Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda chol bilan kampir yashagan ekan. Ularning yolg‘iz o‘g‘li bo‘lib, unga yaxshi tarbiya, halol luqma berib voyaga yetkazishgan ekan. Kunlarning birida chol yaylovda qo‘ylarini boqib yurgan mahal oldiga besh suvoriy kelibdi. Qorinlari ochligini aytib bitta qo‘y so‘rashibdi. Buni eshitgan cho‘ponning o‘g‘li suvoriylarga:

– Bu qo‘ylarning o‘z egalari bor, sizlarga berolmaymiz. Xohlasangiz, mehmonimiz bo‘ling, uyimiz shu yaqin orada, – debdi. Shu payt suvoriylardan biri:

– Sen bizga ko‘p aql o‘rgatma, – deya otidan tushib bir semiz qo‘yni ushlabdi. Cholning o‘g‘li uning qo‘lidan qo‘yni tortib olibdi. Jahli chiqqan suvoriy yigitga tashlanibdi. Ammo yigit juda kuchli ekan, suvoriyni dast ko‘tarib, otib yuboribdi. Bundan g‘azablangan boshqa suvoriylar cho‘pon yigitga tashlanishibdi. Yigit bo‘sh kelmabdi. “O‘zimizniki bo‘lmagan narsani sizlarga bermayman”, debdi qat’iy ohangda. Yengilgan suvoriylar tezda bu hodisa haqida mamlakat shohiga arz qilishibdi. “Vatanni asraguvchi jangchilaringizni bir fuqaroingiz haydab soldi. Biz undan qornimiz ochgani uchun ovqat so‘ragan edik”, deyishibdi. Buni eshitgan shoh voqeaga oydinlik kiritish uchun yigitni saroyga olib kelishni buyuribdi.

Cho‘pon yigitning oyog‘ini yerga tekkizmay saroyga olib kelishibdi. Yigit shohga ta’zim qilib salom beribdi. Shoh:

– Nega suvoriylarni ranjitding, ularning ko‘ngliga qarab ozgina yegulik bersang bo‘lmasmidi? Ular uzoq safardan qaytishayotgan edi, – debdi. Yigit shohga bo‘lgan voqeani so‘zlab beribdi.

– Shohim, men ularni ranjitmadim. Qorinlarini to‘ydirish uchun uyimga taklif qildim. Biroq ular ko‘nishmadi. Suvoriylaringiz so‘ragan narsa esa menga omonat edi. O‘zimniki bo‘lmagan narsani qanday qilib ularga beraman. Agar shunday qilsam, qishloq ahlining bizga bergan omonatiga xiyonat qilgan bo‘laman-ku, ularning ishonchini yo‘qotaman-ku, – debdi.

Yigitning gaplarini eshitgan shoh juda xursand bo‘libdi.

– Vatanning sodiq farzandlari shunday ish tutadi. Sen halol yigit ekansan. Bugundan e’tiboran, barcha mulozim va suvoriylarim xalqning va davlatning mulkiga so‘roqsiz tegishmasin, – debdi. Va shunday farmon chiqaribdi. Shikoyat qilgan suvoriylarini qilmishi uchun jazolabdi. Yigitni esa suvoriylarga sarkarda etib tayinlabdi.

 

Sodiqjon NOSIROV,

Yashnobod temiryo‘l kolleji o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.