- Rukn: Ertaklar
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, yam-yashil, go‘zal o‘rmonda tipratikanlar oilasi yashar ekan. Bu oila juda ahil-inoq, ozoda va quvnoq, mehribon va ko‘ngli oq tipratikanlardan iborat ekan. Oilaning kattalari: ota tipratikan va ona tipratikanlar bo‘lib, ularning to‘rtta farzandi bor ekan. To‘ng‘ich o‘g‘ilning nomi O‘lmasvoy, ikkinchi o‘g‘ilning nomi Tolmasvoy, uchinchi o‘g‘ilning nomi Yoqimtoy, kenjatoyi esa qiz bola bo‘lib uni Yumshoqoy deyishar ekan. Yumshoqoyning ko‘zlari katta-katta, chiroyli, xuddi olmos kabi yaraqlab turar ekan. Ota tipratikan yer yuzidagi barcha otalar kabi erta turib ishga ketar ekan. U o‘rmon shifoxonasining tajribali shifokori sanalib, goh jarrohlik bo‘limida o‘z ignalari bilan jarrohlik amaliyotlarida qatnashar, goh fizioterapiya bo‘limida sharq tabobatidan keng foydalanib, nina bilan davolash ishlarini olib borar ekan. Ona tipratikan ham yer yuzidagi barcha onalar kabi bolalar tarbiyasi-yu, uy yumushlari bilan band bo‘lar ekan. O‘lmasvoy, Tolmasvoy, Yoqimtoy va Yumshoqoylar egizak bolalar bo‘lgani uchun bitta maktabda, bitta sinfda o‘qishar ekan. Ularning maktabi “O‘rmon bolalari maktabi” bo‘lib, Tipratikanovlar shu maktabning iqtidorlilar sinfida o‘qir ekanlar. Tipratikan onani butun o‘rmon ahli hurmat qilib “Chevar xola” deb atashar ekan. Tipratikan xola mohir tikuvchi va to‘quvchi ekan. U o‘zining xilma-xil ignalari bilan bir-biridan bejirim liboslar tikar, qish fasli kelganda yana tikanlarini qo‘lga olib o‘rmon ahliga issiq paypoqlar, qalpoqlar, qo‘lqoplar, hatto paltolar to‘qib berar ekan.
Ona tipratikan har kuni maktabga bolalarini o‘zi olib borar, o‘qish tugagach esa yana o‘zi qaytarib olib kelar ekan. Kunlardan bir kun bolalariga “Bolalarim, men bugun bozorga borib tikayotgan kiyimlarim uchun tugmalar olib kelishim kerak. Shu sabab maktabdan o‘zingiz qaytishingizga to‘g‘ri keladi. O‘zingiz kela olasizmi?” – deb so‘rabdi. “Ha, kela olamiz”, – deyishibdi tipratikanchalar.
– Faqat yo‘lda bo‘ridan ehtiyot bo‘linglar! Bo‘rini ko‘rishingiz bilan to‘ningizning ichiga kirib oling, odamlarning ham ko‘ziga tashlanmaslikka harakat qiling, yo‘qsa, ular sizlarni tutib olib, erkatoy bolalariga o‘yinchoq qilish uchun olib ketadi, – debdi.
– Biz sizni tushundik, xavotir olmay bozorga boravering, – debdi bolalari. O‘sha kuni ona tipratikan bozordan uyga qaytgach, kichkintoylari uchun pishiriqlar pishiribdi. So‘ngra darvoza oldidagi to‘nkaga o‘tirib bolalarini kutibdi. Qo‘shni Toshbaqayevlarning bolalari darsdan qaytib kelishibdi, ammo uning asaltoylari ko‘rinmabdi. Quyonovlar, Olmaxonovlarning bolalari ham uylariga kirib ketishibdi. Shunda yuragiga vahima tushgan ona tipratikan maktab tomon yuguribdi. Yo‘lda singilchasi Yumshoqoyni izlab yurgan o‘g‘illarini uchratibdi. Ular onalarini ko‘rib yig‘lab yuborishibdi. Ularning aytishicha, Yumshoqoy ketayotib orqaroqda qolib ketibdi. Oldilaridan o‘tayotgan qator-qator mashinalarning biridan odamlar tushib uni olib ketishdimi yoki odamlardan qochaman degan xayolda o‘rmonning boshqa tomoniga adashib ketib qoldimi, bilolmay jig‘ibiyroni chiqib yurishgan ekan. Ona tipratikan bolalarini tinchlantirgach, ota tipratikanga qo‘ng‘iroq qilibdi. Ular maktabga qaytib o‘qituvchilardan Yumshoqoyni surishtirishibdi, afsuski, ular bolalar, shu jumladan, Yumshoqoy ham maktab