Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Bizning dorulomon zamonda Jamshid degan bola bor ekan. U kundalik darslarini tez-tez bajarib, keyin kitob o‘qishni yaxshi ko‘rar ekan. Vaqt o‘tib, Jamshid uyi va maktab kutubxonasidagi jami kitoblarni o‘qib bo‘libdi. Ertasi kuni endi qayerdan kitob topib o‘qisam ekan, deb xayol surib ketayotganida ko‘zi “Noyob kitoblar” deb yozilgan do‘konga tushibdi. Do‘konda odam ancha siyrak ekan. Peshtaxta oldida oppoq soqoli kalta qilib olingan sotuvchi amaki Jamshidni jilmayib kutib olibdi. Bola darrov salom beribdi.

– Vaalaykum assalom. Kiraver bolam, kiraver, – debdi sotuvchi. Jamshid beixtiyor o‘ng tomonga yuribdi. Qator tokchalarda yangi emasligi yaqqol ko‘rinib turgan kitoblar taxlangan ekan. Oldiniga Jamshid “Bu kitoblarni o‘qib, tushunarmikanman. Mayli, bir aylanib ko‘ray-chi, biron kitob topilib qolar”, deb o‘ylabdi. Bir soatcha aylanib, hech bir kitobni tanlay olmaganidan xafa bo‘lib, eshik tomon yurganida, sotuvchi amaki:

– Ha o‘g‘lim, kitoblarim yoqmadimi? – deb so‘rabdi.

– Yoqayapti-ku, menga qaysi kitob mos kelishini bilolmadim, – debdi u.

– Isming nima, o‘g‘lim? – jilmayibdi sotuvchi.

– Jamshid.

– Jamshid, senmisan? Kelishingni anchadan buyon kutayotgandim.

– Meni nega kutayotgan edingiz, amaki?

– Sen to‘g‘ringda mahalladan ko‘p yaxshi gaplarni eshitganman. Kitob o‘qishni yaxshi ko‘rishingni ham bilaman. Kitob tanlay olmadim, deb xafa bo‘lma. Senga bir kitobni saqlab qo‘yibman. – Sotuvchi amaki peshtaxta tortmasidan usti naqshli, zalvorli bir kitobni olibdi va chang bo‘lmasa ham duxoba parchasi bilan yaxshilab artibdi.

– Bu kitobni 999 ta kitob o‘qigan bolaga sovg‘a qilish kerak. Shu sabab seni poylayotgandim.

– Iye amaki, siz buni qayoqdan bilasiz? – ajablanibdi Jamshid. Sotuvchi amaki miyig‘ida kulib qo‘ya qolibdi.

– Kitobni avaylab o‘qigin, bolam. Uni ehtiyot qil. Toki uni o‘qib tugatmaguningcha hech kimning, ayniqsa, darslarni durust o‘zlashtirmaydigan bolaning qo‘liga tushmasligi kerak. Shartim shunday. Qachon o‘qib bo‘lsang, menga olib kelasan. Uni yangi egasiga o‘zim topshiraman. Kelishdikmi?

– Nega bunday shart bilan beryapsiz, amaki?

– O‘g‘lim, uyga borib, choy-poyingni ichgin. Albatta darslaringni qilgin. Ana undan keyin kitobni o‘qishni boshlasang, uning jilvasini ko‘rasan, – debdi sotuvchi amaki.

Jamshidning ko‘zlari yonib, “Rahmat” aytib,  uyiga ketibdi. U tartibli bola ekan. Uy vazifalari va boshqa yumushlarini bir zumda bajargach, kitobni hayajon bilan qo‘lga olibdi. Hamma bolalar kabi ichida qanday suratlar bor ekan, deb varaqlab ko‘ribdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, kitob ichida suratlar tugul yozuv ham yo‘q ekan. Varaqlar bo‘m-bo‘sh! Jamshid xafa bo‘lib ketibdi: “Sotuvchi amaki ustimdan kulibdi-da. Lekin amaki 999 ta kitob o‘qiganimni qayerdan bildi ekan?” U nima qilarini bilmay, yana kitob do‘koniga borsa, do‘kon joyida yo‘q ekan. Nima qilarini bilmay, uyga xomush qaytibdi. Juda qattiq xafa bo‘lib uxlab qolibdi. Tush ko‘ribdi. Tushida sotuvchi amaki: “Jamshid, bolam, kechir, qarilik-da, senga bir gapni aytmabman. Do‘konga ertaga kel, aytaman,” – deb g‘oyib bo‘libdi. Ertasi maktabdan chiqib yana do‘kon tomon boribdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsin-ki, do‘kon joyida! Kirib sotuvchi amaki bilan so‘rashibdi.

