- Rukn: Ertaklar
Bor ekan-da, yoʻq ekan, qadim-qadim zamonda qurama togʻ tomonda Mehr deb atalgan soʻlim qishloq boʻlgan ekan. Qishloq aholisini mehrlilar deb atashar ekan. Mehrlilar bir-birlari bilan juda ahil ekanlar-u ammo, shundoqqina yonlaridagi Oqibat qishlogʻida yashaydigan odamlar bilan umuman bordi-keldi qilishmas ekan. Mehr qishlogʻining oqsoqoli bir kuni muhim muammoni hal qilishda uzoq oʻylanibdi. Muammoni yechishda oʻziga bir dono doʻst koʻmagi kerakligini his qilibdi.
U qishloqdoshlarini toʻplab shunday debdi:
– Qadrdonlarim, oʻzaro ahilligimiz yaxshi. Lekin yutuq va rivojlanish uchun chetdan nazar soluvchi, kamchiligimizni koʻrsatuvchi doʻstga ehtiyoj sezyapman. Nazarimda, bu masalada bizga eng yaqin maslahatchi oqibatliklar boʻladi. Ijozat bersangiz Oqibat qishlogʻi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻysak.
Bu fikr qishloq ahliga ham maʼqul boʻlibdi. Oqsoqol Oqibat qishlogʻiga yoʻl olibdi.
– Birodarlar, oʻylab qarasak biz sizsiz, siz esa bizsiz qudratli boʻlolmas ekanmiz. Yoʻq demasangiz, doʻstlashsak. Buni qarangki, oqibatliklar ham koʻpdan buyon shu haqda oʻylashayotgan ekan, jon deb rozi boʻlishibdi. Mehr va Oqibat ittifoqini MO deb atashibdi... Bu hamkorlik tezda oʻz samarasini beribdi. Chegaralar olib tashlangach, MO qishlogʻining kuch-qudrati oshibdi. Bir-birlaridan dehqonchilig-u chorvachilikda, bogʻdorchilig-u maʼrifatda oʻzaro tajriba almashish natijasida qishloqlarning daromadi koʻpayib, aholisi toʻkin-sochin, tinch-xotirjam yashabdi.
Bundan xabar topgan Muruvvat qishlogʻining oqsoqoli yon qoʻshnisi Osoyishta qishlogʻiga borib, hamkorlikning qudrati haqida gapirib, maqsadini aytibdi. Qoʻshni MO qishlogʻidagi yuksalishlarni eshitgan osoyishtaliklar ham Muruvvat qishlogʻi oqsoqoli fikrini qoʻllab-quvvatlashibdi. Muruvvat va Osoyishta qishloqlari ham birlashib, ittifoq tuzishibdi. Uni MO-2 deb atashibdi. Ochiq ovoz bilan oʻzlariga oqsoqol saylashibdi. Muruvvatliklar osoyishtaliklar bilan tinch, xotirjam, oʻzaro hamkor, hamfikr mehnat qila boshlashibdi. Biroq negadir oʻzlari kutgan natijaga erishishmabdi. Shunda MO-2 qishlogʻining oqsoqoli MO-1 qishlogʻi oqsoqoli huzuriga borib debdi:
– Biz muruvvat va osoyishtalik bir-biriga juda zarur ekanligini bildik va birlashdik. Biroq shuni angladikki, baxtli va farovon yashash uchun muruvvat va osiyishtalikning oʻzi kamlik qilar ekan. Rozi boʻlsangiz, sizlar bilan ittifoq tuzsak. Kuchimizga kuch, salohiyatimizga salohiyat qoʻshiladi. Hammamiz ham maqsadimizga yetardik.
– Juda toʻgʻri oʻylabsizlar, – chehrasi yorishibdi MO-1 qishlogʻi oqsoqolining. Bu taklifni biz ham qoʻllab-quvvatlaymiz.
Shu tariqa bir-biriga qondosh va qardosh boʻlgan Mehr+Oqibat+Muruvvat+Osoyishta qishloqlar ittifoqi (MO-1 va MO-2) MOMO deb atalibdi. Har toʻrt yilda bir marta ochiq ovoz berish yoʻli orqali saylangan oqsoqol ittifoqni adolat bilan boshqarar ekan.
Oʻshandan buyon ana shu toʻrt fazilatga ega buyuk inson – onani ham ehtirom bilan Momo deydigan boʻlishibdi. Chunki momo bor joyda tinchlig-u adolat, baxt-u iqbol, xotirjamlik, fayz-baraka boʻlarkan.
Toʻlqin Muhiddin