Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ayiqpolvon yog‘liqqina palovni juda yaxshi ko‘rganidan bir qozon oshni bir o‘zi yeb qo‘yar ekan. Shuning uchun qishga sholi g‘amlab qo‘ysam, uni oqlatib guruch qilib, har kuni osh damlab yeyaveraman deb o‘ylabdi. Daryo bo‘yidan bir parcha yerga pol qilib, unga suv burib kelibdi. Keyin sholi ekibdi. Sal o‘tib sholilar ninaning bo‘yidek bo‘lib unib chiqibdi. Quyoshning nurlarida bo‘y cho‘zib, yam-yashil bo‘lib o‘sibdi.

Ayiqpolvon sholi ekilgan dalani boshqa hayvonlardan qo‘rish uchun ertadan kechgacha sholipoyada yotadigan bo‘libdi. Hech bir hayvon unga yaqinlasha olmabdi. Faqat qushlar sholilarga qo‘nib, uni bezovta qila boshlashibdi. Ayiqning xayolida ular xuddi hosilni yeb ketadigandek tuyulaveribdi.

– Sholimga tegmanglar, agar yana kelsalaring, ovchidan miltiq olib kelib, hammangni otib tashlayman, – debdi dag‘dag‘a qilib.

Chumchuqlar:

– Ayiq tog‘a, biz hali yetilmagan sholi donini yeyolmaymiz. Unga tushgan hasharotlarni, qurtlarni tutib yemoqchimiz, – debdi.

– Hammang yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma! – mushtini ko‘rsatib do‘q qilibdi Ayiq.

Qushlar bo‘sh kelmay: – Bizni bekor haydayapsiz; bir kun kelib afsus qilasiz. Sholini hasharot bosib ketsa, hosil ololmaysiz, – deb uchib ketishibdi.

– Menga aql o‘rgatmanglar, o‘zim bilaman, – debdi Ayiq qo‘l siltab.

Oradan vaqt o‘tibdi. Lekin sholi maysalari barq urib o‘sish o‘rniga nimjonlashib, sarg‘ayib ketibdi. Don solishga ham ulgurmabdi. Hasharotlar haddan ortiq ko‘payib ketganidan butun hosilni yeb bitiribdi. Qushlar aytganidek, Ayiqvoy bir kaft ham sholi ololmabdi. Keyin “Endi qishni qanday o‘tkazaman”, – deb qattiq tashvishga tushibdi. “Qushlarning aytganicha bor ekan. Shunda indamaganimda, sholini hasharotlardan tozalab, ularning ham qorni to‘ygan bo‘lardi, mening ham”, – deb, qizg‘anchiqlik qilganidan pushaymon bo‘libdi. Qushlarning ham bu tabiatda o‘z o‘rni borligini tushunib yetibdi.

Alamiga chidolmay, qish kelganda qattiq uyquga ketibdi. Shu-shu ayiq har yili qish faslida uyquga ketib, bahorda uyg‘onadigan va qaytib sholi ekmaydigan, osh yemaydigan bo‘libdi.

 

Saodat MUSAYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.