- Rukn: Ertaklar
Gulchehra ABDUQAHHOR qizi
Qachonlardir ko‘m-ko‘k tubsiz dengiz va qalin zumrad o‘rmon oralig‘idagi kichkina qishloqda baliqchilar oilasi yashagan ekan. Xonadon sohibi Kali, mehribon beka Dilda, o‘g‘li Mansur va sohibjamol qizaloq Dariyadan iborat bu uyda barchaning o‘z yumushi bor edi. Kali baliq tutib kelar, Mansur parranda va darrandalarni ovlashda mohir edi. Dilda va Dariya uy ishlari bilan mashg‘ul edilar. Xonadonga kulfat yetmaguncha ular juda baxtli edilar. Hammasi bolalarning onasi Dildaning vafotidan so‘ng boshlandi.
Doimo quvnoq, shodon Kali bir lahzada qaysar va odamovi insonga aylandi. U dengizdangina taskin topardi. Erta tongda chiqib ketib, tunda qaytib kelardi.
Shu ahvolda bir yil o‘tdi. Bir kuni kechki ovqatdan keyin ming istihola bilan Mansur va Dariya otasiga, uylaning, deyishdi.
Har kuni bir gapni takrorlagan bolalar, nihoyat, otani ko‘ndirishdi. U qishloq temirchisining qiziga uylandi.
– Mana, uyimizga baxt qaytib keldi, – deb Mansur bilan Dariya rosa quvonishdi. Afsuski, bunday bo‘lmadi. Go‘zal Beder badjahl va vaysaqi edi.
– Landavur! Dangasa! Tekinxo‘r, – Mansur va Dariya o‘gay onadan faqat shu so‘zlarnigina eshitar edilar.
Beder ularni och qoldirib azob berar, bolalar esa otalari uchun barcha qiyinchiliklarga chidardilar. Mansur hamon ovga chiqar, o‘ljani uyga olib kelardi. Dariya kun bo‘yi kir yuvar, taom tayyorlab, uy tozalardi. Lekin Beder uchun bular kam edi.
Dariya har kecha dengizga borib alamidan o‘kirib-o‘kirib yig‘lardi. Bir oqshom u qirg‘oq bo‘yida o‘tirib, achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kdi. Shu payt oy ko‘zni qamashtirar darajada nur taratib, chor-atrof kunduzgidek yorishib ketdi. Dengiz ufqqacha turfa rang baliqlarga to‘ldi. Baliqchalar unga juda yaqin suzib kelganida Dariya ularning eng katta va chiroylisining ovozini eshitib qoldi:
– Ko‘zyoshlaring bizga tinchlik bermayapti. Dengiz shusiz ham sho‘r. Nima uchun yig‘layverasan?
Shunda qizgina o‘zining g‘amgin qismatini so‘zlab berdi. Baliqchalar uni qo‘ldan kelgancha yupatdilar. Shu voqeadan so‘ng Dariya har kecha yangi do‘stlari bilan gurunglashadigan bo‘ldi.
Bir kuni baliqlardan biri suzgichini yaralab oldi. Dariya suvga tushib, bemor baliqni ohista siladi va u tuzalib ketdi. O‘shandan boshlab qiz dengiz jonzotlarini davolay boshladi. Ular minnatdorchilik ramzi sifatida Dariyaga chig‘anoqlarda dur, marjon va qahrabo tortiq qilardilar...
Dariyaning xushchaqchaq bo‘lib qolgani, har kecha qaygadir g‘oyib bo‘lishini sezgan o‘gay ona uning ortidan sezdirmay sohilga bordi-yu, aqldan ozay dedi. Qizcha baliqchalar qurshovida gir aylanib raqsga tushar, chor-atrofni uning quvnoq kulgisi tutgan edi. U hozirgina qariya sakkizoyoqni davolagandi. Beder baliqlar o‘gay qizga qimmatbaho sovg‘alar tuhfa qilayotganlarini ko‘rib jazavaga tushdi. Uyga qaytib o‘sha zahoti Kalini uyg‘otdi.
– Sening qizing makkor va noshukur, – dedi u baqirib, – har kecha tentak baliqlardan qimmatbaho sovg‘alar olishini bizdan yashiradi. Uyda esa yeyishga urvoq ham yo‘q.
