Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qadim zamonda bir mamlakat bo‘lgan ekan. U yurt juda obod, xalqi baxtiyor va shod ekan. Mamlakat podshosi juda zukko bo‘lib, saltanatini adolat bilan boshqarar, xalqiga, vazir-u ulamolariga nisbatan juda yaxshi muomalada bo‘larkan. Uning husnda tengi yo‘q Oyjamol degan qizi bo‘lib, afsuski, juda qo‘rs, buning ustiga bemehr ekan. U na boshqalar ulashgan mehrni qabul qilarkan, na boshqalarga ulasha olarkan. Bundan podshoh goh g‘azablansa, goh yolg‘iz farzandining bu tuyg‘udan uzoq ekanligini ko‘rib kuyunarkan.

Bir kuni podshoh huzuriga vazirlarini chaqiribdi:

– Ey, mening sodiq, dono vazirlarim, menga sizlarning maslahatingiz zarur.

– Olampanoh, ayting, bu qanday ish ekan? – deyishibdi vazirlar.

– Xudo menga yolg‘iz qiz farzand ato etdi. Vaqti kelib, o‘rnimni bosuvchi o‘g‘lim yo‘q. Shu sabab mendan keyin podsholik qizim Oyjamol ixtiyoriga o‘tadi. Lekin men uning o‘zini tutishidan xavotirdaman, – xomush tortibdi podshoh va qizining bemehr, o‘ta qattiqqo‘l, shafqatsizligi haqida so‘zlabdi. Shunda vazirlardan biri o‘rnidan turib shunday debdi:

– Olampanoh, bunday maslahat berayotganim uchun meni afv etgaysiz. Qizingiz, ya’ni malikamiz juda erka bo‘lib o‘smoqdalar. Shu sababdan boshqalarga nisbatan yaxshi muomalada bo‘lolmaydilar. Menimcha, qizingizni uzoq bir o‘lkaga jo‘natish kerak. U yerda tanho yashashlari lozim. Siz malikaga, mehr chashmasidan suv keltir deb, amr qiling. Malikamiz xat-savodli, zukko qiz. Mehr chashmasi nima ekanini, albatta, anglab yeturlar va bizni shod aylagaylar.

Vazirning bu maslahati podshohga yoqibdi. U qiziga vazir aytgan topshiriqni berib, kanizagi bilan safarga yuboribdi.

Malika Oyjamol va uning kanizagi yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bepoyon sahroga kelib qolibdi. Oradan kunlar o‘tibdi, malika otasini, uyini, yaqinlarini sog‘inibdi. Lekin xayolida, hali otam aytgan mehr chashmasini topmadim. Axir men otamga suv olib bormasam, saroyga kiritmaydi, degan o‘y o‘tibdi. Va yana yo‘lda davom etibdi. Yolg‘izlik, yo‘l azobidan charchabdi. Malika bir kuni o‘yga cho‘mibdi: “Nahotki shunday ahvolga tushib qoldim. Yurtingdan, yaqinlaringdan uzoqda bo‘lish naqadar og‘ir ekan. Ularning menga bo‘lgan g‘amxo‘rliklari, mehrlarini sog‘indim. Men qadrdonlarimning mehriga muhtojman. Endi bildim, aslida mehr chashmasi yo‘q narsa. Bu – kishilarning bir-birining yaxshi gap, shirin so‘zlaridan bahramand bo‘lishi, ya’ni bir-biriga mehri. Endi tushundim, mehr ilohiy tuyg‘u. Bu inson qalbida qaynovchi ezgulik, oqibat, muhabbat bulog‘i. Muhimi, odamlar qalbidagi mehrni bir-biriga ulasha olish – mehribonlikdir”, – deb o‘ylabdi va ortiga qaytibdi.

Malikani tantanali kutib olishibdi. Malika otasi huzuriga borib xatosini anglaganini, mehr chashmasi yo‘q ekanini, u har bir insonning qalbida bo‘lishini aytibdi. Buni eshitgan podshoh quvonibdi. Qizining ko‘zlarida cheksiz mehr va sog‘inchni ko‘ribdi.

 

Dildora SUYUNOVA,

Toshkent davlat o‘zbek tili va

adabiyoti universiteti 2-bosqich talabasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.