Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir so‘lim qishloqda juda odobli, barchaga birdek mehribon Zarina degan qizcha bor ekan. U oyisining dastyori ekan. Bir kuni Zarina idish-tovoqlarni yuvib bo‘lgach, o‘rtoqlari bilan o‘ynash uchun oyisidan ruxsat olibdi.

Zarina hozirgina oyisi tandirdan uzgan issiq nondan ushatib olib ko‘chaga chiqibdi. Non kavshagancha o‘rtoqlari o‘ynayotgan maydonchaga ketayotib oyog‘i ostida yotgan burda nonga ko‘zi tushibdi. Zarina, o‘zimni nonim bor-ku, deb o‘ylab o‘tib ketibdi. Keyin oyisi non yopish uchun qancha mehnat qilganini eslab ortiga qaytibdi. Yerda yotgan nonni olib, changini qoqibdi, oyisi o‘rgatganday ko‘ziga surtibdi-da, ariq chetidagi daraxt shoxlari orasiga qistiribdi. So‘ng xotirjam yo‘lga tushibdi. Nondan uzoqlashishi bilan horg‘in qadam tashlab borayotgan xotinga duch kelibdi.

– Assalomu alaykum, xolajon, tobingiz qochdimi? Rangingiz oqarib ketibdi, – debdi u ayolga yaqinlashib.

– Vaalaykum assalom, qizim. Men uzoqdan kelyapman, uch kundan buyon tuz totganim yo‘q. Qornim ochligidan yiqilib ketay deyapman, – debdi ayol uning qo‘lidagi nonga tamshanib qaragancha...

– Siz mana bu nonni yeb turing, men hozir borib yana non olib kelaman, – Zarina qo‘lidagi burda nonni ayolga tutqazib, o‘zi boyagi daraxt yoniga qaytibdi. Qarasa, u yerda non yo‘q. Qiz nima qilishni bilmay yig‘lab yuboribdi. Chunki uning boyagi xotinga judayam rahmi kelgan ekan-da. Shu payt ro‘parasida bir kampir paydo bo‘libdi.

– Assalomu alaykum, buvijon, – debdi Zarina hiqillaganicha.

– Vaalaykum assalom, aqlli qizim, nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan?

– Mana bu daraxtga non qo‘yib ketgandim. Hozir qarasam, non joyida yo‘q.

– Qorning ochdimi, non yeging kelyaptimi? – so‘rabdi kampir uning sochlarini silab.

– Meni emas, mehmon xolaning qorni och. Nonni ularga bermoqchi edim. Endi nima qilaman. Axir ular non yemasalar kasal bo‘lib qoladilar, – baralla yig‘lab yuboribdi Zarina.

– Bo‘pti, bo‘pti yig‘lama, yur, mehmonni shu yerga boshlab kelamiz. Pastda, soy bo‘yida mening uyim bor, – debdi kampir...

Kampir ayolga issiq choy quyib beribdi, dasturxonga issiq non, ovqat qo‘yibdi. Hatto xohlasa, shu uyda qolib yashashi mumkinligini aytibdi. Ayol xursand bo‘lib Zarina va kampirga rahmat aytibdi. Zarina ayolni kampirning uyida qoldirib ortiga qaytibdi.

Aslida Zarina asrab-avaylab daraxt tepasiga olib qo‘ygan “non” hozir unga yaxshilik qilgan sehrgar kampir ekan. U Zarinani nonni qadrlaganidan xursand bo‘lgani uchun musofir xotinga yaxshilik qilibdi. Chiroyli uy-joyni shu musofir xotinga qoldirib, o‘zi ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Bu ishlardan bexabar Zarina esa notanish xolaga yordam berganidan xursand bo‘lib xotirjam uyquga ketibdi.

 

Mohinur HAMIDULLAYEVA,

Toshkent shahar Olmazor tumani 146-maktab 6-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.