Kali lom-mim demadi, u xotini dengiz jonivorlari qiziga bergan sovg‘alarni tortib olib, bolalarni qadrdon uylaridan haydab solgachgina yig‘lab yubordi.
Tez orada qishloqdoshlari Dariya haqidagi gaplardan xabar topdi. Uning ovozasi qo‘shni xonliklarda hukmronlik qilayotgan zolim Belbek va adolatli xon Jonibekka ham yetib bordi. Xon Belbek yetti o‘g‘lini chaqirib farmon berdi:
– Dengiz menga qarashli, uning boyliklari ham meniki. Orangizdan kim o‘g‘ri qiz Dariyani tutib, bu yerga olib kelsa, o‘sha mening merosxo‘rim bo‘ladi.
Otasi kabi zolim va shafqatsiz olti o‘g‘il o‘sha zahoti otlarni egarlab yo‘lga otlandilar.
Yo‘lda ular o‘tib bo‘lmas botqoqlikka duch kelishdi. Uch aka-uka unga botib qolib dodlab yordam so‘rashdi. Qolgan uchtasi esa bundan quvondilar.
– Xonlikka da’vogarlar kamaydi, – deya shodon qichqirdi to‘rtinchi aka va ularni tashlab shamoldek yelib ketdilar.
Shu orada to‘rtinchi aka qopqonga tushib qoldi. O‘sha pallada beshinchi aka ustiga ulkan daraxt quladi. Ammo eng dahshatli ko‘rgulik oltinchi o‘g‘ilni kutib turardi. Singan daraxt ildizi ostidan ulkan bo‘g‘ma ilon chiqib bo‘g‘a boshladi.
Xonning kenja o‘g‘li saxovatli va haqgo‘y, yuragi adolat va mardonavorlikka to‘la o‘spirin Iskandar esa otasining shafqatsiz farmonini eshitib qizni xavfdan ogoh etish uchun akalari ortidan shoshildi. Botqoqqa botgan akalarini ko‘rib, ularga arqon tashlab birin-ketin balchiqdan tortib oldi. Ular birgalikda to‘rtinchi akani qopqondan bo‘shatib, beshinchi akani ham bosib tushgan daraxt ostidan xalos etib, oltinchi akaga yordamga shoshildilar. Aka-ukalar olti xanjar bilan ulkan ilon tanasini burdalab tashladilar. Ammo ilon iskanjasidan qutulgan yigit zo‘rg‘a nafas olar, joni uzilayotgandi...
Shu payt yalanglikda Dariya va Mansur paydo bo‘ldi. Qiz indamay borib bemor yigit bo‘ynida o‘zining sehrli barmoqlarini aylantirdi. Oltinchi shahzoda hayotga qaytdi, uning muz yuragi erib ketdi.
– Og‘alar, – dedi u. – Iskandar va bu go‘zal qiz hayotimizni saqlab qoldi. Buning uchun biz ulardan minnatdor bo‘lishimiz kerak.
– Kenja ukamiz otamizning merosxo‘ri bo‘lsin, u bunga arziydi, – deyishdi boshqa og‘a-inilar va oltovlon otlarini ortga burdilar.
Iskandar Jonibek va uning yagona qizi Oysha xonim taklifiga ko‘ra Dariya va Mansurni olib saroyga yo‘l oldi. Jonibekxon tabib qiz sharafiga katta bayram tashkil etdi.
Bu paytda o‘gay ona Beder dengiz xazinalarini qo‘lga kiritish uchun dengizga borib, baliqchalar suzib kelishini uzoq kutdi. Ular ko‘rinavermagach, jahl bilan qichqirdi:
– Hoy, ahmoq maxluqlar, tezroq mening boyliklarimni olib chiqinglar.
Bunga javoban faqat qirg‘oqdagi qurbaqalargina beparvo qurillab qo‘yishdi. Keyin ular ham bu xunuk ovozdan zada bo‘lib qochib ketishdi. Quruq qo‘l bilan qaytgan Beder uyga kelsa erining og‘zi qulog‘ida. Kali unga farzandlari xonlar bilan qarindosh tutinganini quvonch bilan aytib berdi. Bu gapni eshitgan Bederning alamdan yuziga katta-katta so‘gallar toshib ketdi. Tasqaraga aylanib, qo‘rqib ketgan o‘gay ona narsalarini yig‘di-yu, orqasiga qaramay qochdi.
Rus tilidan Yusuf FAYZULLO tarjimasi