Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qadim zamonda bir bog‘bon bo‘lgan ekan. Uning bog‘ida, turli xil mevali daraxtlar bo‘lib, har yili mo‘l hosil berar ekan. Shu bois bog‘bonning dong‘i hamma yoqqa ketgan ekan. Bahor kelganda bog‘ yashnab ketar, kuz faslida esa anvoyi mevalarning ifori bog‘ni tutib, ishtahani qitiqlar ekan.

Bundan bog‘bon boboning bahri dili ochilib, mevalaridan qo‘ni-qo‘shnilariga ulashar ekan.

Bir kuni bog‘bon bog‘ida aylanib yurib, anjir daraxtiga ko‘zi tushibdi. U yana meva tugmaganidan xafa bo‘libdi.

Shunda bog‘bon daraxtni olib tashlash uchun bor kuchi bilan tortibdi. Bog‘bonning bu qilig‘idan ko‘chat tilga kiribdi:

– Bog‘bon bobo, meni nima qilmoqchisiz?

– Menga hosil bermaydigan daraxtning keragi yo‘q, – debdi bog‘bon.

– Ozgina sabr qiling, boshqa daraxtlarga o‘xshamaydigan fazilatim bor. Biroz shoshmasangiz sizga yaxshigina naf keltiradigan daraxt bo‘lishim mumkin, – debdi u.

Kelgusi yil anjir daraxti hosilga kiribdi. Xursand bo‘lgan bog‘bon anjirning mevalariga oftob tegsin, deb uning ortiqcha barglarini olib tashlashga kirishibdi. Bargidan chiqqan sutga o‘xshash oppoq suv bog‘bonning qo‘lini achitibdi.

Uyiga kirgach, qo‘lim nega bunchalik achiyapti ekan, deb qarasa... barmoqlaridagi qadoqlar yo‘q emish. Shunda bog‘bon anjirning gaplarini eslabdi. Demak, anjirning bargidan chiqqan shirasi qadoq va so‘galga da’vo ekan-da, debdi va bu haqida atrofdagi qo‘shnilari, tanishlari qarindosh-urug‘lariga ham xabar beribdi. Shunday qilib, anjirning shifobaxsh xususiyati haqidagi ajoyib xushxabar tabiblar qulog‘iga ham yetib boribdi.

 

Valida ABDUG‘AFFOR qizi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.