Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yapon ertagi

Tog‘dagi bir qishloqda nihoyatda kambag‘al chol bilan kampir yashar edi. Er-xotin poxoldan shlyapa to‘qishar, chol ularni shaharga sotgani olib borardi. Savdosi yurishsa, biror yegulik olib qaytardi. Shlyapa sotilmagan kuni qariyalar och-nahor uxlashga majbur bo‘lishardi.

Yangi yil bayrami arafasida chol kampiriga shunday dedi: – Onasi, uyda bir dona guruch yo‘g‘-u, Yangi yil oqshomida guruch unidan pishirilgan non yegim kelyapti.

– Shaharga borib kelsangiz bo‘larmidi? Ajabmas, bitta-yarimta shlyapa sotilsa, puliga guruch olardingiz!

– Gapingda jon bor, – dedi chol xursand bo‘lib. U har kungidan barvaqt uyg‘ondi, yelkasiga shlyapalar solingan xurjunni tashlab yo‘lga tushdi. Biroq, kun bo‘yi shahar kezsa ham, bir dona shlyapa sotilmadi. Kech tushgach, quruq qo‘l bilan uyga qaytar ekan, xayolini g‘amgin o‘ylar qurshab oldi. Bir payt qarasa ko‘prik, yonida Dzidzoning oltita haykali turibdi. Mehribon ma’bud Dzidzo ruhi yo‘lovchi hamda bolalarning xaloskori ekani hammaga ma’lum.

Chol:

– Haykallar bu yerga qayerdan kelib qolibdi, – deb hayron bo‘lib ularga yaqinlashdi. Cholning ko‘ziga qor bosgan haykallar sovuqdan qunishib turgandek tuyuldi. – Sho‘rliklar, sovqotib ketibsiz-ku, men hozir... – chol shunday deb xaltasidagi shlyapalarni olib, haykallarga kiydirib chiqdi. Ammo shlyapalar beshta ekan, haykallar esa oltita. Chol biroz o‘ylab turdi-da, boshidagi shlyapasini yechib oltinchi haykalga kiydirib qo‘ydi.

– Uzr, shlyapam teshik bo‘lsa ham, sovuqda yalangbosh turganingdan yaxshiroq, – dedi haykalning yuzini silab. Chol sovuqda uyiga arang yetib olibdi. Cholini eson-omon ko‘rishdan umidini uzgan kampir unga qaynoq choy tutibdi. Issiqdan tanasi yayragan chol kampiriga ko‘prik oldida Dzidzo haykallarini uchratgani, ularga shlyapani qanday qilib kiydirgani haqida aytib berdi.

– O‘zimning mehribonim! – xo‘rsindi kampir. – Shlyapangiz bo‘lmasa, guruchli nonimiz bo‘lmasa, nima qilibdi?! Butun dunyodagi guruchli nonni yig‘ib kelganda ham bitta yaxshilikning savobicha bo‘lmaydi.

Chol-kampir xo‘rsinganicha uxlagani yotibdi. Shu payt kimningdir xirgoyisi quloqqa chalinibdi:

Qalin qor yoqqan kecha,

Bir notanish qariya

Sovg‘a qildi bizlarga

Olti dona shlyapa.

Yaxshilikka javoban

Bizlar rahmat aytamiz.

Sovg‘amizni topshirib,

Joyimizga qaytamiz.

Qo‘shiq borgan sari kuchayib, nihoyat, ostonada oyoq dupuri eshitilibdi. Birozdan so‘ng atrof jim-jit bo‘lib qolibdi.

Hayron qolgan qariyalar yugurib kelib darvozani ochishsa, shundoq ostonada katta tugun turganmish. Oppoq qorda na odamning, na hayvonning iziga o‘xshamaydigan g‘alati izga ko‘zlari tushib, o‘rmon tomonga qarashibdi. Ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, oltita haykal shahdam qadam bilan ketib borishyapti, har birining boshida chol-kampir to‘qigan poxol shlyapalar bor ekan.

Qariyalar tugunni uyga olib kirib ochishsa, uning ichidan guruch unidan yopilgan isiqqina, kattakon non chiqibdi. Hali shu paytgacha ular Yangi yil bayramini bunchalik shod-xurram kutishmagan ekan.

 

Muhabbat XO‘JAMURODOVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.