- Rukn: Ertaklar
Akaning kiprigi uzilib, ko‘zining kosasiga qo‘nibdi.
– Qarang, kiprigingiz! – deb akasining qovog‘idan olib kaftiga qo‘yibdi singlisi. – Niyat qilib, samoga puflab uchiring!
Akasi biroz o‘ylanibdi-da, nimani so‘rashni anglab shunday debdi:
Ey kiprikjon, kiprikjon,
Sen uchgin Moskov tomon.
G‘arb sari yo‘llagin bosh,
O‘rmon-u qirlardan osh.
Tabiat hamroh bo‘lsin,
Dadam uyiga qaytsin.
Kiprik so‘zlarni eshitibdi-da, osmon-u falak uzra uchib, quyoshga intilibdi.
– Quyosh, quyosh! Tarqat bulut, to‘xtasin yomg‘ir, boray Moskov, kelsin ota, kutar bola, tezroq yetqazay mujda, – debdi.
Quyosh bor harorati ila zarrin nurlarini butun olamga sochibdi. Bulutlar tumtaraqay qochib, yomg‘ir yog‘ishdan to‘xtabdi. Shamol shiddat bilan kiprikni uchirib, bir zumda Moskovga eltib qo‘yibdi. Kiprik shaharni kezib-kezib, oxiri otani topibdi. Qarasa, ota bir o‘risning xonadonida quvur o‘tkazib, chilangarlik qilayotgan ekan. Qo‘llari qadoq, ust-boshi kir ahvolda emish. Yonida sariq bolalar chug‘ur-chug‘ur o‘ynarmish. Kiprik havoda biroz muallaq turib, otaga xabarni qanday yetkazishni o‘ylab olgach zarb bilan uchib borib uning ko‘ziga nishdek qadalibdi. Ota azbaroyi og‘riqdan “Dod” deb baqiribdi. Oshxonada ovqat qilayotgan malla xotin va bolalari yugurib uning oldiga kelibdi. Ko‘zini ochishga arang tirishayotgan otaning oldida go‘yo xotini va ikkita bolasi g‘ira-shira namoyon bo‘libdi. Kiprik otaning ko‘zidagi yoshga bo‘kkandan so‘ng sal yuzaga qalqibdi. Otaning ko‘zi sekin-asta ravshanlashib, qarshisida rus xotin va bolalar o‘tirganini ko‘rib:
– Ko‘zimga nimadir kirdi? – debdi.
Mehribon rus qizaloq otaning ko‘zini ochibdi-da, og‘riq bilan qiynayotgan kiprikni olib kaftiga surtibdi. So‘ng uning ko‘zini “Puf” deb davolabdi. Bunday mehr, g‘amxo‘rlik, jonsaraklikni anchadan beri ko‘rmagan otaning xayoliga ayoli va bola-chaqasi kelibdi. U ertasigayoq oilasi bag‘riga qaytishni niyat qilibdi. Ota ishini bitirib, jo‘mrakda qo‘lini yuvibdi. Suvga qo‘shilib, quvur sari oqib borayotgan kiprik maqsadiga yetganidan shodlanibdi.
Azim AXTAMOV