Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim o‘tgan zamonda tog‘ning narigi tomonida juda mashhur tandirchi chol bilan kampir yashagan ekan. Cholning katta o‘g‘li olamdan ko‘z yumgan, undan bir o‘g‘il qolgan ekan. Chol-kampir Yodgorboyni ancha erkalatib katta qilishibdi. U bobo va momosi oftob tig‘ida tuproq o‘yib, loy qorib, undan tepkilab-tepkilab tandir yasashlarini beparvogina kuzatar, yordam berish xayoliga ham kelmas ekan. Kunlardan bir kun chol nabirasini yoniga olib debdi:

– Bolam, men ancha qarib qoldim. Mendan keyin sen hunarimni davom ettirasanmi, yo‘qmi, bilmadim. Biroq ota kasbni o‘rganib qo‘yishing zarur, bir kunmas-bir kun asqotadi, – debdi.

Aslida Yodgorboyni tandirchi bo‘lish niyati yo‘q ekan. Bobosiga yo‘q deyolmay amal-taqal qilib tandir yasashni o‘rganib olibdi. Bir kun uxlab-uxlab qorni ochibdi-da, nega menga nonushta berishmadi ekan, deb momosidan xafa bo‘lib tashqariga chiqibdi. Qarasa, vaqt choshgohdan o‘tgan, quyosh tepada ayovsiz nur sochyapti. Biroq bobosi jiqqa terga botib, kun tig‘ida loy tepayapti, kampir esa pishiq bo‘lishi uchun loyga jun qo‘shayotganmish.

– Bobo, momo, rosa qornim ochdi. Sizlarga nima zaril shunday qiynalib ishlash? Baribir biringiz ikki bo‘lmayapti. Qornimiz to‘yib ovqat yemayapmiz. Momo, menga issiq non bilan qaymoq bering, – debdi. Keyin qo‘shib qo‘yibdi: – Men hech qachon bunday mashaqqatli hunar bilan shug‘ullanmayman. Men dunyo kezaman, savdogarlik qilaman. Ertagayoq yo‘lga chiqib, omadimni sinab ko‘rmoqchiman.

Chol-kampir uni yo‘ldan qaytarishga ko‘p urinishibdi, lekin u so‘zida turib olibdi.

– Har holda o‘z kasbimni o‘rgatdim, – debdi bobosi, – juda qiynalib qolsang, shu hunar asqotadi. Senga oq yo‘l, bolam. Biroq yo‘lga tushishingdan avval senga bir sirni ochay, – chol nabirasini hovli o‘rtasidagi ulkan yong‘oq daraxti oldiga olib boribdi. – Yodgorboy, mana shu daraxt tagidagi tuproq mo‘jizali. Dunyo ko‘rib qaytgach, shu tuproqdan olib tandir yasa. Uni quyosh nurida yaxshilab qurit... Shunda chinakam mo‘jizani ko‘rasan. Tandiring tillaga aylanadi. U seni bir umr to‘kinlikda yashashingga yetadi, – debdi.

Kampir nabirasini yaxshilab to‘ydiribdi. Ertalab bola uydagilar bilan xayrlashib yo‘lga tushibdi. Oradan kunlar, oylar, yillar o‘tibdi. Bola ulg‘ayib yigit bo‘libdi. Lekin orzusiga erishmabdi. Savdogarlik orqali boyish o‘rniga aksincha, kundan-kunga holi tanglanib, qorin to‘ydirishga zo‘rg‘a pul topadigan bo‘libdi. U o‘ylab-o‘ylab, bobo uyiga qaytishga qaror qilibdi. Kelsa, uy vayronaga aylangan, chol-kampir olamdan o‘tgan ekan. U bir kecha shu xarobada uxlabdi. Tushida bobosi yana unga o‘sha yong‘oq daraxtini ko‘rsatibdi. Yodgorboy ertalab turib daraxt yoniga kelibdi. Qarasa, daraxt ham quriy-quriy deb qolgan ekan. Yodgor uning tagini yumshatishga tushibdi. Yer shunchalik qotib ketgan ekanki... Yodgor o‘tirib olib rosa yig‘labdi. Lekin endi unga qaraydigan, qornini to‘yg‘azadigan bobo-momosi yo‘q ekan. Yig‘lab o‘tiraversa, ochidan o‘lishi hech gapmas. Shuni o‘ylab u qo‘llari qavarib ketsa ham tuproqni o‘yaveribdi. Keyin sal naridagi soydan suv tashib kelib loy qoribdi. Ichkari hujrada momosi bir paytlar titib, tayyorlab qo‘ygan jundan bir quchoq olib chiqib loyga qo‘shibdi. Loyni bobosidan o‘rganganday pishirib tandir yasabdi. Uni oftobga qo‘yib, daraxtga suyangancha tandirning tillaga aylanishini kutibdi. Lekin hech qanday mo‘jiza yuz bermabdi. Shu chog‘ qulog‘iga “yordam bering”, degan ovoz eshitilibdi. Ovoz eski o‘ra tomondan kelayotgan ekan. Yodgor zo‘rg‘a o‘rnidan turib borib o‘ra ichiga qarabdi. U yerda bir kishi o‘tirgan ekan. Tunda kelayotib shu o‘raga tushib ketganini aytibdi. Yodgor o‘raga arqon tashlab o‘sha odamni qutqarib olibdi. O‘radan chiqqan kishi Yodgorga rahmat aytibdi. Keyin ko‘zi tandirga tushibdi.

– Bu juda noyob tandir, hozir hech kim bunaqa ajoyib tandir yasay olmaydi, – debdi u. Keyin o‘n tilla berib tandirni sotib olibdi. Shu tariqa Yodgorning tandiri dovrug‘ taratibdi. Unga qo‘shni ovul va qishloqlardan odamlar kelib buyurtma bera boshlabdi. Yodgor ancha o‘zini tutib olibdi. Chiroyli uy quribdi, uylanibdi. Eng qizig‘i, keksa yong‘oq daraxti ham qaytadan yashnab, yasharib ketibdi. Shunda Yodgor bobosining, hunarli yigit xor bo‘lmaydi, kimda-kim ota kasbini hurmat qilsa, kam bo‘lmaydi, degan gaplarini eslabdi. Ichida esa yonida chopqillab yurgan ikki o‘g‘liga ham o‘z hunarini o‘rgatishni o‘ylab qo‘yibdi.

 

Ozoda TO‘LIBOYEVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani

71-maktab o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.