Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda emas, aynan biz yashayotgan zamonda hali maktabga bormasdanoq kitob o‘qishni o‘rganib olgan bolakay bor ekan.

Bir kuni ota-onasi undan: “Tug‘ilgan kuningga nima sovg‘a qilaylik?” deb so‘rashibdi. Bolakay darhol: “Menga kitob, ko‘p ertak kitob sovg‘a qiling”, deb javob beribdi. Oradan vaqt o‘tib, yozning issiq kunlarida bolakayning orziqib kutgan tug‘ilgan kuni kelibdi. Dasturxon chiroyli bezatilibdi. Unda shirinliklardan tortib, rang-barang mevalar, eng tansiq taomlargacha bor emish. Bola ota-onasining mayin kulib sovg‘a tutishlaridan shod bo‘lmabdi. Negaki, unga kutgan sovg‘asining o‘rniga har xil o‘yinchoqlar olib kelishgan ekan-da. Bolaning ko‘zlari yoshga to‘libdi. Yig‘lab yuborishiga bir bahya qolibdi.

– Hech kim kitob olib kelmabdi-ku, dadajon, oyijon. Axir men kitob, kitoblar kutgandim.

Ota-onasi unga tasalli bera boshlabdi.

– Ertagayoq aytganingni olib beramiz. Sen faqat xafa bo‘lmay tur, bolajonim. Juda borsa, kitob do‘koniga birga boramiz, xo‘pmi?

Bolaning chehrasi biroz yorishibdi. Xushnudlik bilan dasturxonga qo‘l cho‘zibdi. Mehmonlar esa bolakayning kitobga bo‘lgan mehridan ajablanishibdi. Ba’zilar “Qani edi-ya, bizlarning bolalarimiz ham shunaqangi kitobsevar bo‘lsa”, deb havas qilibdi. Ba’zilari esa: “Voy, kitobdan ko‘ra qimmatbaho o‘yinchoqlar yaxshi emasmi?” debdi. Boshqalari, bolaga kitob nima beradi, degandek yelka qisibdi. Ammo bolakay jajjigina bir she’rni jaranglatib aytib bergan chog‘ hamma birdek olqishlabdi. Qarsaklardan katta va keng xona derazalari zirillab ketibdi. Mehmonlar bolaning zukkoligi, biyronligi kitob sababli ekanligini tushunishibdi. Ota-onasiga rahmat aytishibdi. Xursand bo‘lib ketgan otasi ertasi kuni o‘g‘li bilan do‘konga borib, bir sandiq rasmli kitoblar olib beribdi.

Bolakayning bo‘sh vaqtlari kitob o‘qish bilan o‘tar ekan. Kunduzi o‘qigan kitobini kechasi yonida olib yotadigan odat chiqaribdi. Kitob go‘yo uning yuragiga oftob kabi tunda shu’la sochar ekan. Bolakay o‘rtoqlariga o‘ziga yoqqan ertaklarni o‘qib berar, ularning ham kitobga mehrlarini oshirar ekan. Shunday qilib, bolakayning barcha o‘rtoqlari avval kitobsevarga, keyin esa kitobxonga aylanibdi.

Aziz bolajonlar, siz ham shunday bilimdon bo‘lishni xohlaysizmi, unda qo‘lingizga darhol kitob oling.

 

Dilshoda Jo‘rayeva,

Farg‘ona shahar imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan Respublika kasb-hunar kolleji o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.