- Rukn: Ertaklar
Bor ekan-u yoʻq ekan, och ekan-u toʻq ekan. Qadim zamonda bir zukko yigit boʻlgan ekan. Uning otasi ogʻir betob boʻlib, oʻgʻil unga yegulik va dori-darmon olish uchun ertadan kechgacha shoh saroyida xizmatkorlik qilar ekan. Shohning bir vaziri boʻlib, u yigitni yomon koʻrar, unga atayin bajarilishi qiyin boʻlgan yumushlarni topshirarkan. Kunlardan bir kuni u yigitni yoniga chaqiribdi:
– Mana bu daraxtni koʻryapsanmi? Oʻzi kichkina boʻlsa ham barglari toʻkilib, podshohi olam ertalab sayr qiladigan yoʻlakni iflos qilyapti. Sening vazifang shuki, ertalab shoh uygʻonmasidan avval hamma barglarni bittalab terib chiqasan. Toki sayr chogʻi taʼbi buzilmasin.
– Meni maʼzur tuting, bu vazifani boshqa xizmatkorga topshirsangiz. Otam ogʻir betob, kechasi yoniga bormasam boʻlmaydi. Ovqat va dori-darmon olib borishim kerak. – Yigit gapini tugatmasdan, ayyor vazir oʻshqirib beribdi:
– Men bu ishni senga buyurdim, boshqasigamas. Agar qilging kelmasa, hoziroq saroydan ketishing mumkin. Yigit ilojsizlikdan rozi boʻlibdi va uni qanday bajarish haqida uzoq oʻylabdi. Quyosh botay deb qolibdi, u esa barglarni terish bilan ovora. Bu kichkina daraxtning toʻkilgan xazonlarini terib boʻlibdi, ammo ertalabgacha yana qancha barg toʻkiladi-yu, ularni qachon terib tugatar ekan? Shu payt unda ajoyib fikr tugʻilibdi. U daraxtning tagiga katta choyshab toʻshabdi-da daraxtni silkitib hamma barglarini qoqib olibdi. Daraxtda bitta ham yaproq qolmagach, oʻzidan oʻzi mamnun boʻlib, “Ana endi shohimizning kayfiyati sira buzilmaydi”, debdi. Otasiga bir kunlik yegulik va dori-darmon olib uyiga ravona boʻlibdi.
Ertasiga vazir yigitga undan ham mushkulroq vazifa buyuribdi:
– Shohimizning sevimli kuchugi taltayib vovullamay qoʻydi. Olampanohning bundan jahli chiqmoqda. Koʻppak vovullasagina uyingga ketishingga ruxsat beraman.
– Mayli, faqat buning uchun menga podshohimizning mushuklari kerak boʻladi, – debdi yigit navbatdagi aqlli rejaga ishonib.
Yigit kuchuk va mushukni bir joyga toʻplabdi. Birozdan soʻng har ikkisining oldiga idish qoʻyibdi. Mushukning idishida sut toʻla, kuchukniki esa boʻsh ekan. Kuchuk mushukka bir qarab qoʻyibdi-da, pinagini ham buzmabdi. Yana ozroq muddat oʻtgach, ikkinchi idishlarni olib kelibdi. Yana shu hol takrorlanibdi. Mushukka sut, kuchukka esa hech vaqo yoʻq. Bu holat uchinchi marta takrorlanibdi, kuchukvoyni idishi boʻm-boʻsh. Ammo, bu safar mushukning idishiga kichkinagina goʻsht boʻlagi ham solinibdi. Mushuk uni yeyishga endi chogʻlangan ekan hamki, kuchuk qattiq vovullaganicha mushukka tashlanibdi. Sevimli koʻppagining ovozini eshitgan shoh saroyidan yugurib chiqibdi. Uddaburon xizmatkor esa oʻz ulushini olib uyiga, betob otasi yoniga otlanibdi.
Xizmatkor ertalab saroyga kelsa, hammayoq algʻov-dalgʻov. Saroy ahli bir joyga toʻplanishgan. Ularning orasidan esa podshohning qahrli ovozi eshitilibdi.
– Nahotki sen vazir boʻlaturib, bu muammoga chora topolmasang?!
– Shohim, bir qoshiq qonimdan kechsinlar, oʻzim bir iloj topolmasam ham, lekin ilojini topa oladigan odamni bilaman. Saroyda bir xizmatkoringiz bor. Uning aqli har baloga yetadi, – debdi vazir.
– Xoʻsh, u kim ekan? Chorlang! – buyruq beribdi shoh.
Yigit kelishi bilan nima gap ekanligini surishtiribdi.
– Mana bu soqchi saroy xazinasidan yuz tillo tanga oʻgʻirlagan. Guvohlar ham bor. Ammo buni oʻzi tan olmayapti. Shariat boʻyicha qozi oʻgʻri aybini tan olsagina uni qatl qilishi yoki jazolashi mumkinligini aytdi, – debdi shoh gʻazab bilan.
– Oh, olampanoh, qanday adolatlisiz, – yigit shohga koʻzini qisib ishora qilibdi-da, gapida davom etibdi. Shoh boʻlsangiz ham shariatni unutmabsiz. Shunday ekan, tuhmat qilishdan ham saqlaning. Bu soqchining oʻgʻirlik qilganini oʻz koʻzingiz bilan koʻribmidingiz?
– Yoʻq, – hayrat bilan javob beribdi podshoh.
– Shunday ekan, nega birovlarning gapiga kirib buni ayblayapsiz? – Yigitning favqulodda gaplaridan hayron qolgan oʻgʻri uning gapini tasdiqlabdi.
– Toʻgʻri, toʻgʻri...
– Ayt-chi, oʻgʻirlik qilayotganingda oldingda kim bor edi?
– Hech kim, – oʻylamay javob beribdi soqchi.
– Ana, koʻrdingizmi, shohim, bu soqchi hech kim yoʻgʻida oʻgʻirlik qilgan.
Oʻzi bilmagan holda aybini tan olib qoʻygan oʻgʻri podshohga yalinishga tushibdi.
Shoh yigitning aqliga lol qolib, unga vazirlari qatoridan joy beribdi. Yigit otasini saroy tabiblariga davolatibdi. Ular uzoq va baxtli hayot kechiribdilar.
Hulkaroy MURTAZOYEVA