Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Boysunning Ketmonchopti tog‘i haqidagi rivoyatlarning biri – mard, jasur qirqta qiz haqida. Unda aytilishicha, qadim zamonda yov bostirib keladi. Qurol ko‘tarishga qodir barcha erkaklar himoyaga otlanadi. Shaharda faqat qariyalar, yosh bolalar, qizlar qoladi. Shunda qizlardan jasuri atrofiga qirqta qizni to‘plab, shahar boshlig‘i huzuriga borib, shunday deydi:

– Dushman askarlari ko‘p, shu sababli bizlar ham yigitlar bilan bir qatorda jang qilishga tayyormiz. Vatanni himoya qilishga ruxsat bering!

– Hali yigitlarimiz bor ekan, men qizlarning jangga kirishiga ruxsat berolmayman! Urush – erkaklar ishi. Shu gaplaringizning o‘zi bizga kuch-jasorat beradi. Qizlarim, uylaringizga tarqalinglar! – deydi shahar boshlig‘i.

Tengsiz jangda dushman qo‘li baland kelib, shahar himoyachilari halok bo‘ladi. Qirqta suluv qiz dushman qo‘liga asir tushishni or bilib, toqqa chiqib ketadi. Ular o‘zlari bilan oziq-ovqat, qurol, uzun arqonlar va o‘g‘il bolalar kiyimini olishadi. Baland Ketmonchopti tog‘ining ustida keng tekislik bor. Ammo atrofi baland, silliq, tik qoyalar bilan o‘ralgani sababli biror tomondan ham chiqadigan yo‘l yo‘q. Yagona yo‘l – qoyaga chirmashib o‘sgan va tepadagi tekis maydonchaga novdalari chiqib borgan yovvoyi uzum. Bir nechta chaqqon qiz tokning chaqir toshlarga chirmashgan novdalaridan ushlab, tog‘ tepasiga chiqib oladi. Ular arqonning uchini pastga tashlab, boshqa qizlarni, jihozlarni tortib oladilar. Qizlarni kuzatib borgan yagona o‘spirin bola qoyadan tok novdasiga osilib, tushaturib novdani teng yarmidan kesib pastga tashlaydi. Shu tariqa toqqa chiqishning yagona yo‘li ham qirqiladi.

Qizlar tog‘ ustida yashay boshlashadi. Balandda ko‘l bor – suv yetarli, iste’molga yaroqli o‘t-giyoh, yovvoyi meva-cheva ularga ovqat. O‘spirin bola vaqti-vaqti bilan xurjunda ularga turli yeguliklar va bosqinchilar haqida ma’lumot yetkazib turadi. Jasur qizlar vaqtni bekor o‘tkazmaydi – o‘zlarini chiniqtirishga, jang qilish qoidalarini o‘rganishga sarflashadi.

Nihoyat qasos olishga kirishadilar. Qizlarning teng yarmi qorong‘i tushishi bilan erkakcha kiyinib, arqondan osilib pastga tushar, yarim tunda dushman qarorgohiga bostirib borib, sarosimada qolgan g‘animlarga talofat yetkazardi. Yuqoridagi qizlar tongga yaqin dushman dodini berib qaytgan dugonalarini arqon bilan tortib yuqoriga chiqarardi. Chekka qishloqlarda qo‘nim topgan dushman askarlari to‘satdan bo‘layotgan hujumlardan vahimaga tushib, qochib keta boshlaydi. Dushman lashkarboshisi qasoskorlarni tutishga katta kuch tashlaydi. Ular qizlarga ma’lumot yetkazib turgan o‘spirin bolani qo‘lga tushirib, qatl etadi. Dushmanning dodini berayotganlar oddiy qizlar ekanligidan hayron bo‘lishadi. “Nahotki bir to‘da qizlarga shuncha askarning kuchi yetmasa?!” deb o‘ylaydi g‘anim lashkarboshisi va buyruq beradi:

– Tog‘ni o‘rab olinglar, hamma so‘qmoqlarga pistirma qo‘yinglar, tog‘ sharoitida urush qilishga mo‘ljallangan maxsus lashkar hujumga tashlansin! Barcha qizlarni tiriklayin ushlab kelinglar!

Dushman uzun narvonlar yordamida qoyaga mix qoqib, tog‘ ustiga chiqish uchun hujum boshlaydi. Qizlar tepadan tosh tashlab, urib, uzun xodalar ko‘magida bosqinchilarni tog‘dan uloqtirib tashlashadi. Dushmanlar ko‘p talofat ko‘radi, birortasi ham cho‘qqiga chiqolmaydi.

Jang bilan ularni yengishga ko‘zi yetmagan bosqinchilar, boshqa usulni qo‘lladi. Sulh uchun oq bayroq ko‘tarildi. G‘anim askarlaridan biri qoya o‘rtasidagi ayvonga o‘xshash joyga chiqdi. Erkakcha kiyingan qirq qiz sardori ikki safdoshi bilan tosh ayvonga arqondan osilib tushdi.

– Elchiga o‘lim yo‘q! – dedi qirq qiz yetakchisi rang-quti o‘chgan bosqinchiga qarab. – Qo‘rqma, biz seni tog‘dan uloqtirmaymiz. Muddaoing nima, ayt!

Elchi arang gapirdi:

– Lashkarboshi sizlarni afv etdilar. Qurollarni tashlab, pastga tushinglar. Sizlarday jasur, suluv qizlar tog‘da emas, saroyda yashashga munosib. Sizlar saroyimizning erka malikasi bo‘lasizlar.

Qirq qiz sardori uning gapini bo‘ldi:

– Lashkarboshingga borib ayt, behuda aljiramasin! Mana bu tog‘ni ko‘ryapsanmi – qanchalik baland, metin. Qancha chiranma uni siljita olmaysanlar. Bizning xalqimiz ham shu tog‘ misol, ularni aslo qo‘rqitib, yengib bo‘lmaydi. To bosqinchilar yurtimizni tark etmaguncha, biz kurashni davom ettiramiz. Senlarga qul bo‘lguncha, baland tog‘da tosh bo‘lamiz!

G‘azablangan bosqinchilar Ketmonchoptini o‘rab olishdi, tun-u kun qoyalardan ko‘z uzishmadi. Qizlarda yegulik qolmadi. Qattiq sovuqlar boshlandi. Qirq qiz oldida ikkita yo‘l turardi – yo arqondan osilib tushib, yovga taslim bo‘lish, yo mangulikka yuz tutish! Matonatli qizlar hurlik yo‘lini tanlashdi. Qahraton qahriga tik qarab, ayozda qotib, tosh haykallarga aylanishdi...

Ketmonchopti cho‘qqilariga chiqish nasib qilgan tog‘liklarning aytishicha, Qirq qiz tosh haykallarini ko‘rishgan. Ular go‘yo toshdan sovut kiygan odamlardek saf tortib turishibdi. Yillar ketidan yillar o‘tdi. Vatan ozodligi uchun kurashgan hur qizlar – Qirq qiz haqidagi hikoya bizgacha yetib keldi.

 

Ochil Toshqulov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.