- Rukn: Ertaklar
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qalin o‘rmonda ayiq, tulki, bo‘ri, quyon, kiyik, sher, yo‘lbars kabi ko‘plab hayvonlar yasharkan. Ularning eng ayyori Tulkixon ekan. Hayvonlar uni yomon ko‘risharkan, chunki u tayyorga ayyorlik qilib kun ko‘rar ekan. Bir kuni Tulkixon Ayiqvoyning asalini o‘g‘irlab ketibdi. Ayiqvoy uyga qaytgach, asali kamayganini sezibdi. Shoshilib tashqariga chiqib qarasa, nariroqda Tulkixon turganmish.
– Hoy Tulkixon, uyimga kim kirganini ko‘rmadingmi? – deb so‘rabdi ayiq.
– Ha, ko‘rdim, – debdi Tulkixon.
– Kim kirdi?
– Zag‘izg‘on kirdi, deyarli har kuni kiradi. Men asta orqasidan kirdim. Qarasam, ko‘zadagi asaldan mazza qilib yedi, – debdi Tulkixon. Ayiqvoy indamay uyga qaytib kirib ketibdi. Keyin uyi og‘ziga asal to‘kib qo‘yibdi. Chunki u Tulkixonning gapiga ishonmagan ekan. Ertasi kuni Tulkixon yana Ayiqvoyning uyiga kelibdi. Ichkariga kirmoqchi bo‘lganida asalga yopishib qolibdi. U qancha urinsa ham joyidan chiqa olmabdi. Ayiqvoy kelib qarasa, uyida kutilmagan mehmon – Tulkixon yum-yum yig‘lab o‘tirganmish. Tulkixon unga bor gapni aytib uzr so‘rabdi. Ayiqvoy ikkinchi marta bunday tekinxo‘rlik qilmaslik sharti bilan uni qo‘yib yuboribdi.
Mashhura ZAYNIYEVA,
Qashqadaryo viloyati Kitob tumani 79-maktab 5-sinf