Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Fidji xalq ertagi

Oʻrmonda yashovchi Toʻtiqush va Koʻrshapalak qalin doʻst ekanlar. Ularning biri kunduzi, ikkinchisi tunda uchsa ham oʻrmonda bir vaqtda uchib, suhbatlashishga imkon topishar ekan. Bir kuni Koʻrshapalak Toʻtiqushga:

– Koro orolidagi palma mevasi pishibdi, – debdi.

– Menga ularning yumshoqligi yoqadi, oʻsha yoqqa uchib bormaymizmi? – taklif qilibdi Toʻtiqush.

– Yaxshi, borganimiz boʻlsin!

Ular Koro orollari tomon yoʻl olishibdi. Koʻrshapalak juda past, toʻlqinlarga tegay-tegay deb uchibdi. Toʻtiqush esa juda balandda uchib borarkan. Tezda uning qanotlari tolib qolibdi.

– Men holdan toydim, suvga qulab tushishim mumkin, – qichqiribdi u Koʻrshapalakka.

– Pastroq uch, men seni suyab ketaman, – debdi unga Koʻrshapalak.

Mashaqqat bilan pastlab olgan Toʻtiqush ham deyarli toʻlqinlar bilan barobar parvoz eta boshlabdi.

– Mening ustimga qoʻnib ol, boʻlmasa halok boʻlasan, – debdi qanotlarini yoyib Koʻrshapalak.

Ammo holdan toygan Toʻtiqush, Koʻrshapalakning silliq qanotlari ustida oʻzini tutib turolmabdi. Sirpanib dengizga tushib ketibdi. Xuddi shu paytda uni toʻtibaliq yutib yuboribdi.

Shundan beri Toʻtibaliqning tumshugʻi Toʻtiqushnikiga oʻxshash shoxsimon boʻlib dengiz marjonlarini ham bemalol uzib oladigan boʻlib qolgan ekan.

Oʻshandan buyon Toʻtiqushlar Koʻrshapalaklardan qoʻrqadigan va ular bilan birga uchmaydigan boʻlishibdi.

 

Rus tilidan Vasila POʻLATOVA tarjimasi

1976-yil 8-son

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.