- Rukn: Ertaklar
O‘rmonga yaqin bir qishloqda juda quvnoq va tantiq Oppoqvoy degan quyoncha yashar ekan. U har tong dadasi bog‘chaga olib borayotganda, bugun borgim kelmayapti. Iltimos, bir kungina uyda qolay, – deb yalinar ekan. Ammo, buning iloji yo‘q ekan. Chunki oyisi va dadasi “O‘rmon mevalari” firmasida ishlashar ekan. Oppoqvoy bugun ham nonushtadan so‘ng, “bog‘chaga borgim kelmayapti”, – deb tixirlik qilibdi. Oppoqvoyning baxtiga bu suhbatni mehmonga kelgan buvisi eshitib:
– Erkatoyimni zo‘rlamang, bormasa bormas, men bilan qoladi. Nevaraginam bilan maza qilib televizor ko‘ramiz, – debdi. Quyonboy aka onasining gapini ikki qilolmay, rozi bo‘libdi. Ota-onasi ishga ketgach, Oppoqvoy buvisining yonida o‘tirib televizor ko‘ribdi. Buvisining telefonini titkilabdi. Ammo unda hech qanaqa o‘yin yo‘q ekan. Oppoqvoy nima qilishini bilmabdi. Endi ertak aytib bering, demoqchi bo‘lib qarasa, buvisi tizzasiga gazetasini qo‘yib, kresloga cho‘kkanicha mayingina xurrak otayotganmish. Oppoqvoy televizorni o‘chiribdi. Telefonni buvisining yoniga qo‘yibdi. Sekin-sekin yurib, hovliga chiqsa, quyosh charaqlab turibdi. Havo iliqqina... Quyoncha mazza qilib kerishibdi. Sho‘xligi tutib darvozagacha umbaloq oshib boribdi. Ataylab qilingandek, darvozaning zanjiri solinmagan, qiya ochiq ekan. Quvonib bir umbaloq oshgan ekan, o‘zini ko‘chada ko‘ribdi. Dimog‘iga malinaningmi, sabziningmi yoqimli hidi urilibdi. Oppoqvoy hidning izidan yugurib o‘rmonga yetib qolganini sezmabdi ham. Yovvoyi olma daraxti shoxida turgan qarg‘aning unga ko‘zi tushib, yoqimsiz qag‘illabdi. Oppoqvoy tepaga qarasa, daraxt shoxida bitta chiroyli olma osilib turganmish. Qarg‘a aynan o‘sha shoxni silkitib uchib ketibdi. Olma “to‘p” etib yerga tushibdi. Oppoq olmani olish uchun o‘sha tomonga yugurayotib yig‘lab yuboribdi.
– Voy-voy oyijon, oyog‘imga tikan kirdi, – debdi u oyog‘ini silkitib.
– Men tikan emas, tipratikanman. Qayoqqa shoshyapsan? Ko‘zingga qarasang, belimdan bosib olmasding, mening belim og‘rimasdi, sening oyog‘ing lat yemasdi, – debdi maysalar ichida yotgan tipratikan boshini ko‘tarib.
– Nima, senga yotishga boshqa joy qurib qoptimi, yo‘lda nega yotibsan? – debdi Oppoqvoy oyog‘ini silagancha.
– Boshqa joyda, ya’ni bog‘chada edim. U yerda zerikib, bog‘cha opamga bildirmay qochib chiqqandim, – debdi tipratikan munchoq ko‘zlarini mo‘ltiratib.
– Tushunarli, men ham bog‘chani yoqtirmayman. Unday bo‘lsa kel, ikkalamiz o‘rtoq bo‘lamiz. Mening ismim Oppoq, seniki-chi, o‘rtoq? – so‘rabdi, Oppoq tipratikanga qo‘lini cho‘zib.
– Yumshoq, – debdi tipratikan, Oppoqning qo‘lini siqib. – Bugun havo issiqqina, o‘rmonda miriqib o‘ynasak bo‘ladi.
