- Rukn: Ertaklar
(ertak)
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Hozirgi zamonda, Amudaryo bo‘ylaridagi go‘zal qishloqda Anvar degan bola yashar ekan. Ularning hovlisida anvoyi gulzor bor ekan. Ana shu gulzor yonidagi daraxtda kattakon qafas osilgan bo‘lib, unda ikkita chiroyli to‘tiqush yashar ekan. Bir kuni Anvar qafas yonidan o‘tayotib ularning suhbatini eshitib qolibdi:
– Mana shu gulzor osmonida erkin uchishni orzu qilaman, – debdi birinchi to‘tiqush.
– Men esa bir marta bo‘lsa ham o‘z diyorimni ko‘rgim keladi, – xo‘rsinibdi ikkinchi to‘tiqush.
– “Diyor” odamlar tilida Vatan degani. Ular ham tez-tez shu so‘zni tilga oladi. Men bu so‘zni qaytarsam, xursand bo‘lib ketishadi, – dedi birinchi to‘tiqush.
– Negaligini bilmayman-u menga ularning “ona” degan so‘zi yoqadi. O‘zim bu so‘z ma’nosini bilmayman. Lekin ular xursand bo‘lsin deb, takror-takror aytaveraman, – kuldi ikkinchi to‘tiqush.
– Buning kuladigan joyi yo‘q. Ona chindan ham mo‘tabar zot. U farzandni dunyoga keltiradi, mehr berib o‘stiradi. Kerak bo‘lsa, bolasi uchun jonini beradi. Aslida har bir jonivorning onasi mehribon, lekin hech biri odam bolasining onasidek fidoyi, jonkuyar bo‘lmaydi, – dedi birinchi to‘tiqush. – Mana shu Anvarning onasini qara. Tong qorong‘isida turib sigir sog‘adi, tandirda issiq non yopadi. Bolalari uchun to‘kin dasturxon tuzaydi. Lekin biror marta ham charchadim, deb nolimaydi. Bolalari bo‘lsa biror marta ham rahmat, demaydi.
– Onalar shunaqa zahmatkash bo‘ladimi? Balki men...onamni tanimaganim uchun bu haqda bilmasman. Unda-chi, do‘stim, biz qafasdaligimizdan xafa bo‘lmasligimiz kerak ekan. Tutqunlikda o‘tirgan bo‘sak-da, bolalar qalbiga eng ulug‘ so‘zlarni joylayotgan, ularni vatani, onasini tanishiga undayotgan ekanmiz...
– To‘g‘riku-ya, lekin bir marta bo‘lsa ham ozodlikni his qilsam, yaxshi bo‘lardi-da, – dedi birinchi to‘ti.
Shu payt soat qo‘ng‘irog‘i qattiq jiringladi. Anvar ko‘zini ochdi. U tush ko‘rganini bildi, asta o‘rnidan turdi. Egniga ko‘ylagini kiyib tashqariga chiqdi. Qafas yoniga bordi. To‘tilari o‘z tillarida tongni qarshilab chug‘urlashayotgan ekan. Anvar sekingina qafas eshikchasini ochdi. Keyin tandirga olov yoqayotgan onasi tomonga yurdi.
Tursunoy JIYANBOYEVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani 27-maktab 4-sinf