Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eron xalq ertagi

Xayol va uyqu mamlakatida tanbal bola yashar ekan. U yerda hamma narsa sekin, tushga o‘xshab o‘tar ekan. Qushlar ham kasalga o‘xshab uchisharkan, ba’zida uchgan holda yerga qulasharkan. Maysalar va o‘simliklar juda sekin, daraxtlar egilib o‘sarkan.

Odamlar uyqudan kech uyg‘onisharkan. Biror ish qilishsa, uzoq cho‘zilarkan. Ertagimiz qahramoni – tanbal bola ham yumshoq va issiq karavotda uzoq uyquga ketgan ekan. Tanbal bola hamma narsadan uyquni afzal bilarkan. Oxir-oqibat u ko‘zlarini ochib, esnabdi. Qorni ochganini his qilibdi. U nonushta qilganida asr mahali bo‘larkan. Tanbal bola zo‘rg‘a o‘rnidan turib, choy tayyorlash uchun chovgumga suv olib, o‘choqqa qo‘yibdi. Bu yerda bitta non yopish uchun ikki soat vaqt kerak ekan. Nonlar kuyib ketmas ekan. Tanbal bola o‘ziga-o‘zi debdi: – Choy qaynab, non tayyor bo‘lguncha hovlidagi yumshoq kursida yastanib yotsam bo‘ladi. Shunday debdi-yu, esnab, ko‘zlarini yumibdi. U yana uyquga ketibdi. Qandaydir baland ovozdan uyg‘onibdi. Uyg‘ongach ham ovoz uni ta’qib qilibdi: – O‘rningdan tur! – debdi. Tanbal bola taajjub va qo‘rquvdan ko‘zlarini katta ochibdi. Ro‘parasida ikkita odam turganini ko‘ribdi. U qo‘rqa-pisa debdi:

– Siz kimsiz?

– Mening ismim Mehnat, – debdi birinchi odam.

– Meniki esa G‘ayrat, – debdi ikkinchisi.

G‘ayratning ishi juda ko‘p ekan. U tanbal bolaga o‘zi bilan birga yurishni buyuribdi. Mehnat debdi:

– Biz sening mudrashingni poylab, bu yerda kun bo‘yi qololmaymiz. Birinchi navbatda karavotingni yig‘ishtirib qo‘y. Keyin hovlidagi o‘tinlarni maydalab yor. Taom tayyorla, kiyimlaringni yuv. Yirtiq liboslar va paypoqlaringni tikib ol.

Tanbal bola bu ishlarni qanday bajarishni o‘ylab, qo‘rqib ketibdi.

– Nima? O‘tinlarni tozalayman. Karavotni tikaman. Polni mayda qilaman. Ko‘mir yoqaman. Deraza tayyorlayman! – U qo‘rqqanidan hammasini chalkashtirib gapiribdi.

Tanbal bola terga botib, nafasi tiqilib, aytilgan ishlarni bajaribdi. Ammo Mehnat bilan G‘ayrat uning charchaganiga aslo ahamiyat berishmabdi. Hamma ishni qilib bo‘lgach, qorni ochibdi. Biroz dam olmoqchi bo‘libdi. Birdan Mehnat bilan G‘ayratning baland ovozini eshitib, tashqariga chiqibdi. Endi navbat yurishga kelibdi. Oyoqlari holdan toyguncha yurishibdi.

Tanbal bola uyiga qaytib, ozgina cho‘zilib yotmoqchi bo‘lgan ekan, Mehnat bilan G‘ayrat:

– Endi yugurishga navbat! – deyishibdi.

– Boshqa hech narsa qilolmayman!

G‘ayrat unga qichqiribdi: – Men hushtagimni chalganda sen eshik yonida yugurishga tayyorlanib tur. – O‘sha lahzada hushtak chalib, o‘zi ham yugura boshlabdi. Tanbal bola zo‘rg‘a yuguribdi. Mehnat debdi: – Unday emas! Tezroq yugurish kerak! G‘ayrat yana hushtak chalibdi. Tanbal bola yana yuguribdi. Go‘yo oyoqlari ham o‘ziniki emasday tuyulibdi. U o‘tmishini o‘ylay boshlabdi. Ko‘zlarini ishqalab yumshoq kursida yastanib o‘tirganlarini eslabdi. Atrofiga qarabdi. G‘ayrat va Mehnatni ko‘rmabdi. Ko‘rganlarining hammasi tush ekan. Hushtak ovozi ham chovgumning qaynagan tovushi ekan.

Tanbal bola yengil nafas olibdi. Oshxonaga kirib ovqatlangach, yana cho‘zilib yotmoqchi bo‘libdi. Biroq yomon tush ko‘rishdan cho‘chib, mehnatsevar bo‘lishga ahd qilibdi va hayot tarzini o‘zgartiribdi.

 

Fors tilidan Bahriddin Turg‘unov tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.