Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

(o‘zbek xalq ertagi)

Qadim zamonlarda bir yetim qiz bo‘lgan ekan. U juda kambag‘al ekan. Hatto yeyishga noni ham bo‘lmaganidan shifobaxsh giyohlar, yovvoyi mevalar bilan qornini to‘yg‘azar ekan. Bechora qiz o‘tirib kashta tikish uchun ip, igna va ozgina qiyqim topsam edi, deb orzu qilar ekan.

Bir kuni qizning tushida kimdir “Kul tepani izlasang, biror narsa topilib qolar”, debdi. Qiz ertalab turib kultepaga boribdi. U dam olmasdan, terlab-pishib kechgacha kul tepani titibdi. Oxiri kuldan bitta zang bosgan o‘ymoqcha (angishvona) topib olibdi. Qiz o‘ymoqchani qo‘liga olibdi-yu, quvonganidan:

Kuldan topilgan o‘ymoqcha,

O‘ymoqchaga o‘n tuxum, – deb yuboribdi.

Buni qarangki, o‘sha zahoti o‘nta tuxum paydo bo‘libdi. Qizning qorni juda och ekan. Tuxumlarni pishirib yeyish uchun kulbasiga ketayotsa, qir tomondan o‘nta odam ot choptirib kelib, qizning qo‘lidagi tuxumlarni tortib olibdi. Qiz xafa bo‘lib, yana o‘ymoqchaga qarab:

Kuldan topilgan o‘ymoqcha,

O‘ymoqchaga bir serka, – degan ekan, darhol bir serka hozir bo‘libdi. Qiz xursand bo‘lib, serkani boqib yurgan ekan, kutilmaganda allaqanday podachi kelib:

– Bu bizning serka-ku, qayoqdan bu yerga kelib qoldi, – deb qizning serkasini o‘z otariga qo‘shib olib ketibdi. Qiz ko‘zlarini yumib yana o‘ymoqchaga yalinibdi:

Kuldan topilgan o‘ymoqcha,

O‘ymoqchaga bir to‘qli, – debdi-yu, ko‘zini ochibdi. Qarasa, shu zahoti ro‘parasida qop-qora yungli qo‘zi turganmish. Qiz to‘qlini kulbasiga olib ketayotganida yo‘lidan bir to‘da qo‘yini haydab cho‘pon chiqib qolibdi.

– Qizim, men shu qo‘zimni qidirib ketayotgandim, rahmat, – deb qizning javobini ham kutib o‘tirmay, to‘qlini qo‘ylariga qo‘shib olibdi. Qiz yig‘lab-yig‘lab o‘ymoqchani asta silab:

Kuldan topilgan o‘ymoqcha,

O‘ymoqchaga to‘qqiz qo‘y, – deyishi bilan semiz-semiz to‘qqizta qo‘y hozir bo‘libdi. Qiz ularni kulbasi atrofida o‘tlatayotgan ekan, bir kishi kelib:

– Sen kambag‘alvachcha bu qo‘ylarni hoynahoy o‘g‘irlab olgansan, yaxshilikcha ularni menga ber, bo‘lmasa seni mirshabga tutib beraman, – debdi-da, qo‘ylarni tortib olibdi.

Qiz qattiq xafa bo‘libdi. O‘ymoqchadan boshqa hech narsa so‘ramabdi. Kulbasiga borib, g‘amga botibdi: “Nazarimda, o‘ymoqcha bergan narsalarni jonimni koyitmay, mehnat qilmay topganim uchun menga buyurmayapti. Yaxshisi, o‘ymoqchadan kashta tikish uchun ip, igna va qiyqimlar so‘rayman, – degan qarorga kelibdi. O‘ymoqcha uning tilagini eshitishi bilan rang-barang ipak va iplar, har xil matolar, ajoyib ignalar beribdi. Qiz go‘zal kashtalar, palaklar tikib astoydil ishga kirishibdi. Ayollar uning tikkan kashtalarini sevib, talashib oladigan bo‘libdi. Yetim qizning ro‘zg‘origa baraka kiribdi. Uy-joyli, oilali bo‘libdi. O‘g‘il-qizlari bilan to‘kin-sochin hayot kechirib murod-maqsadiga yetibdi.

 

Zamira IBROHIMOVA

qayta ishlagan

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.