Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bahor kelib suvlar loyqalanyapti. Ariq bo‘ylarida eng avval yalpiz va otquloqlar chiqibdi. Keng dalalarda, adir hamda qir bag‘irlarida boychechaklar, lolalar chiroy ochib, butun borliqqa shirin hid ufuribdi. O‘shanda quvonchga to‘lgan shabada bir yumalab, sho‘x shamolga aylanibdi-yu gullar iforini shahar va qishloqlar uzra olib ketibdi.

Paxmoq qora ayiq ham qish uyqusidan biroz bezovta bo‘lib, u yonboshidan bu yonboshiga ag‘darilib olibdi. Keyin badaniga iliqlik yugurayotganini sezib, boshini qimirlatib qo‘yibdi. Qorni shunaqa ochqabdiki, tili o‘ziniki ekanligini bilib qolmaganda chaynab yuborar ekan. Birozdan so‘ng “baribir bu o‘rmonda hozir yemish nima ham qilsin”, – debdi o‘ziga-o‘zi. Yaxshisi, ariq yoki soy bo‘yiga borib chuvalchanglarni suvga tashlayman. Uni og‘ziga lip-lip solayotgan go‘l baliqlarni tappa-tappa ushlab qornimni to‘qlab olaman.

Ayiq junlarini hurpaytirgancha o‘rnidan turib, yo‘lga tushibdi. U daladan o‘tayotib kuymalanib yurgan dehqonga duch kelibdi. “Bu odamlar juda ham ahmoq bo‘ladi-da, – deb o‘ylabdi u boshini chayqab, qachon qarama bir nimalar qilib, o‘zlarini urintirib yuradilar. Shunday chog‘da ariq yoqalab baliq ushlash qanchalar rohat ekanligini bilmasalar kerak-da”.

– Hoy, dehqon! – debdi paxmoq ayiq o‘zini tuta olmay. – Shuncha kuyinib ishlashingdan nima foyda. Yerni kovlab, holvasini chiqarib yeysanmi-a?

Dehqon paxmoq qora ayiqqa qarab kulib qo‘yibdi, ammo indamabdi. Ayiq boshini chayqagancha yo‘lida davom etibdi.

Bahor ketib, issiq yoz boshlanibdi. Dehqon manglayidan ter to‘kib, ekinlarini parvarish qilish bilan band ekan. Paxmoq qora ayiq bo‘lsa, o‘rmondagi yovvoyi asalarilarning uyalarini topib olib, asalni paqqos tushirgandan so‘ng tomog‘i qaqrab qolibdi. Buning ustiga issiq yoz kunida cho‘milishga nima yetsin. U daryo bo‘yiga borayotib yana dehqonga duch kelibdi.

– Bobo, yerning holvasini chiqarib oldingmi, deyman? – so‘rabdi paxmoq qora ayiq dehqonni mazax qilgandek.

– Chiqishiga oz qoldi, – javob qilibdi dehqon.

Paxmoq qora ayiq sabzi, sholg‘omning ko‘m-ko‘k barglariga ko‘zi tushib zavqlanib ketibdi:

– Ko‘kargan narsalaringdan bir tishlam tatib ko‘rsam nima deysan-a?

– Marhamat, – debdi dehqon kulib. – Istaganingcha totaver.

Paxmoq qora ayiq barglardan bir tishlabdi, shu zahoti yuzlari tirishib, tupurib tashlabdi.

– Topgan matoxingni qara-ya, holvamish! – Paxmoq qora ayiq jahl bilan jo‘nab qolibdi.

Daraxtlarning yaproqlari kunlar o‘tishi bilan sarg‘ayibdi. Mevalar g‘arq pishib, yerga to‘kilibdi. Polizdagi qovun va tarvuzlar har qachongidan mo‘l bo‘libdi. Daryo bo‘yiga baliq tutish uchun ketayotgan paxmoq qora ayiq manglayidan yaltiroq ter to‘kib, kuz hosilini yig‘ishtirayotgan dehqonga yana duch kelibdi.

– Hali ham yerning holvasini chiqara olmadingmi deyman, dehqon bobo?

– Birin-ketin chiqyapti, – javob qilibdi negadir xursand dehqon. – Balki seni mehmonga ham chaqirib qolarman.

– Meni holvangga aytmay qo‘ya qol. O‘shandagi mazasi haliyam og‘zimdan ketgani yo‘q, – ayiq shunday debdi-yu, daryo bo‘yiga shoshibdi.

