Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir qishloqda boy bilan kambag‘al yigit qo‘shni ekan. Boy ziqna, badfe’l, yigit esa ochiq yuzli, hammaga birdek nafi tegadigan, oqko‘ngil ekan. Boyning adirlarga tutashib ketgan serhosil yerlari o‘rtasidan oqqan ariq yigitning bir parchagina tomorqasi chetidan o‘tib qishloqqa kirarkan. Boy qishloq ahlining shodliklari, tashvishlarigayam aralashmas ekan. Bog‘laridagi daraxtlarning shoxlari mevasi ko‘pligidan egilgan, polizlarida xo‘ppa semiz tarvuzlar, tilimi tilni yoradigan qovunlar yumalab yotarkan. Sabzi, piyoz, sholg‘om kabi sabzavotlarni yig‘ishtirib olish uchun qoplar yetishmas ekan. Biroq xasis boy shuncha mol-dunyoning biror qismini beva-bechoralarga ulashmas ekan. Devor-darmiyon qo‘shnisi – faqir yigitni ko‘rgani ko‘zi yo‘q ekan. Niyati, uning hovlisini ham hiyla bilan qo‘lga kiritib olish ekan.

Yigitning hovlisida bir hujra va bir botmon yerdan boshqa na bir dov-daraxt va na bir buta bor ekan. Faqat ro‘zg‘or uchun ekini bo‘lib, u ham boyning himmati bilan suv ichsa ichdi, bo‘lmasa yo‘q ekan.

Shu yili bahor seryog‘in kelib, o‘t-o‘lanlar, ekinlar yashnab o‘sgan mahalda yigitning hovlisidan o‘tgan ariqcha labida bir nihol barg yozib, bo‘y ko‘tara boshlabdi. Yigit sinchiklab qarasa, shaftoli niholchasi emish. O‘zida yo‘q suyunib ketibdi. Go‘yo yigitning quvonchini yanayam oshirgisi kelgandek, niholcha kun sayin emas, soat sayin o‘sibdi. Yil ketidan yil o‘tib, shaftoli pushtirang gullarga burkanibdi. Tanasi ham qo‘ng‘ir tus olib, g‘adir-budir po‘st yig‘ibdi. Gul o‘rnida paydo bo‘lgan g‘o‘rachalar yoz fasliga kelib choynakday-choynakday shaftoli bo‘lib yetilibdi. Yigit nishona mevani onasiga quvonch bilan tutibdi:

– Onajon, qarang, shaftoli pishibdi.

Ona shaftolini to‘yib-to‘yib hidlab asta tishlabdi. Shu zahoti lunjining ikki yonidan sharbat sizib chiqibdi.

– Voy-voy, buncha asal ekan-a, yetkazganingga shukur-a, yaratgan egam-a, – deya huzurlanibdi.

Buni qarangki, bir tup shaftoli hosili butun bir qishloq ahliga yetibdi. Yigit savatlarga terib, qishloqdoshlariga tarqatgani sayin uzilgan bandi o‘rnida yana yangi meva paydo bo‘larmish. Bu mo‘jiza birpasda og‘izdan-og‘izga o‘tib, quloqdan-quloqqa yetibdi. Bundan xabar topgan qo‘shni boy devordan qarasa, shaftoli go‘yo terilmagandek liq-liq hosilmish. Shuncha bog‘-rog‘ qildirib, bunaqasiga sira ro‘para kelmagan, tushidayam ko‘rmagan boyning hasaddan ichi yonibdi. Tuni bilan to‘lg‘onib chiqibdi. Tong otar-otmas yigitning pastakkina eshigini ohista taqillatibdi. Hovlisida bo‘shagan savatlarni daraxt ostiga tashib, shaftoli terishga shaylanayotgan yigit boyga salom beribdi.

– Bu daraxtni qayerdan keltirib o‘tqazding, yigitcha? – debdi boy ichkariga kirib. – Navi tanishroqqa o‘xshab turibdi.

Yigit bo‘lgan voqeani so‘zlayotib hech kimga aytmagan sirni oshkor qilib qo‘yibdi.

– Boy ota, shu shaftoli niholini ekkanimda tagidan turna ko‘ziday bir buloqcha paydo bo‘lgan. Ichgan odamning kayfiyati o‘z-o‘zidan ko‘tarilib, kuchiga kuch qo‘shilganday bo‘laveradi.

