- Rukn: Ertaklar
Endi rasm chizishni boshlagan shogird ustoziga:
– Ustoz, men qora rangni yomon ko‘raman, bu rang qayg‘u, alam, xullas yomonlik ramzi. Mana ko‘rasiz, men o‘z asarlarimda bu rangdan sira foydalanmayman. Qolaversa, hayotda qora rangning umuman keragi yo‘q, deb hisoblayman.
Shogirdidan bu so‘zlarni eshitgan keksa rassom unga hech narsa demabdi. Faqat shogirdi qo‘liga tutqazgan tabiiy ranglar orasidan qora rangni olib qolibdi. Shogird go‘yo bir ishni qoyil qilgandek xonasiga kiribdi-yu, anchadan buyon o‘ylab yurgan manzarani chizmoqchi bo‘libdi. Shunda kutilmaganda ranglar tilga kirib:
– Qoravoyni ham oling. Uning bajaradigan ishlari ko‘p, – deyishibdi.
– Menga aql o‘rgatmanglar, nima qilishimni o‘zim yaxshi bilaman, – deb qalamni olib ishga tushibdi. Tasvirlarni chizarmish-u nimadir yetishmayotganini his qilib, o‘chirib tashlarmish. Ishlayverib charchabdi, qo‘llari toliqib, qorni ochqabdi. “Namuncha kun uzayib ketdi, balki qorong‘i tushgandir”, deb derazadan qarasa, haliyam hammayoq yop-yorug‘ ekan.
– E, yorug‘ bo‘lsa bo‘lar, charchadim-ey, ertaga kelib davom ettirarman, – deb ustaxonasini qulflab uyiga qaytibdi. Ostonada uni sochlari oppoq qari ayol kutib olibdi. Yosh rassom sinchiklab qarasa bu kampir o‘z onasi ekan. Ichkariga kirsa, singlisining qalam qoshlari, uzun kipriklari, dadasining soch-soqoli ham oppoq emish. Shogirdning hushi boshidan uchib, nima gapligini so‘rabdi.
– Avvaliga nima bo‘lganini biz ham tushunmadik. Kech bo‘lsa ham kun qoraymadi. Hammayoq yorug‘ turaverdi. Keyin o‘z-o‘zidan uy jihozlarining qora ranglari o‘chib, turfa mo‘jizalar sodir bo‘ldi. Birozdan keyin esa bizning soch, qosh, ko‘zlarimizdan ham qora ranglar ketib “keksayib” qoldik. Odamlar sarosimada. Ular qishlog‘imizdagi keksa donishmand huzuriga borib buning sababini so‘rashibdi. U, orangizda kimdir Qoravoyni xafa qilibdi. Uni tezda qaytarmasangiz hayot o‘z tarovatini yo‘qotadi, – debdi.
Bu achchiq so‘zlarni eshitgan yosh rassom, gap nimadaligini anglab, darhol ustozi huzuriga qaytibdi.
– Ustoz, men yoshlik, shoshqaloqlik qilibman. Kechiring. Qoravoyni topib kelishimga ko‘mak bering. Aks holda, ahvol chatoq. Hayotda qora rang bo‘lmasligi birgina menga, mening oilamga emas, butun insoniyat, tabiatga katta zarar keltirar ekan.
– Yaxshiyam xatoingni vaqtida anglab yetibsan. Agar yana ozgina kech qolganingda uni tuzatishning imkoni bo‘lmas edi. Yuguraqol, Qoravoy hali uzoqqa ketib ulgurmadi. Undan kechirim so‘rab qaytarib kel, – debdi ustoz.
Shogird Qoravoyni topib uni qadrlamagani, o‘rni, vazifasini tushunib yetmagani uchun uzr so‘rabdi. Qoravoy biroz o‘ylanib turgach, bolaning yoshligini hisobga olib kechiribdi. Chiroyi ochilib o‘z vazifasiga kirishibdi. Yana atrofni qorong‘ilik qoplab, osmonda yulduzlar charaqlabdi. Oymomo qorong‘i osmonga yorqin nur taratibdi. Yorug‘likdan bedor yurib charchagan, tinkasi qurigan odamlar qorong‘u uylariga kirib osoyishta uyquga ketishibdi.
Yosh rassom uyiga kelsa ota-onasi, singlisi avvalgi holatiga qaytgan, kayfiyatlari ham a’lo bo‘lib qolgan ekan. Shunda bo‘lajak rassom hayotda har bir rangning o‘z o‘rni borligini tushunib yetibdi. Qutidagi rangli qalamlarni asta silab qo‘yibdi.
Mahbuba NUSRATOVA,
Toshkent shahar Shayxontohur tumani 324-maktab 6-sinf