- Rukn: Ertaklar
Bor ekan-u, yo‘q ekan, och ekan-u, to‘q ekan. Qadim zamonda ulkan daraxt ostida chumolilarning qasri bo‘lgan ekan.
Chumolilar o‘z malikalariga bo‘ysunib, daraxtning ildizini kemirib yashar ekan. Oxir- oqibat ildizlari lat yegan daraxt quriy boshlabdi. Bundan daraxt tepasida yashovchi asalarilar malikasi norozi bo‘libdi va chumolilar malikasiga elchi yuboribdi. Elchi asalariga yo‘lda o‘rgimchak, chigirtka va kapalak hamroh bo‘libdi.
– Assalomu aleykum, ey ulug‘ malika. Biz sen bilan ko‘p yillardan beri tinch yashab kelmoqdamiz. Ammo, sening fuqarolaring uyimiz bo‘lgan daraxtni yeb quritmoqda. Sendan bu ishga barham berishga farmon chiqarishingni so‘rab keldik, – deyishibdi ular.
Malikaga bu taklif yoqmabdi. Elchi asalari va sheriklarini zindonga tashlabdi. Daraxtdagi hasharotlarga esa urush e’lon qilibdi.
Hasharotlar qo‘rquv ostida asalarilar malikasi huzuriga yig‘ilishibdi va chumolilarga qarshi hiyla tuzishibdi. Hasharotlardan boshqa bir elchi malika huzuriga jo‘natilibdi.
– Ey ulug‘ malika, senga xushxabar olib keldim.
Olisda odamlar yashaydigan so‘lim qishloqda bir lazzatli yegulik bor. Senga shuni olib keldim.
Malika yegulikni tatib ko‘rib, so‘rabdi.
– Bunday shirin narsani hali yemaganman. Bu nima?
– Murabbo, uni odamlar pishiradi, – debdi elchi.
Malika elchidan murabboni qayerdan olib kelganini so‘rab bilibdi. Keyin barcha chumolilarni yig‘ib, yo‘lga chiqibdi.
Yarim tunda manzilga yetib kelishibdi. Yerni kavlab, uyga kirishga yo‘l ochishibdi. Pol teshiklaridan uy xonasiga kirib borishibdi. Stol ustida turgan murabboning hidini sezib, u tomon yo‘l olishibdi.
Ertalab uyg‘ongan xonadon bekasi oshxonaga chiqib, qo‘rqib ketibdi. Stol ustidagi murabbo idish atrofi son-sanoqsiz chumolilarga to‘lib ketganmish. Beka chumolilarga qarshi dori olib kelib, murabbo atrofiga sepibdi. Shu zahoti dori ostida qolgan chumolilar ko‘rishdan, eshitishdan mosuvo bo‘libdi. Ular talvasaga tushib, u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshlabdi.
Shundan so‘ng chumolilar aldanganlarini tushunib yetishibdi. Omon qolganlari daraxt ostidagi uyga qaytib borishmabdi. G‘allazordan joy topib, yer osti qasrini qurishib, o‘sha yerda yashay boshlashibdi.
Asalarilar aziz vatani bo‘lgan daraxtni ochko‘z chumolilardan shunday saqlab qolgan ekan. Daraxt yanayam chuqurroq ildiz otib, gullab, meva beribdi. Hasharotlar unda inoq, uzoq va baxtli hayot kechirishibdi.
Sarvarbek Egamberdiyev,
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi