Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Katta bir shahar bo‘lgan ekan. U yerning aholisi judayam mehnatkash ekan. Bu shaharda bir etikdo‘z yashar ekan. Uning Ko‘sa ismli o‘g‘li bor ekan. Etikdo‘z har kuni charchab ishdan qaytganda Ko‘sa bilan suhbatlashar, bolasining biyron javoblaridan yayragan etikdo‘z birpasda charchog‘ini unutib yuborarkan. Kunlar o‘taveribdi. Ko‘sa ham ancha ulg‘ayibdi.

– O‘g‘lim ulg‘ayib qoldi, endi unga biror hunar o‘rgatish kerak. Unga o‘z kasbimni o‘rgatsammikin? Axir bir umr mana shu etikdo‘zlikning orqasidan ro‘zg‘or tebratib kam bo‘lmadim, – deb o‘ylabdi etikdo‘z.

Ertalab nonushta payti yoniga Ko‘sani chaqiribdi.

– O‘g‘lim, ancha katta bo‘lib qolding, endi biror hunar o‘rganishing kerak, – debdi.

– Men pichoq yasashni o‘rganmoqchiman, – debdi Ko‘sa kutilmaganda.

Etikdo‘z o‘g‘lini yetaklab pichoqchining oldiga olib borib shogirdlikka beribdi. Ko‘sa pichoqchining ustaxonasida pichoq yasashni o‘rgana boshlabdi. Oradan bir hafta o‘tgach, Ko‘sa bu ishdan zerikib ustaxonaga bormay qo‘yibdi. Etikdo‘z o‘g‘lidan buning sababini so‘rabdi. Shunda Ko‘sa:

– Har kuni bir xil ishni takrorlayverish jonimga tegdi. Ortiq ustaxonaga borishni xohlamayman, – debdi.

Ko‘sa uyda bir necha kunni o‘tkazibdi. Pichoqchi usta undan xavotir olibdi. Og‘ir mehnat toliqtirib qo‘ydimikan, deya undan xabar olgani kelibdi. Qarasa Ko‘sa soppa-sog‘ emish.

– Nega ustaxonaga bormay qo‘yding? – deb so‘rabdi usta.

– Olov yoqish, metalni eritib qolipga quyish, uni sovuq suvga solish, bolg‘a bilan urish – hammasi jonimga tegib ketdi. Bitta pichoq yasash uchun qancha mehnat qilishimga to‘g‘ri keladi. Men bunaqa ishlashni xohlamayman, – debdi Ko‘sa.

Shunda usta Ko‘saga qarab:

– Ey, Ko‘savoy, sen hali sabr daraxtining mevasini totib ko‘rmagan ekansan. Sening xatoying mana shunda, – debdi.

Kechqurun ota-onasi ishdan qaytgach, Ko‘sa ulardan sabr daraxtining mevasi haqida so‘rabdi. Ota-onasi u dunyodagi eng totli meva ekanini, kimki o‘sha mevadan yeb ko‘rsa dunyodagi eng baxtli, eng badavlat insonga aylanishini aytishibdi. Ko‘saning ham o‘sha daraxt mevasidan judayam totib ko‘rgisi kelibdi. Tuni bilan sabr daraxti haqida o‘ylabdi. Tong otishi bilan Ko‘sa sabr daraxtini qidirib yo‘lga chiqibdi. Dastlab u erta sahardan terga botib issiq tandirda non yopayotgan novvoyni uchratibdi. Undan sabr daraxti haqida so‘rabdi. Nonvoy sabr daraxti mevasidan totib ko‘rgani uchun to‘q-farovon yashayotganini aytibdi.

Ko‘sa yo‘lida yana davom etibdi. Yo‘lda u bobodehqonni uchratibdi. Undan ham shu haqda so‘rabdi. Bobodehqon ham shu meva sabab umri to‘kinlikda o‘tayotganini aytibdi. Ko‘sa yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Yo‘l-yo‘lakay juda ko‘p odamlarni uchratibdi. Odamlarning bari sabr daraxti mevasi dunyodagi eng totli meva ekanini, uning totib ko‘rmaganlar hech qachon baxtli bo‘lolmasligini aytishibdi-yu, lekin uni qayerda o‘sishini aytishmabdi.

Ko‘sa sabr daraxtini juda uzoq qidiribdi, lekin topa olmabdi. U charchab horib uyiga qaytibdi. Ertasi kuni Ko‘sa barvaqt turib pichoqchining ustaxonasiga boribdi. Pichoqchi o‘choqqa olov yoqib ishini davom ettirayotgan ekan. Ko‘sa ustaga:

– Siz menga sabr daraxti qayerda o‘sishini aytmadingiz, men uni hech qayerdan topa olmadim, – deb arazlabdi.

– Xafa bo‘lma, agar uni astoydil topmoqchi bo‘lsang, har kuni mening oldimga kelib hunarimni o‘rgan. O‘shanda sabr daraxti qayerda o‘sishini aytaman, – debdi usta.

Sirli daraxtni topish ishtiyoqida Ko‘sa har kuni erta saharda ustaxonaga kelib qorong‘i tushguncha, qunt bilan pichoq yasashni o‘rgana boshlabdi. Kunlar o‘taveribdi. Ko‘sa ishga shunchalik berilib ketibdi-ki, charchoqni ham, zerikishni ham unutib yuboribdi. U turli-tuman dastali, bir-biridan chiroyli pichoqlar yasabdi. Ko‘sa yasagan pichoqlar odamlar nazariga tushibdi. Bir kuni ustozi yoniga kelib:

– Sen sabr daraxtini topmoqchi eding. Sen uni topding. Maqsadi yo‘lida uchragan qiyinchiliklarga chidab, mehnatdan bo‘yin tovlamagan insonlarni, sabr daraxtining mevasini totib ko‘rgan ekan deyishadi, – debdi.

Ko‘sa ustozidan minnatdor bo‘libdi. U ustozining sabr daraxti haqida aytganlarini bir umr yodidan chiqarmabdi, hech qachon mehnatdan qochmabdi. U yasagan pichoqlarning dovrug‘i yetti iqlimga yoyilibdi. Ko‘sa o‘zi orzu qilganidek dunyodagi eng baxtli, eng badavlat insonga aylanibdi.

 

Surayyo INOMJONOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.