Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Valida UMAROVA bolalarni juda yaxshi ko‘radi. Shu bois u ko‘p yillardan buyon hayotda ko‘rgan, kuzatganlarini ertak va hikoyalarida aks ettirib keladi. Uning ijod namunalari muntazam ravishda “Maktabgacha ta’lim”, “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallarida chop etilmoqda. Ushbu sahifada muqovasi aks etgan “Bog‘bonning pushaymoni” deb nomlangan yangi kitobi “O‘zbekiston” NMIUda ko‘p nusxada bosmadan chiqdi. Kitobga jamlangan ertak va hikoyalarda insoniylik, do‘stlik, tabiat va uni asrash haqidagi g‘oyalar qiziqarli, jonli obrazlar yordamida ifodalab berilgan. Ular sizni tabiat va atrof-muhit haqidagi tasavvuringizni kengaytirib, dunyoqarashingizni yanada boyitadi. Quyida ushbu kitobga kirgan ertaklardan birini taqdim etmoqdamiz.

 

Tipratikan haqida ertak

Bor ekan-u yo‘q ekan, och ekan-u to‘q ekan. Juda qadim zamonda bitta qalin o‘rmonda g‘alati bir maxluq paydo bo‘lib qolibdi. Uni kimdir sichqonga, yana kimdir kalamushga o‘xshatibdi. Lekin egnida na tuki, na tuzukroq terisi bo‘lmagan bu jonivorning aslida qanday maxluqligini bilisholmabdi.

Bu jumboqni yechish uchun o‘rmon jonivorlari bir joyga to‘planishibdi. Qo‘rqib ketgan maxluq jim turaveribdi.

– E, shuni ham o‘ylab o‘tiramizmi, yaxshisi uni menga beringlar, “liq” etib yutaman qo‘yaman, – debdi Tulki lablarini yalab.

– Og‘alar, – debdi mitti Olmaxon, – u juda ham zaif va nimjon. Sovuqdanmi yoki bizlardan qo‘rqibmi, qaltirayapti. Avval unga tuzukroq libos kiydiraylik.

– Yaxshi gap. Quyonvoy, sen uni Kakku xonimnikiga olib bor. Mehmonimizga chiroyli libos tikib bersin, mendan salom ayt, – debdi Yo‘lbars.

– O‘rtoq, mendan ham kichkina ekansan-a, oting nima seni? – deb so‘rabdi yo‘lda borishar ekan Quyon.

– Bilmayman, balki endi ma’lum bo‘lar, – xo‘rsinibdi maxluqcha.

– Men juda qarib qoldim. Ko‘zim igna-ipga o‘tmayapti. Shu bois chevarlikni yig‘ishtirdim, – debdi Kakku xonim xijolatomuz ularning iltimosini eshitgach. – Aksiga olib uyimda bir qarich ham gazlama qolmagan.

Chevar huzuriga umid bilan kelgan noma’lum maxluqcha yig‘lab yuboribdi.

– Darvoqe, barcha ignalarimni qadab qo‘ygan bir parcha matom bor, xohlasang, shuni ustingga yopib qo‘yishim mumkin, – debdi Kakku xonim mitti maxluqchaga rahmi kelib.

– Rozimiz, rozimiz, – debdi Quyonvoy shosha-pisha.

Kakku xonim ignali matoni olib chiqib, maxluqning ustiga yopibdi. Maxluqcha Kakkuga rahmat aytib, Quyonvoy bilan xayrlashib yolg‘iz yo‘lga tushibdi. Yo‘lda kutib turgan ayyor Tulki maxluqchaga tashlanib, shartta belidan tishlabdi. Keyin voy-voylab yig‘lagancha orqaga tislanibdi. Maxluqcha ko‘zini ochib qarasa, sal narida og‘zi-burnidan qon oqizgancha Tulki qochib ketayotganmish. Kakku xonim bergan matodagi ignalar temir tikanga aylanib unga sanchilgan ekan-da.

Shundan keyin maxluqcha bu libosni sira-sira egnidan yechmabdi. Tikan po‘stinli, bu maxluqni odamlar, jonivorlar Tipratikan deb atashibdi. Afsuski, o‘shanda mato uning boshiga yetmay qolgan ekan. Shu bois hozir ham Tipratikan biror xavfni sezsa boshini tikanlari ichiga berkitib, koptok bo‘lib olar ekan.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.