- Rukn: Ertaklar
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, atrofi dengizlar bilan o‘ralgan bir mamlakat bo‘lgan ekan. Orol atrofidagi 99 ta qoya xuddi hushyor soqchilardek uni kuchli to‘fonlar xurujidan himoya qilar ekan. Oroldagilar sholikorlik, baliqchilik, ovchilik qilishar ekan. Mana shu orolda lapashanggina Ali ismli bola ham yashar ekan. Uning atrofdagilar bilan unchalik ham ishi yo‘q, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib yuraverar ekan. Buni qarangki, ana shu Alining otasi nihoyatda mohir mergan ekan. U osmonda uchib ketayotgan qushning ko‘zini poylay olarkan. Mergan tun-u kun, nima qilsam o‘g‘lim o‘zimga o‘xshagan sho‘x-shodon, chaqqon bo‘lar ekan, deb xayolga tolar, lekin ilojini topolmas ekan. Uning merganligidan xabar topgan ovchilar o‘z saflariga qo‘shib olishibdi. Bu ovchilarning miltiqlari bor ekan, biroq ular ko‘proq miltiqdan emas, ota-bobolaridan meros qolgan puflab otiladigan qurollardan foydalanishar ekan. Nega desangiz, ular miltiq ovozi ko‘pchilikni yuragiga qo‘rquv solishini, qushlar, jonivorlarni ortiqcha nobud bo‘lishini istashmas ekan-da. Kunlardan bir kun Alining otasi navbatdagi ovga hozirlana boshlabdi. U qush patlari, hayvonlar terisidan tayyorlangan niqoblarni, xo‘raklarni birma-bir sinchiklab ko‘zdan kechiribdi. Bu niqoblar ularga o‘ljalarini chalg‘itish uchun kerak ekan. Bir kuni tongda erini ovga jo‘natgan Alining onasi kun qiziguncha uy ishlari bilan ovora bo‘libdi. Mayingina esayotgan shabada ona-bolalarning dimog‘iga botqoq aralash ziravorlar iforini keltiribdi. Shamolning ikki tomonlama esishi dengizda to‘fon ko‘tarilishidan darak berar ekan.
– Ali bolam, bor, birpas o‘rtoqlaring bilan o‘rmonni aylanib, ziravorlar terib kel, – debdi onasi.
– Bir o‘zim qo‘rqaman, birga boraylik, – debdi Ali sekingina. Shu payt uylariga qo‘shni ayol kirib kelibdi. U onasi bilan pichirlashib gaplashibdi. Onasi darhol qayoqqadir otlanibdi. O‘g‘liga katta yerdan suzib kelgan kema sohilga langar tashlagani, ro‘zg‘orga ul-bul olib kelishini aytib bandargoh tomon yo‘l olibdi. Onasi hali yo‘ldaligidayoq havo aynab, dengiz chayqala boshlabdi. To‘lqinlarning po‘rtanalari qoya toshlarga urilib chiqarayotgan ovozi Alining quloqlarini teshib yuborgudek bo‘lib yangrabdi. Osmonni qop-qora bulut qoplabdi, atrof qorong‘ilashib ketibdi. Olovli chaqmoq chaqayotgan momoqaldiroq osmonni yorib yuborgudek gumburlabdi. Bunday ob-havodan Alining yuragi gupillab, butun vujudi qalt-qalt titrabdi. U endi uyga qochib kirmoqchi bo‘layotganda o‘rmonga tushgan yashin zarbidan uy qarsillab ketibdi. Bolakay hushsiz yiqilibdi... O‘g‘lining ostonada behush yotganini ko‘rgan onaning yuragi qinidan chiqib ketguday dod-voy solib, tabib chaqiribdi. Uning muolajasidan keyin ko‘zini ochgan Ali boshi uzra egilib turgan otasini ko‘ribdi.
