Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Saroyda aqli va odobi go‘zal, ko‘rkam shahzoda voyaga yetibdi. Otasi shahzodaning boshini ikkita qilmoqchi bo‘libdi. O‘g‘liga husnda tengi yo‘q qizlarni ko‘rsatibdi. Biroq, shahzoda uylanish uchun otasiga bir shart qo‘yibdi:

– Otajon, men sizning orzuingizni amalga oshiraman, – debdi yerdan ko‘zini uzmay. – Lekin men qizlarni saralash uchun sinovdan o‘tkazmoqchiman.

– Qanday sinov o‘g‘lim? – debdi podshoh qiziqib.

– Musobaqa uyushtirayin, – debdi shijoatlanib shahzoda. – Barcha bo‘yi yetgan qizlar uyi va hovlisini saranjom-sarishta qilsin. Qaysi qizning xonadonidan ko‘p axlat chiqsa, o‘shanga uylanaman.

Podshoh rozilik bildiribdi. Vazirlariga tanlov shartini xaloyiqqa yetkazishni tayinlabdi. Ular esa topshiriqni jarchilarga yuklashibdi, har bir jarchi mamlakat ko‘chalarda jar solibdi.

Odamlar-u, odamlar,

Eshitmadim demanglar.

Shahzodaga qiz kerak,

Ishchan, pokiza, ziyrak.

Faqat bor bitta sharti,

Qatnashar qizlar mardi.

Hammangiz uyingizni

Va qo‘shib hovlingizni,

Supuringlar chin dildan,

Tozalang chiqindidan.

Kimda ko‘p bo‘lsa axlat,

O‘shanga kuladi baxt!

 

Farmon yangrashi bilan bo‘y yetgan qizlar apil-tapil supurgini qo‘lga olibdi. Uy, hovli-yu tomorqa hamma yoqni chinnidek tozalab, kerak bo‘lsa, qo‘shnisining ham hovlisini supurib, axlat yig‘ibdi. Hattoki, chiqindixonalarga borib, to‘rva-to‘rva axlat yig‘ishibdi. Vaqt-soat yetgach, har bir talabgor qiz saroyga aravalarda uyum-uyum axlat keltiribdi. Kimdadir uch qop, kimdadir to‘rt, yana birov besh-olti, hatto, o‘n qopgacha axlat to‘plaganlar bor ekan.

Shahzoda hamma qopni birma-bir tekshiribdi. Qarasa, oxirida bir qiz iymanib atigi bir xokandoz supurindi ko‘tarib turgan ekan. Shahzoda o‘ylanib o‘tirmay “Shu qizga uylanaman”, – debdi.

Hamma qizlar hayron qolibdi. Hattoki, saroyda janjal ko‘tarishmoqchi bo‘lishibdi. Biroq navkarlardan hayiqishibdi. Podshoh ham o‘g‘liga norozilik bildiribdi.

– Nega adolatsizlik qilding? – debdi sal qizishib. – Ko‘p qizlar sening shartingni yaxshi bajarishdi. Bu qaroringning boisi ne?

– Otajon, men o‘zimga eng ozoda va halol qizni tanladim. Men qizlarga “Hovlingiz va uyingizni tozalab, axlat yig‘ing”, deb aytdim. Lekin ular boylik, shon-shuhrat ilinjida bir-birovlarini do‘pposlab, hattoki, talonchilik qilishgacha borishdi. Faqat bir qiz or-nomus va vijdonini ustun qo‘yib, shartni men kutgandek bajardi. Qolaversa, har kuni tozalab turilgan hovlidangina axlat ko‘p chiqmaydi. Men bunday qizni yana qaydan topaman?!

Podshoh o‘g‘lining aql-u zakovatiga qoyil qolibdi. Og‘liga ko‘p rahmatlar aytib, taxtni unga topshiribdi. Saroyda qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha bo‘libdi.

 

Muxlisa ALIMJONOVA,

Toshkent shahar Olmazor tumani

261-maktab 8-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.