– Bolam, keldingmi? Senga o‘sha kuni bir gapni tayinlashni unutibman. Kitob- aytganimdek, 999 ta kitobni o‘qimagan va sehrli so‘zni aytmagan bolaga o‘z  ajoyibotini ko‘rsatmaydi. Uni qo‘lga olganda sehrli so‘zlarni aytish kerak.

– U qanday so‘zlar ekan, tezroq ayting.

– Shoshma, o‘g‘lim. Bu so‘zlarni ikki bor aytishga haqqim yo‘q. Shuning uchun uni bir marta aytganimda yodlab olishing kerak. Undan tashqari, bu kitob darslarni durust o‘zlashtirmaydigan, yolg‘onchi bolaning qo‘liga tushishi kerak emas. Kitobni o‘qib bo‘lguningga qadar bu haqda biron do‘stingga aytma, uqdingmi?

– Tushundim, amaki, uni bir eshitishda yodlab olaman. – Jamshidning hofizasi o‘tkir ekan. Chunki u juda ko‘p kitob o‘qigan ekan-da.

–   Bo‘pti, bolam, eshit:

“O‘qidim 999 kitob,

Maqtanib qilmayman xitob.

Bo‘laman chin inson,

Unutmam va’damni bir on.

– Yodlab oldingmi? Endi boraqol!

– Rahmat, xayr amaki, – Jamshid uyiga chopqillabdi. Yo‘l-yo‘lakay sehrli so‘zlarni ichida takrorlab ketibdi. Darslarini, uy ishlarini tez-tez qilibdi va yana kitobni avaylab qo‘liga olibdi. Chuqur nafas olib, sehrli so‘zlarni aytibdi.

Shu zahoti kitobdan ajoyib nur taralibdi. Bosh sahifani ochsa, gulzorning surati chiqibdi. Yengil, yoqimli shabada esib, xonani gul isi tutib ketibdi. Jamshid qattiq hayajonlanibdi. Birinchi betni ochibdi. Shu zahoti yozuvlar ham paydo bo‘libdi. Jumlalarni o‘qiy boshlabdi. Qaysi jumlani o‘qib bo‘lsa, o‘rnida yozuvga tegishli tasvirlar jonlanar ekan. Jamshid cho‘lda qolgan odam suvni qanday yutoqib ichsa, kitobni shunday mazza qilib o‘qiy boshlabdi.

Shunday qilib kech bo‘libdi. Yotib uxlabdi. Tong otibdi. O‘qishga boradigan vaqt bo‘libdi. Jamshid maktabga har kuni yon qo‘shnisi bo‘lgan sinfdoshi – Erkin bilan borar ekan. Yo‘lda Erkinga kechagi voqeani aytib beribdi. Chunki qo‘lida qanday zo‘r kitobi borligini aytib, maqtangisi kelibdi-da. Sinfdoshi kitobga juda qiziqib qolibdi. Jamshid sotuvchi amakining, bu kitob darslarni durust o‘zlashtirmaydigan, yolg‘onchi bolaning qo‘liga tushishi kerak emas, degan gaplarini kech eslab, tilini tishlab qolibdi. Erkinga sotuvchi amakining ta’qiqlarini qanday aytishni bilmabdi. Erkin bo‘lsa, kitobni ko‘rsatasan, deb, Jamshidga shiradek yopishib olibdi.

– Xafa bo‘lma-yu,  kitobni senga ko‘rsata olmayman, – debdi Jamshid.

Erkin arazlab, tumsayibdi. Maktabga yetib borguncha Jamshid bilan gaplashmabdi. Bu kech ham Jamshid sehrli kitobni mazza qilib o‘qibdi. Yana hayratga tushibdi. Kitobni quchoqlab, uyquga ketibdi.

