Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qadim o‘tgan zamonda, baland tog‘lardagi qalin o‘rmonda soch-soqoli oqargan Kecha, o‘rta yoshdagi Bugun va yosh o‘spirin Erta yashagan ekan. Uchovlon otlariga minib safarga otlanishibdi. Yo‘lda g‘oyibdan qora qarg‘a paydo bo‘libdi va Bugunning yelkasiga qo‘nibdi.

– Sen zabardast ekansan-u, nima qilib keksa chol va yigitcha bilan yetaklashib yuribsan. O‘ng tomondagi yo‘lga yur. U yerda seni katta boylik kutyapti, tez orada boyib ketasan, – debdi.

U gapini tugatar-tugatmas, ayyor zag‘izg‘on uchib kelib Ertaning yelkasiga mahkam joylashib olib, shunday debdi:

– Ey, navqiron yigit, nega bulardan ayrilolmaysan. Chapdagi yo‘lga buril. Aytganimni qilsang, cheksiz shon-shuhratga erishasan. Sen bu safga bosh bo‘lishga arziysan.

Shum qushlarning nayranglariga ishongan Bugun va Erta ketayotgan yo‘llaridan ikkilanib, otlarini o‘ngga va chapga bura boshlabdi.

Kutilmaganda osmondan ulkan lochin uchib tushib, niyati qora qarg‘a va zag‘izg‘onning patlarini cho‘qib, haydabdi.

So‘ng Kechaning yelkasiga qo‘nib:

– Unutmang: Bugun Kechasiz bo‘lmaydi, Erta esa Bugunsiz. Tong, Kun, Oqshom kabi sizlarni ham bir-biringizdan ajratib bo‘lmaydi, – degan ekan.

 

Yulduz TESHABOYEVA

tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.