– Aliboy, tuzukmisan, bolam, bizni qo‘rqitib yubording-ku. Qara, o‘g‘lim, senga nima olib keldim, – xona bo‘ylab lapanglab yurgan ayiqchaga ishora qilibdi ovchi. – U ham senga o‘xshab yashindan qo‘rqib ketibdi. O‘t-o‘lanlar ichiga berkinib olgan ekan. U sen bilan do‘st bo‘lmoqchi. Birga ulg‘ayasizlar. Katta bo‘lgach o‘z uyiga qo‘yib yuboramiz. Lekin bir narsa yodingda bo‘lsin, ona ayiq bolasini qidirib kelishi mumkin. Shuning uchun hech qachon uni ko‘chada yolg‘iz o‘zing yetaklab yurma. – Dadasining sovg‘asi Aliga juda yoqibdi. U maymoqvoy bilan tezda til topishib olibdi. Ali ayiqcha yonida bo‘lsa hech narsadan cho‘chimas ekan. Ayiqchani ko‘rgan itlar darrov yuvvosh tortib, dumlarini likillatgancha panaga o‘tishar ekan. Ali ahyon-ahyonda ayiqcha bilan birga o‘rmon chetidagi yo‘l yoqalab sayr qilar ekan. Bir galgi sayrda ular o‘rmon ichkarisiga ancha kirib borishibdi. Aliboy oppoq qo‘ziqorinlarni terayotganda ona ayiqning o‘kirig‘ini eshitib qolibdi. Ali ayiqchani ham unutib o‘rmon bo‘ylab qochib ketayotganda namchil maysalarga sirg‘alib yiqilibdi. Ko‘zini ochganida u o‘zini uyda ko‘ribdi. Yonida esa ota-onasi ko‘zyoshto‘kib o‘tirishgan ekan. Ali maymoqvoyni qidirib xonaga ko‘z yugurtiribdi. Topolmabdi. Uyga qanday yetib kelanini ham eslay olmabdi. Otasining aytishicha, uni Ona ayiq eshiklari tagiga tashlab ketganmish. – Ayiqlar yaxshilikni unutishmaydi, – debdi otasi. Ali ayiqchasiz zerika boshlabdi. Sayrga ham chiqmay qo‘yibdi. Bir kuni tush ko‘ribdi. Tushida ayiqchasining qanoti bormish. U uchib kelib Alining boshi uzra to‘xtabdi-da, tilga kiribdi: – Men sening aql farishtangman. Endi doim birga bo‘lamiz. Bardam bo‘l. Ishoralarimga qarab harakat qil.
Shu kundan e’tiboran Alining hayotida ajoyib o‘zgarishlar yuz beribdi. Qat’iyatli, irodali, o‘ziga ishongan o‘smirga aylanibdi. U ajoyib tashabbuslar bilan chiqar, qo‘shni bolakaylarga qiziq-qiziq hikoyalar aytib, ovutib o‘tirar, kattalarning ishlariga ko‘maklashar emish. Hammaning Alining otasiga havasi kelibdi. Chunki Ali ro‘zg‘or ishlarida otasiga ko‘makdosh ekan-da. Bir kuni uylariga yana ovchilar kelibdi. Ular o‘rmonda kiyiklar ko‘payib ketganligi, ularni ovlab sotishsa boyib ketishlari haqida tong otar suhbat qurishibdi. Ertalab otasi ular bilan ovga jo‘nabdi. Ali esa otasi omborga taxlab qo‘ygan yog‘ochlardan olib ovchi haykalini yasashga kirishibdi. Avval qo‘llari, so‘ng oyoqchalarini yo‘nib ularni harakatga keltirish uchun bir-biriga yog‘och mixlar bilan biriktirayotganda otasi kelib qoldi. Ovi baroridan kelmagan ota nihoyatda g‘azabda ekan. U o‘g‘lining yog‘ochlarni isrof qilayotganini ko‘rib battar jazavaga tushibdi. O‘zini tutib turolmay bor kuchi bilan Alining boshiga musht tushiribdi. Shunda joni og‘rigan aql farishtasi Alining boshidan chiqib uchib ketibdi. Buni otasi ham sezibdi. Ali esa hushini yo‘qotibdi. Ertasiga dahshatli voqea sodir bo‘libdi. Ali yana avvalgidek parishonxotir, indamas, odamovi bolaga aylanib qolibdi. Tabiblar ham unga yordam bera olmabdi. Bu voqeadan xabar topgan shu orolning hukmdori, “Kimda-kim yosh bolalarni boshiga urib jarohat yetkazsa (u ota-onami, o‘qituvchimi) qattiq jazoga tortilishi haqida” farmon chiqaribdi. Ana o‘sha davrlardan buyon Malayziya davlatida bolalarni boshiga urish, jarohat yetkazish qonun yo‘li bilan taqiqlangan ekan.
Darhaqiqat, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari shifokorlarning tekshiruvi asosida shu narsani aniqladiki, bolalar boshidagi himoya qobig‘i miya qismini to‘laligicha o‘rab yetilmaguncha boshidan lat yesa bola sog‘lig‘ida yuqoridagi kabi noxush holatlar yuz berar ekan.
Qosimjon SO‘PIYEV