Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bor ekan, yo‘q ekan. Qadim-qadim zamonda o‘rmon chetidagi bir daraxtda olmaxon to‘rtta bolasi bilan yashagan ekan. Kunlarning birida uzoqdan itning hurgani eshitilibdi. Ovoz borgan sari yaqindan kela boshlabdi. Demak, o‘rmonda ovchi paydo bo‘libdi. Olmaxon bolalari qo‘rqib ketishibdi, ona olmaxon esa ularga dalda berib, debdi:

– Avval ko‘raylik, bu qanaqa ovchi ekan. Balki qo‘rqishimizga hojat yo‘qdir. Qarang-chi, ovchining ko‘rinishi qanaqa?

Olmaxonchalar uyalaridan boshlarini chiqarib pastga qarashibdi-da, kulib yuborishibdi va deyishibdi:

– Nihoyatda chiroyli kiyingan, olifta. Boshida – patli shlyapa, oyog‘ida xrom etik. Miltig‘ining hammayog‘iga zeb berilgan, oltindek yaltirayapti. Iti ham yaxshi boqilganga o‘xshaydi, yaltirab turibdi.

– Unday bo‘lsa, qo‘rqmasdan o‘ynayveringlar, – debdi ona olmaxon. U ovchi emas, shunchaki oliftagarchilikka miltiq ko‘tarib yuribdi.

– Chindan ham ovchi daraxtni ushlab ko‘ribdi-da, qup-quruq daraxt, bu yerda hech qanaqa olmaxon bo‘lmaydi, – debdi o‘ziga o‘zi. U yana biroz daraxt yonida turib, keyin iti bilan o‘rmon ichiga qarab ketibdi.

Ertasiga yana bir ovchi kelibdi. Boltasini daraxt tanasiga duk-duk qilib sekin-sekin uribdi, iti bo‘lsa bir necha marta kalta-kalta vovullabdi.

– Obbo, endi qaysi mergan bizni yo‘qlab kelibdi, – debdi olmaxon bolalariga.

– Hozir, hozir oyijon, bir zumda bilib kelamiz. – Olmaxonchalarning to‘ng‘ichi uya eshikchasini sekin ochib, tashqariga qarabdi. Biroz “mehmon”ga tikilib turgach, oyisiga debdi, – oyijon, bu ovchi ham shohona kiyimda, miltig‘i ham sifatli, iti semiz, baqaloqqina.

– Demak, bezovta bo‘lishga zarurat yo‘q, bemalol yong‘og‘ingizni chaqavering, – debdi ona olmaxon, – bunday ovchilar noshud bo‘lishadi, bizlarni topa olmaydi.

Ovchi daraxt yonida biroz o‘ylanib turibdi. Keyin boltasini xaltasiga solibdi, miltig‘ini yelkasiga qo‘yib, itini sudrab nariga ketibdi.

Uchinchi kun ertalab yana qandaydir bir it daraxt ostida vovullay boshlabdi.

Uyalari eshigini ochgan olmaxonchalar onalariga shunday deyishibdi:

– Onajon, bu ovchi juda-juda nochor ekan. Egnidagi plashi kiyilaverib eskirib ketgan, miltig‘i ham oddiy, ammo iti juda chayir, tezkor, daraxtimizga sakrab chiqquday bo‘lyapti.

Olmaxon sarosimaga tushib bolalarini shoshiribdi:

– Voy, voy, bu falokat, katta kulfat! U haqiqiy ovchi. Bu yerdan tezlik bilan qochish kerak!

Olmaxonchalar ovchini dog‘da qoldirib har qaysisi har tomonga qochib qolibdi.

 

To‘lqin Muhiddin

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.