Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Javondagi shivir-shivirlar

– Hoy, nafasim tiqilib qoldi, sal nariroq turing, iltimos.

– Men ham shu ahvoldaman, nima qilay? Axir, bizni shu yerga – kitob javoniga qamab qo‘yishibdi.

– Hoy, Robinzon Kruzo, sen aqlliroqsan, bir nima o‘ylab top, bu yerlardan ozod bo‘laylik.

– Do‘stlar, bilasizlarmi, men 28 yil-u 2 oy 12 kun noma’lum orolda qolib, umidsizlikka tushma­gandim. Afsus, bugun shu javonda, changlar ostida sarg‘ayib, meni qutqarishga keladigan odamni ku­tib o‘lib ketaman, chog‘i.

– To‘g‘ri aytasiz, qismatdoshim Kruzo, men ham muqarrar o‘lim changalida, kimsasiz orolda 2 ta matrosim bilan yolg‘iz qolib ketgan Kapitan Grantman. Bizni yaxshi odamlar va farzandlarim “Dunkan” kemasida kelib qut­qar­dilar. Ammo bugun bizni qutqa­radigan, ozodlikka chiqaradigan yaxshi odamni kutib, sabrimiz ham tugayapti.

– Hurmatli yerliklar, gaplarin­gizga mutlaqo qo‘shilaman. Ka­mi­na­ning, Kichkina shahzodan­gizning fikri shundan iboratki, qaysi sayyorada ezgulikni topmasangiz, o‘sha yerni tezroq  tark etish kerak.

– Haaaa, mendaymi, “Oq kema”sini kutgan boladaymi? ”Oq kema” men tomonga sira kelmadi, men esa, men esa unga yetolmadim. Hamma ishongan ertaklarim yolg‘onga aylandi!

– Xo‘sh, innaykeyin-chi, nima qilamiz? ”Daryo toshqin, suvlar to‘lqin, o‘tolmayman, yor-yor, otim oriq, manzil uzoq, yetolmayman, yor-yor,” – deb o‘tiraveramizmi? Men Qoravoy –  “Shum bola” bo‘lib, biror marta bir joyda bunchalik ko‘p qolib ketmagandim. Ezma boyni chuv tushirgan, kirmagan eshigi, chiqmagan teshigi qolmagan menday abjir bola negadir chorasiz qolgandayman!

– To‘g‘ri aytasan, Shum bola, men mittivoylarga quvonch ulashadigan, ularni orzular osmonida uchirib, sayr qildiradigan Karlson, o‘zim yordamga muhtoj bo‘lib o‘tiribman. Qanotlarim ham endi menga yordam berolmayapti.

– Ijozat bersangiz, fikrimni ayt­sam, biz aslida hazrati Insoniyatning go‘zal mo‘jiza­si, odamlarga eng yaxshi ustozidirmiz.  Ammo biz­ni qo‘llariga olib o‘qimas ekanlar, ne de­moq­chiligimizni anglamas ekanlar, bizni ularning oldida qiymatimiz yo‘qdir, ularning esa “ustig‘a  kitob ortilg‘an eshak”dan farqi yo‘qdir. Ya’nikim:

 Ustiga kitob ortilgan eshak,

Na olim, na donodur beshak.

– Hoy, shoshmanglar, ana kimdir, bizni ozod qilishga kelyapti. Nahotki, shu qizcha bizni bu qafasdan qutqarsa?

– “Yovvoyi yo‘rg‘a”, sen biroz kishnamay turgin, hozir ozodlikka chiqamiz. Bizni kimdir qo‘liga olib o‘qiydi, biz esa uning qo‘llaridan tutib, dunyoni ko‘rsatamiz, samolarda kezdira­miz.

– Voy, bu qiz nima qilyapti, shunchaki, changlarni artib ketib qoldi-ku!

– Meni ol, meni o‘qi!

– Bizni ozod qil!

– Axir, biz senga eng yaxshi do‘st bo‘lamiz!

– Shoshma, hoy qizaloq!

– Yo‘q, afsus, u yana bizni eshitmadi, qulog‘iga allambalo taqib olgan. Mana shu qo‘lidagi kichkina qutichaga qaraydi-yu, hammamizni unutadi.

– Keling, yaxshisi, uning ongiga ta’sir ko‘rsatamiz.

– Qanday qilib?

– Menga, ya’ni Alpomishga, yorim Oybarchinga kelajak taqdirimiz tushda ayon bo‘lgan edi. Qizaloqning tushi­ga kirib, unga kerak ekanimizni tushun­tiraylik, u bizni qafasdan ozod qilsin.

– Bu ishni Garri Potterdan boshqasi udda­lay olmaydi.

– Menkim, Hogvards sehrgarlar maktabi­ning o‘quvchisi, Joanna  Ketlin Roulingning se­vimli qahramoni Garri Potter bunga  roziman! Bor kuchimni ishga solaman! Ekspekto Pat­ronus!

G‘aroyib tush

    – Voy, men qayerdaman? Qayerga kelib qoldim?

– Salom, bizni hech qo‘liga olmagan, bizni tanimaydigan qizaloq, sen o‘z uyingdagi kitob javoni ichidasan!

– Bo‘lishi mumkin emas! Kitoblar gapiryapti?! Mening bo‘yim sizlardan ancha katta, men javonga sig‘mayman, axir. Meni bu yerga kim qamab qo‘ydi? Qo‘yib yuboringlar meni! Hozir baqiraman, dodlayman.

– Mayli, baqir, dodla, baribir bu yerda seni hech kim eshitmaydi! Chunki mana necha yildirki, bizning dodimizni hech kim eshitgani yo‘q! Jumladan, sen ham...

– Nimaga men qimirolmayapman, mening oyoq-qo‘llarim qani? Oyi, dada, yordam beringlar! Hoy, kim bor? Qo‘rqib ketyapman! Nahotki, endi shunday qolib ketsam, axir mening qancha orzularim bor edi.

– Ha, o‘zing bizning holimiz­ga tushma­guningcha bizni tushunmay­san! Bila­san­mi, qizaloq, bizning orzumiz nima?

– Yo‘-o‘-o‘-q! Qayoqdan bilay?

– Bizning orzularimiz sening ezgu orzularingni ro‘yobga chiqarish! Senga dunyoni ko‘rsatish. Sen esa bizni hech qachon qo‘llaringga olmagansan, so‘zlarimizga quloq tutmagansan!

– Haligi, men tushundim, bildim, sizni albatta, ozod qilaman. Bunday qafasda qolish azob ekan. Albatta, sizlarni qutqaraman. Men­ga ishoning! Qutqaraman, sizlarni o‘qiyman, hammaga o‘qib beraman!

Qizaloq shunday deb baqirgancha uyg‘onib ketdi. Uy­g‘on­di-yu, kitob javonining oldiga yugurdi: “Salom, meni intizorlik bilan kutgan do‘stlarim! Men sizlarni qafasdan ozod qilishga keldim!”

 

Niginabonu Hajiqurbonova,

Xorazm viloyati Urganch shahridagi

30-maktabning 9-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.