darvozasidan chiqib ketganini aytishibdi. Ota tipratikan militsiyaga boribdi. Militsiya xodimlari Yumshoqoyning suratlarini olib qolib, o‘sha zahoti qidiruv e’lon qilishibdi. Butun o‘rmon ahli Yumshoqoyni qidirishga tushibdi. “Qizalog‘imni ochko‘z bo‘ri yeb qo‘ygan yoki odamlar olib borib tantiq bolalariga bergan bo‘lsa-chi?” degan xayoldan ona tipratikan hushidan ketibdi. O‘rmon ichki ishlar boshqarmasining polkovnigi Lochinovga qarashli o‘tkir ko‘z, jasur, uchar xodimlari o‘rmon qushlarini yordamga chaqirishibdi. Ular dastlab maktab yo‘lidagi barcha binolarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralarini tekshirib chiqishibdi. Yo‘lning eng serqatnov joyida, diqqatga sazovor nuqtada joylashgan Olashaqshaqovlarga tegishli do‘konning kuzatuv kamerasi tasvirlaridan 458 raqamli “Matiz” avtomashinasining egasi Yumshoqoyni soat 13.45 larda zo‘rlik bilan mashinasiga solib olib ketgani ma’lum bo‘ldi. “Lochin” tezkor guruhining xodimi Qaytmas Qo‘rqmasov tezlik bilan o‘sha “Matiz” egasi yashaydigan uyni topdi. Uyda ikki nafar bola bo‘lib, ular Yumshoqoyni jonsiz o‘yinchoqday bir-biriga qarab otar, ustidan qum sepishar, goh tog‘oraga suv solib suzishni o‘rgatmoqchi bo‘lishardi. Yumshoqoy yeya olmaydigan sho‘r bodring, sho‘r pomidorlarni majburlab og‘ziga tiqishar edi. Xullas, Yumshoqoyning ahvoli g‘oyat ayanchli edi. Kechga borib odam bolalari uxlagani uylariga kirishdi. Yumshoqoyni esa eshik yonidagi taxta qutichada qoldirishdi. Manzilga yetib borgan “Lochin” guruhi yarim tunda maxsus to‘r xaltachaga Yumshoqoyni solib Tipratikanovlar xonadoniga olib kelishdi. O‘sha tunda Yumshoqoyning holidan xavotirlangan o‘rmon ahli Tipratikanovlar uyi yonida to‘plangan edi. Ular Yumshoqoyni ko‘rib qarsak chalib yuborishdi. Ona tipratikan qizchasining ovozini eshitib ko‘zini ochdi. Ota tipratikan Yumshoqoyni olib o‘rmon shifoxonasiga ketdi. Chunki uning yuzlari ko‘karib ketgan, burunchasidan, quloqchasidan qon oqar edi. Ertasi kuni ancha o‘ziga kelgan Yumshoqoyni ko‘rgani uydagilari, sinfdoshlari, qo‘shnilari shifoxonaga kelishdi. Lablaridagi jarohatlar bitmagani uchun unga onasi pishirib kelgan suyuqqina bo‘tqani qoshiqchada ichirishdi. Yumshoqoyning birinchi bo‘lib so‘ragan savoli shunday bo‘ldi:
– Onajon, ayting-chi, odamlar va ularning bolalari shunchalik yomonmi?
Ona tipratikan javob berdi: – Yo‘q Yumshoqqinam, odamlarning hammasi ham yomon emas, faqat ularning ayrimlari jonivorlarga nisbatan berahm bo‘ladi. Ular o‘z bolalariga bizning ham jonimiz borligini, bizning ham ko‘zlarimiz, boshimiz, oyoqlarimiz, qo‘llarimiz birov azob bersa, og‘rishi mumkinligini tushuntirmaydi.
– Ha, odamlarning orasida mehribonlari juda ko‘p, mana, masalan, bolaligimda adashib katta yo‘lga chiqib qolganimda, bir odam avaylab olib kelib, o‘rmonimizga tashlab ketgan. Bir safar o‘rmonga yong‘in tushganda, odamlar asrab qolishgan. Eh, nimasini so‘raysan, odamlar orasida ham har xili uchraydi.
– Yana bir savol bersam, maylimi, – dedi Yumshoqoy. – Ayting-chi otajon, bu dunyoda yaxshilar ko‘pmi yoki yomonlar?
Shunda ota tipratikan qat’iy javob beribdi: – Bu dunyoda yaxshilar ko‘p. Yaxshilik doimo yomonlik ustidan g‘alaba qozonadi. Xursand bo‘lib ketgan Yumshoqoy: – Yashasin yaxshilar! Yashasin yaxshilik, – debdi va bu javobdan onasini mahkam quchoqlab xotirjam uyquga ketibdi.
Zulfiya Mo‘minova