Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kutilmagan yomgʻir

 

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan bolalar multfilm koʻrib, internetni bilib, ertaklarga umuman ishonmay qoʻygan zamonda, olis vodiy tomonda Hayitvoy novvoy xotini Shabnamoy va erka qizi Kumush bilan tinch-totuvlikda yashar ekan.

Shunday kunlarning birida Kumush tugʻilgan kunini nishonlash uchun dugonalarini chaqiribdi. Bu taklifning sababi – dugonalariga oqibati baland boʻlganidan emas, balki otasi sovgʻa qilgan yangi koʻylakni birinchi boʻlib ularga maqtanmoqchi boʻlganida ekan. U oʻn bir yoshdan oʻn ikkiga oʻtgan boʻlsa-da, injiqligi va erkaligi xuddi yosh bolanikidek ekan.

Xullas, oʻsha kuni bahorning injiqligi Kumushning erkaligidan oʻtib tushibdi. Saharlab quygan yomgʻir to kun botguncha tinmabdi. Mehmonlar kechga yaqin kelishibdi. Baxtga qarshi, yoʻlni sel bosib, otasi qiziga vaʼda qilgan sovgʻani ololmabdi. U kun boʻyi tandirdagi choʻgʻ ichiga tushgandek siqilib yuribdi. Ammo, zukko ayoli Shabnamoy oʻz qoʻllari bilan toʻqigan nimchani qiziga sovgʻa qilganda, nonvoyning koʻngli biroz yorishibdi. Lekin ish ular oʻylagandek boʻlmabdi. Kumush dugonalariga maqtanib qoʻygan sovgʻasini olmaganidan jahli chiqib, onasi olti oy ovora boʻlib toʻqigan nimchani hammaning koʻz oʻngida tashqariga uloqtiribdi. Sinfdoshlari oldida Kumush:

– Men sizdan qandaydir nimcha emas, shahardagi eng chiroyli koʻylakni soʻragandim. Nima, olib berish shunchalik qiyin boʻldimi? Sizlar tufayli qizlar oldida sharmanda boʻldim, – deb yer tepinib, xonasiga kirib ketibdi. Bir-birlariga suyangan er-xotin qizining muomalasidan xafa boʻlib, eshik oldida turib qolishibdi. Ular qancha vaqt turishgan – anigʻini bilmadim-u, ammo mehmonlarni Kumushning dugonasi Sevinch kuzatibdi. Soʻng dugonasiga dalda berish uchun yoniga kiribdi. Uyning toʻrida yigʻlab oʻtirgan sirdoshini koʻrib:

– Kumush, uyingdagilarni xijolatga qoʻyib yaxshi ish qilmading, dugonajon, – debdi.

– Nima, ular toʻgʻri ish qildimi? Qizlar oldida sharmanda boʻldim-ku?! Nega kattalar qoʻlidan kelmaydigan ishlarga vaʼda berishadi? – dugonasiga shikoyat qilibdi Kumush.

– Axir oʻsha koʻylak ota-onangdan aziz emas-ku!

– U dunyodagi eng chiroyli koʻylak. Hech narsani unga almashtirmayman.

– Istasang, senga undan ham chiroyli koʻylak haqida aytib beraman, – Sevinch Kumushning yoniga yaqinroq oʻtiribdi.

– Rostdan shunaqa koʻylak bormi? Uni qayerdan topsa boʻladi? – soʻrabdi Kumush koʻzidagi yoshlarini artib, qiziqishini ichiga sigʻdirolmay.

Sevinch hech kim eshitib qolmasligi uchun, eshikni mahkam yopib, gap boshlabdi:

– Ha, shunday koʻylak bor. Qarasang, koʻzingni uzolmay qolasan. Berish-bermasligini bilmadim-u, ammo juda chiroyli.

– Qayerda? Aytaqolsang-chi, buncha ichimni kuydirding, – hovliqibdi Kumush.

– Oʻtgan kuni onam: “U bechoraning hech kimi yoʻq. Mana bu ovqatni sovutmasdan tez eltib ber”, deb meni qoʻshni koʻchada yashaydigan, Qimmat kampirning uyiga yuborgandi. Ovqatni berib qaytayotganimda, kampirning uyidan taralayotgan shuʼlaga koʻzim tushdi. Eshikka yaqinroq borib qaradim. Oʻzidan yorugʻlik taratayotgan narsa koʻylak ekan. Koʻzlarimga ishonmadim. Hayratdan ogʻzim ochilib qoldi. Umrimda bunaqangi chiroyli koʻylakni koʻrmagandim, – Sevinchni koʻzlari porlabdi.

