Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Yurgan yo‘lida tabiatga zarar yetkazadigan Jahongir ismli sho‘x bola bo‘lgan ekan. U ko‘cha-ko‘yda ko‘zi tushgan gullarni uzib, daraxtlarning shoxlarini sindirarkan. Kattalar, “unday qilma”, deb nasihat qilsa ham sira quloq solmas ekan. Bir kuni Jahongir ariq bo‘yida uchib yurgan kapalakning ortidan quvlab, mahalladagi katta bog‘ga yetib kelganini ham bilmay qolibdi. Bog‘dagi gullarning rang-barangligiga mahliyo bo‘lib, kapalakni yo‘qotib qo‘yibdi. Shu payt nimaningdir shiviri qulog‘iga chalinibdi. U hayratlanib quloq solsa, bog‘dagi gullar o‘zaro suhbatlashayotgan ekan.

– Oh, dugonajonlar, orangizda eng ko‘p azob chekadigan men bo‘lsam kerak. Odamlar endi g‘uncha ochgan davrimda uzib oladi-yu, iforim tugagach, tashlab yuborishadi, – deya ko‘ziga yosh olibdi atirgul. U yig‘laganda marjondek shabnamlar yerga to‘kilibdi.

– Nimasini aytasan, – so‘z boshlabdi lola. – Bizning ham bahor kelishi bilan insonlarga shodlik ulashgimiz keladi, biroq ayrim kishilar, nafaqat gulimizni, ildiz piyozimizni ham kavlab olib ketadi. Shu sabab yildan yilga kamayib bormoqdamiz.

Chinnigul ham suhbatga qo‘shilibdi:

– O‘tgan yili bir bolakay ko‘ra turib, ustimdan bosib o‘tdi. Qanchalar azob chekkanimni tasavvur qila olmaysiz. Axir biz gullar yer yuziga go‘zallik baxsh etish uchun kelganmiz. Odamlarni changdan himoyalash uchun xizmat qilamiz. Biroq ular buning qadriga yetmaydi.

Gullarning gaplarini eshitgan Jahongir qilmishidan qattiq pushaymon bo‘libdi. Darrov suv keltirib, ularni sug‘oribdi. Bundan xursand bo‘lgan gullar go‘yo rahmat aytgandek, yaproqlarini silkitib, yanada gurkirab o‘sa boshlabdi.

Shu voqeadan keyin Jahongir ham bog‘ga gullar ekib, ularni mehr bilan parvarishlaydigan bo‘libdi.

 

Laylo ESONMURODOVA,

Qashqadaryo viloyati Kitob tumani

5-maktab 11-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.