraksan!”. Ayniqsa, bitta qizcha oymomoni intizor kutibdi. U “Oymoma xilla, qanotlari tilla”, deb qo‘shiq aytaverib, butun samoni hayron qoldiribdi.Maqtanchoq yulduz esa aytgan gaplaridan pushaymon bo‘libdi. Shundan keyin oy va yulduzlar o‘z o‘rniga qaytib, tunni yoritishni boshlashibdi.
Niginabonu XAJIQURBONOVA,
Xorazm viloyati Urganch shahri 30-maktab 10-sinf