Endi gapni Erkindan eshiting. Erkinning uyqusi kelmabdi. Jamshidlarning uyidagi chiroqlarni o‘chishini poylab yotibdi. Nihoyat, hamma chiroqlar o‘chibdi. Erkin o‘rnidan turib, devordan oshib, Jamshidlarnikiga tushibdi. Jamshidning qo‘lidan kitobni sekin sug‘urib olibdi. Jamshid hech narsani sezmay, uxlayveribdi. Erkin esa uyiga qaytibdi. Xonasiga kirib, qo‘lchirog‘ini yoqib, kitobni ochibdi. Kitob negadir qorayib ketibdi. Erkin hayron bo‘lib, uni varaqlay boshlabdi. Unda hech qanday yozuv ko‘rmabdi.

– Shu ham kitob bo‘ldi-yu, Jamshid meni rosa aldabdi-da. Ertalab ta’zirini berib qo‘yaman, – degan o‘y bilan o‘zini tinchlantiribdi.

Tongda Jamshid ki­tobni xonasidan topa olmagani uchun xafa bo‘lib, maktabga yo‘l olibdi. Erkin unga yetib olib:

– O‘-o‘, Jamshid aldoqchi, quruq maqtanchoq! Nega meni aldading?! – deb baqira ketibdi.

– E-e, kitobimni sen o‘g‘irladingmi? Nimalar qilib qo‘yding, Erkin?.. – Erkin indamay turaveribdi.

Jamshid uni tushunib: – Bo‘lar ish bo‘libdi, o‘rtoq. Hali darslaringni qilib, kitobni olib, biznikiga chiq. Hammasini aytib beraman, – debdi. Kechqurun ikki sinfdosh Jamshidlarnikida uchrashibdi. Jamshid bo‘lgan voqeani bir boshidan aytib beribdi.

– Ana endi men kitobni o‘qiyman, sen bir chekkadan nimalar bo‘lishini ko‘rib tur. Faqat kitobga qo‘lingni tekkiza ko‘rma. Bo‘lmasa, kitob varaqlari bo‘m-bo‘sh bo‘lib turaveradi. – Jamshid sehrli so‘zlarni aytib, kitobni ochibdi. Kitob o‘z jilvasini ko‘rsatibdi. Erkinning nafasi ichiga tushib, ko‘zlari olayib ketibdi. Demak, Jamshid aldamabdi-da. U nima qilsam-u, kitob menga ham o‘z jilvasini ko‘rsatsa, deb o‘ylabdi.

– Jamshid, nima qilsam bu sehrli kitobni men ham  o‘qiy olaman?

–   Hali ham tushunmadingmi, avvalo, hamma darslarni a’loga o‘zlashtir. Ana undan keyin 999 ta badiiy kitobni o‘qib chiqishing kerak. Men bu kitobni o‘qib bo‘lib, sotuvchi amakiga olib borib topshiraman. U amaki, menimcha, sehrgar. Agar aytganlarimni qilsang, sehrgar amakining o‘zi seni topib oladi.

Shu kundan boshlab, Erkin darslarda faol javob berib, bir necha oyda a’lochi o‘quvchilar safiga kiribdi. Darsliklardan tashqari badiiy kitoblarni o‘qishga kirishib ketibdi. Oradan ikki-uch yil o‘tibdi. Uning o‘qigan kitoblari ham mingga yaqinlashibdi. Erkin butunlay boshqa bolaga aylanib qolibdi.

Jamshid o‘qish navbati  do‘stiga yetganini sezibdi. Sehrli kitob haqidagi gap asta-sekin butun maktabga tarqabdi. Barcha o‘quvchilar bu sirli kitobni o‘qishga loyiq bo‘lish uchun harakat qilibdilar. Oqibatda, maktabda bitta ham qoloq o‘quvchi qolmabdi. Yaxshi xabar mahallaga, tumanga, butun o‘lkaga tarqabdi. Qarabsizki, bu o‘lkaning bolalar va o‘smirlari kitob o‘qishni o‘zlariga asosiy maqsad qilib qo‘yibdilar. Bu o‘quvchilar kelajakda sohalar bo‘yicha eng yaxshi mutaxassis-u, olim bo‘lib yetishibdi. Mamlakat yana ham obod bo‘libdi.

                         

Aziza Zuparova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.