– Ey, qoʻysangchi, boʻlishi mumkin emas. Sendan biror aqlliroq gap chiqar, deb ogʻzingga qarab oʻtiribman-a. Bunaqa choʻpchaklaringni ukalaringga aytasan. Kim-kim emish, yana hech kimi yoʻq Qimmat kampirning uyida emish. Boʻpti, keyin nima boʻldi?

– Nima boʻlardi, xayolim qochib, Qimmat kampirning kelganini sezmay qolibman. Kampir birdan kelib, eshikni qattiq yopti-da, koʻzimga oʻqrayib qarab, “Ovqat uchun rahmat, endi esa tez joʻna, qorangni oʻchir”, deb quvib soldi.

– Qimmat kampirni quvib solganiga ishonaman. Oʻzi shunaqa odamovi. Lekin koʻylak haqidagi uydirmalaringga ishonish qiyin...

– Yaxshiyam, aytsam birov ishonmaydi, deb kampir javon eshigini yopayotganida suratga tushirib olganim, – Sevinch telefonidagi rasmni koʻrsatibdi.

Kumush rasmdagi koʻylakdan koʻzlarini uzolmay qolibdi. Dugonasi uni aldamaganiga, Qimmat kampirning uyida doʻkondagidan yuz chandon chiroyli koʻylak borligiga ishonibdi. Qanday qilib boʻlsa ham uni qoʻlga kiritish haqida oʻylay boshlagan Kumush dugonasiga qarab:

– Ey, qiziqsan-a, Qimmat kampirdan bir narsa soʻrab boʻladimi? Qara, yomgʻir ham tinibdi. Tur, kiyimlaringni kiy, – debdi.

– Nima, meni haydayapsanmi?

– Nega haydayman. Kiyimlaringni kiy, oʻsha Qimmat kampirning uyiga borib, sen aytgan koʻylakni koʻramiz, sotsa olamiz.

– Hazillashyapsanmi? Qimmat kampir kech tushganda buqadek keladigan itini qoʻyib yuboradi. U bizni bir hamlada yeb qoʻyadi-ku. Yoʻq, men qoʻrqaman. Bormayman.

– Yomon niyatda borayotganimiz yoʻq-ku. Pulini beramiz. Baribir, nima qiladi, koʻylakni kiygani qizi boʻlmasa?

– Uni Qimmat kampir deb qoʻyibdi. Narxini qimmat aytsa-chi. Pulni qayerdan olasan? – ajablanib soʻrabdi Sevinch.

– Qiziqsan-a, Sevinch, otamga bir yigʻlab bersam, qancha boʻlsa ham olib beradi. Shu ham muammomi?

– Unda yaxshi. Lekin bugun kech boʻldi. Ertaga boraylik.

– Qolgan ishga qor yogʻar, deydilar. Bugun boramiz. Yur endi, yalintirma.

– Qimmat kampir haqida har xil gaplar yuradi. Aytishlaricha, yoshligida sandiqqa qamalib qolganidan keyin, qorongʻidan qoʻrqadigan boʻlib qolgan ekan. Shuning uchun u kech tushdi deguncha, eshik-derazalarini yopib, uydagi bor chiroqlarini yoqib, kamiga itini ham zanjiridan yechib yuborar ekan. Seni bilmadim-u, lekin meni it tishlab olishini istamayman. Xullas, bemahalda birovning uyiga borish yaxshi emas. Men, bunday qilmagan boʻlardim.

– Ey qoʻysangchi, yana boshladingmi? Nahotki yigirma birinchi asrda, qayerdagi rivoyatlarga ishonsang. Undan koʻra, bahona qilmay, “Bu koʻylakni oʻzim olmoqchiman, senga bergim yoʻq”, desang-chi. Xafa qilding, sendan buni kutmagandim, – deb Sevinchni uyidan chiqarib yuboribdi.