– Mana bu olmaning yarmini senga beraman, – og‘riqni unutib jilmayibdi Oppoq. Ikkala o‘rtoq olmani ikkiga bo‘lib, yeb olishibdi. Maysa ustida dumalab-dumalab, quvalashib o‘ynashibdi. Keyin malina hidi anqigan tarafga yurishibdi. Shu payt ro‘paralaridan Tulki xola chiqib qolibdi.
– Voy Oppoqlarim, voy yumshoqlarim, sayr qilib yuribsizlarmi? Juda yaxshi ish bo‘pti. Agar yo‘q demasangiz, sizni o‘g‘lim bilan tanishtirib qo‘yaman. U ham bir o‘zi zerikib o‘tiribdi, – quyonchaga qarab labini yalabdi Tulki xola. U ikki o‘rtoqni aldab-suldab ini tomon olib ketayotganda yo‘ldan bo‘ri chiqib qolibdi.
– Yo‘l bo‘lsin, Tulkixon, o‘lja katta-ku, - debdi u ko‘zlari yonib.
– Assalomu alaykum, Ko‘ktoy og‘a, qarang biz ham sizni tushligingizga yetib boraylik, deb oshiqayotgandik, – debdi tulki quyonchani imlab ko‘rsatib. Shunda Yumshoq Tulkining niyatini sezib qolib:
– Oppoqvoy, qochdik. Ular bizni yeb qo‘yishadi, – deb baqiribdi. Ikki o‘rtoq ikki tarafga qochibdi. Bo‘ri endi Oppoqning ketidan yugurmoqchi bo‘lgan ekan “vov”, degan hayqiriqdan oyoqlari qaltirab, yurolmay qolibdi. Oppoq ham tanish ovozni eshitib, taqqa to‘xtabdi. Ayyor tulki esa o‘zini daraxtlar panasiga olibdi...
Oppoqvoyni ko‘chaga chiqqanini ko‘rgan Olapar uning izidan kelgan ekan. Yaxshiyam vaqtida yetib kelibdi. Bo‘lmasa... Olapar bo‘rini ancha joygacha quvib borib, iziga qaytibdi. Yumshoq bilan Oppoq asta uning yoniga kelishibdi.
– Oppoq, mana bog‘chaga bormasdan ko‘chada daydishning oqibati. Sal bo‘lmasa bo‘rining changaliga tusharding, – debdi Olapar. – Yur, o‘zim seni bog‘changga tashlab kelaman.
– Buvim qidirib qolsalar-chi? – debdi Oppoq qaltirab.
– Buvimizga o‘zim aytib qo‘yaman, ko‘p gapirmay oldimga tush.
– Meni ham bog‘chamga olib borib qo‘yinglar, – yalinibdi Yumshoq. Tipratikanning bog‘chasi shundoq o‘rmonning yonida ekan. Bog‘cha opasi uni qidirib yurgan ekan. Olapar Yumshoqni uning qo‘liga topshiribdi. Yumshoq Oppoq bilan dam olish kuni uchrashishga va’dalashib, xayrlashibdi.
Oppoqvoyning o‘rtoqlari futbol o‘ynamoqchi bo‘lib turishgan ekan. Chaqqon hujumchini ko‘rib, suyunib ketishibdi. Bog‘cha opalaridan uni kechirishini so‘rashibdi. Olapar xotirjam uyga qaytib, buviga bor gapni aytib beribdi. Qo‘rqib ketgan buvi bog‘chaga yuguribdi. Nabirasining maydonda chopqillab yurganini ko‘rib, xotirjam tortibdi.
– Buvijon, endi men sirayam bog‘chamni qoldirmayman. Bu yerda o‘rtoqlarim ko‘p, ular meni yaxshi ko‘rishadi, – debdi Oppoq buvisini quchoqlab.
Muhabbat HAMIDOVA