Kunlar o‘tib, izg‘irin qamchisini o‘ynatganicha qish yetib kelibdi. Bu gal qor ertaroq yog‘ib, o‘rmonda ham qish barvaqtroq boshlangani uchun paxmoq qora ayiq uyquga ketishga ulgurmay qolibdi. Paxmoq qora ayiq sovuqdan junjukib qaltiray boshlabdi. O‘zi ham bolalari ham sovuq va ochlik azobidan qiynala boshlabdi. Shunda uning xayoliga butun uch fasl daladan ketmagan dehqon kelibdi-yu, bu odam mana shu izg‘iringa qanday chidayapti deb, o‘sha tomonga yo‘l olibdi.

Dalalar oq choyshab yopingan. Qimirlagan jonzotdan asar ham yo‘q emish. “Bu dehqon degani ham qochib qolibdi-yu, hammadan erta”, – xayolidan o‘tkazibdi paxmoq qora ayiq. Nima bo‘lganda ham men uchun uch fasl yaxshi o‘tdi, mazza qilib yashab oldim.

Shu payt oppoq qorda irg‘ishlab-irg‘ishlab borayotgan shalpangquloq quyon paxmoq qora ayiqni ko‘rib to‘xtab qolibdi.

– Ha, ayiqpolvon, qish uyqusida emasmisan?

– Bu galgi qishdan men g‘aflatda qoldim. Endi mana bu dalada yil bo‘yi yerning holvasini chiqarmoqchi bo‘lgan dehqonning ahvolini bir ko‘rmoqchi edim.

Shalpangquloq quyon piqirlab kulibdi. Bundan g‘ashi kelgan pahmoq qora ayiq shalpangquloq quyonga o‘shqiribdi.

– Nahotki, meni kim ekanligimni unutgan bo‘lsang?

Shalpangquloq quyon mo‘ylovini silab, jiddiylik bilan debdi:

– Dehqonlar bizga o‘xshab ahmoq emas. Ular yoz bo‘yi ishlab qish bo‘yi dam oladilar.

– Sening gaplaringga ishonib bo‘lmaydi, – debdi ayiq.

– Dehqon yerning holvasini chiqaraman deb yoz bo‘yi behuda chirandi. Axir yerda holva bo‘lmasligini sen ham yaxshi bilasan.

Shalpangquloq quyon bosh chayqab e’tiroz bildiribdi:

– Dehqon yerning holvasini allaqachon chiqarib olgan. Ishonmasang, borib ko‘r.

Shalpangquloq shunday debdi-yu, yo‘liga qarab ketaveribdi. Paxmoq qora ayiq bo‘lsa uzoq sukutga cho‘mibdi. Keyin boshiga bir nimalar kelib mo‘rilaridan quyuq tutun chiqayotgan qishloq tomon lapanglab yurib ketibdi.

Avvaliga qishloq bolalari paxmoq qora ayiqni quvlab, do‘pposlamoqchi bo‘lishibdi. Kimlardir itlarni to‘plab, talatishni maslahat beribdi. Ammo paxmoq qora ayiqning baxtiga issiq po‘stinga o‘ralgan dehqon kelib qolibdi. U bir qarashdayoq paxmoq qora ayiqni tanib, uni halokatdan saqlab qolibdi. Paxmoq qora ayiq esa nima maqsadda kelganini aytib, shoshib so‘rabdi:

– Sen yerning holvasini chiqarib oldingmi?

Dehqon ha, degandek boshini qimirlatibdi. Keyin paxmoq ayiqni yetaklab, uyiga olib boribdi. Avval paxmoq qora ayiqqa don to‘la omborni, sabzi va sholg‘om ko‘milgan o‘rasini, qo‘y va sigirlar, tovuq va o‘rdaklar boqilayotgan qo‘rani birma-bir ko‘rsatib chiqibdi. Paxmoq qora ayiq bilan xayrlashayotganda esa yelkasiga bir qop oppoq qayroq un, qo‘lidagi savatga sholg‘om bilan sabzi to‘ldirib, beliga ikkita o‘rdak bilan tovuqni bog‘lab qo‘yibdi. – Mana shular yerning holvasi bo‘ladi. O‘ylaymanki, bu bilan qish uyqusiga yetib olasan? – debdi dehqon paxmoq qora ayiqqa qarab, – yerning holvasi qanchalik yoqqanini bahorda gapirib berarsan.

Biroz tortingan, ancha uyatchan bo‘lib qolgan paxmoq qora ayiq boshini chayqab, yerning holvasinii topgan dehqonga ko‘p rahmatlar aytib xayrlashibdi.

 

Odil Abdurahmon

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.