Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, shunday zamonlar boʻlgan ekanki, Burgutlar va Lochinlar Xoʻrozdan qoʻrqishgan ekan. Xoʻrozning qizil tojini juda xatarli deb hisoblasharkan. Oʻzlarining ichida eng kichigi boʻlgan Burgutga buni aniqlashni buyurishibdi. Kenja Burgut elchi sifatida yerga qoʻnibdi va Xoʻrozni kuzatibdi. U joʻjalari bilan atrofni aylanib yurgan ekan. Burgut ochiq yuz bilan Xoʻrozga yaqin kelib debdi:

– Burgutlar shohi siz bilan doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻymoqchilar. Lekin bu doʻstlikka tojingiz rahna solyapti. Chunki biz taroqdek oʻtkir tishli tojingizdan qoʻrqamiz.

Bu gaplardan Xoʻroz kulib yuboribdi:

– Garchi tojim menga savlat, koʻrk bagʻishlab tursa-da, hayvonlarning shoxiga oʻxshab qattiq emas. U juda ham yumshoq, seni ishontirib aytamanki, hech kimga shikast yetkazmaydi. Ishonmasang, kel oʻz qoʻling bilan ushlab koʻr. Kenja burgut avvaliga choʻchib unamabdi, ammo Xoʻroz takror-takror aytganidan keyin uni ushlab koʻribdi. Haqiqatdan ham toj yumshoq ekan. Undan qoʻrqmasa ham boʻlarkan. Xoʻrozning siridan xabardor boʻlgan Burgut yerdan asta koʻtarilayotib maysalar orasida oʻynab yurgan joʻjalarni koʻrib qolibdi. Joʻjalarning bir nechtasini changaliga olib doʻstlari tomon uchibdi. Burgutlar va Lochinlar qoshiga kelgach, maqtanib debdi:

– Koʻrib qoʻyinglar, men Xoʻrozning bolalarini olib kelyapman. U biz oʻylagandek qoʻrqinchlimas, toji ham sira oʻtkir emas ekan.

Shundan buyon Burgutlar va Lochinlar tovuqlar va joʻjalarga hujum qilishni odat qilishibdi. Xoʻroz esa ular bilan jang qilishga shaylanar ekan-u jurʼati yetmas ekan.

Qissadan hissa: Sinamaganga sir aytsang, Xoʻrozning kuniga tushib qolish hech gap emas.

 

Fors tilidan

Bahriddin TURGʻUNOV tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.