– Nima?! Buloq, deysanmi?! Qanaqa buloq? Qani, qani o‘sha buloq? Men ko‘rmayapman-ku!

Haqiqatan ham hozirgina jildirab oqayotgan buloq qurib qolgan, jilg‘a o‘rnida kichkina ko‘lmaklar hosil bo‘lganmish. Yigit xijolat tortib, uzr so‘rabdi.

– Ko‘zimga ko‘rinibdi chog‘i, boy ota.

Boy vajohat bilan to‘ng‘illabdi.

– Sen nobakor, kimni laqillatyapsan? Qoziga topshirmasam, yurgan ekanman. Bundan ikki-uch yil avval uzoq birodarim keltirgan shunaqa shaftoli danagi yo‘qolib qolgandi. Demak, sen danaklarni o‘g‘irlagansan. Bo‘ldi, sen ahmoqning umring zindonda chiriydi.

Yigit boyning oyog‘iga yiqilibdi.

– Boy ota, unday demang. Bu shaftoli danagi ariqda oqib kelgan.

Biroq boy ko‘nmabdi. Qozini chorlatibdi. Qozi shotirlari bilan kirib kelganda hamon tutoqib har yon yurayotgan boy yigit va uning onasini ko‘rsatib shang‘illabdi:

– Mana bu o‘g‘rivachcha tunda qo‘rg‘onimga oshib tushib, urug‘likka oshnam keltirgan shaftoli danaklaridan o‘marganligi fosh bo‘ldi. Mana, o‘sha daraxt. – U ariq bo‘yida barglari shalvirab qolgan daraxtga imo qilibdi.

– Xo‘p, o‘sha oshnangiz keltirgan danak nimada edi? – so‘rabdi qozi.

– Surp xaltada.

– Qancha edi?

Boy yelka qisibdi. So‘ng ichi qovurilib debdi:

– Buni qarang, qozi hazratlari, danaklarni sanash xayolimgayam kelmagan ekan.

Qozi jiddiy boqibdi.

– Hammasini o‘marganmi, bu yigit? Bu yerda bir tupgina daraxt-ku! O‘zingizda shu daraxtlardan bormi?

– Bor-bor, qozi janoblari, – shoshib javob qilibdi boy.

– Bog‘ingizdami?

– Ha, ha, bog‘imda, hazrat.

– Yuring, ko‘rsating.

Boy qozining oldiga tushibdi. Qozi shogirdlari bilan boyning qo‘rg‘oniga kirib boribdi-da, uning xizmatkorlari guvohligida bog‘dagi shaftoli daraxtlarini sanattirib chiqibdi. So‘ng qo‘liga cho‘t olib, miqdorini chiqaribdi-da, boyga yuzlanibdi.

– Daraxtlaringiz tanasi o‘n xaltadan ortiq danakning hisobini chiqarayotir. Shuncha hosil oz ko‘rinib, sho‘rlik yigitning birgina mulkiga ko‘z tikishingiz insofdanmi?

Boy bir so‘z deya olmabdi. Qozi esa koyishda davom etibdi:

– Yon qo‘shni – jon qo‘shni, degan gap bor. Bir mushtipar onaning qaddini dol qildingiz. Bir kunlik rizq uchun jonini jabborga berguvchi yigitning shashtini qaytarib nima topdingiz?! Uyat, juda uyat! Yoshi ulug‘ sizday boy odamga bunday ishlar nojoiz. Hoziroq qo‘shnilaringizdan uzr so‘rang, aks holda tuhmatingiz uchun ming tanga jarima to‘laysiz.

Boy devorlar osha qarab turgan qishloqdoshlarining oldida bosh egishni ep bilmay, ori kelganidan qo‘l siltabdi.

– Men sizdan yuqoriroqqa arz qilaman.

Qozi bamaylixotir debdi.

– Bemalol boy, bu sizning huquqingiz. Ammo bundan ham ortiq jarima to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

Boy noiloj yigitdan uzr so‘rab chiqib ketibdi.

Yigit onasi bilan holi qolgach, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, shaftoli daraxti yaproqlari avvalgiday gurkirab, ostidagi buloq esa qaynab, zilol suvlari irmoqlarga aylanganmish.

 

Tohirjon YO‘LDOSHEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.