Aslida Kumush Sevinchdan ranjimagandi, bu shunchaki koʻylak uchun tuzgan rejasining bir qismi edi. Koʻylakni oʻylayverganidan tuni bilan koʻziga uyqu kelmabdi. Oʻzini chalgʻitish uchun avval telefonini, soʻng kompyuterini titkilabdi. Ammo xayolini koʻylakdan ayira olmabdi. Kumush negadir Sevinchdan shubhalana boshlabdi. “Koʻylakni oʻzi olgan boʻlsa-chi. Unda men yana quruq qolamanmi?” degan fikr miyasiga kelibdi-yu, yarim tunda koʻylakka erishishni maqsad qilibdi. Kumush apil-tapil kiyingancha, koʻylak uchun sumka va itga atab suyak olibdi. Uydagilarga ketganimni bildirmay deb, derazadan oshib tushibdi.

 

Qimmat kampirning xazinasi

Sovuq havo, qorongʻu koʻcha. Faqatgina yoʻl chetidagi yomgʻirdan qolgan koʻlmaklarda bulut siljiganda oy shuʼlasi bir-bir koʻrinib qoladi. Kumush qoʻrquvni yengish uchun telefon chirogʻini yoqib, oʻziga yoqqan qoʻshiqni baland qilib qoʻydi-da, kampirning uyiga yetib borguncha past ovozda xirgoyi qilib ketdi.

Sevinchning aytgani toʻgʻri chiqibdi. Qishloq boʻyicha faqat Qimmat kampirning hovlisida chiroqlar charaqlab yonardi. Kumush devordan oshib hovliga kiribdi. Omadi kelib, itga duch kelmabdi. “Menimcha yomgʻir yogʻganiga biror pana joyni topib kirib ketdiyov, bu koʻppak”, oʻylabdi Kumush. Yoniq chiroqlarni koʻrib, Kumushdan qoʻrquv aribdi. Dahliz boʻylab dadil yurib, oxirida qizil va oq eshikka duch kelibdi. Kumush oq eshikni ochibdi. Xonada Qimmat kampir oppoq sochlarini yoyib, osmonga qarab xurrak otib uxlayotgan ekan. U sekin eshikni yopgancha, qizil eshik tomon yuzlanibdi.

Qizil eshik ortidagi kichik xonada eski kiyim javoni bor ekan. Kumush qidirganini topishga qiynalmabdi. Har qarichida yulduzdek tovlanadigan durlar bilan bezatilgan koʻylak, oʻzidan quyoshdek shuʼla taratayotgan ekan-da. Kumush alvon koʻylakning asiri boʻlibdi. U koʻylakka endi qoʻl uzatganda telefoni bosilib, xonani musiqa sadosi tutibdi. Kumush bexos chalingan musiqadan emas, balki qoʻshni xona eshigining ochilgan ovozidan koʻproq qoʻrquvga tushibdi. U musiqani oʻchiribdi-yu, biroq borgan sari yaqinlashib kelayotgan qadam tovushini toʻxtata olmabdi. Qimmat kampir ochiq eshikdan sochlari toʻzgʻigancha, toʻgʻri bostirib kela boshlabdi. Qizaloq qoʻl-oyogʻi qaltiragancha koʻylakni sumkasiga joylabdi. Chiroqni oʻchiribdi-da, qorongʻu xonada kampirni qoldirib, tashqariga otilibdi. Oʻgʻri qiz kampirdan qochib qutilibdi-yu, darvoza yonida turgan bahaybat itga tutilibdi. Junlari hurpaygan, soʻyloq tishlari uzunligidan yopiq ogʻzidan ham koʻrinib turgan bu it irillagancha hujumga shaylanibdi. Kumush qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ titragancha sumkasidagi suyakni qidira boshlabdi. Ammo Kumush devordan oshayotganda suyak tushib qolgan ekan. Koʻppak bigizdek tirnoqlari bilan qizga tashlanibdi. Kumush koʻylakni qoʻliga olibdi-yu, sumkani itning boshiga uloqtiribdi. Boshiga qalpoqdek kiyilib qolgan sumkadan xalos boʻlolmagan it akkillagancha qolibdi. Ortiga qaramay qochgan Kumush loy koʻchalardan oʻtib, ochiq qolgan derazadan uyiga kiribdi. Deraza pardalarini tutib, xona chiroqlarini yoqibdi. Gʻalabasidan quvongan Kumush shoshib-pishib koʻylakni kiyib, oyna yoniga boribdi. Koʻylak boshida biroz katta va uzun koʻringan boʻlsada, ammo, Kumushning egniga xuddi uning uchun tikilgandek lop-loyiq kelibdi.

“Maktabga kiyib borsam, qizlar hasaddan kuyishsa kerak”, – Kumush shirin xayollarga berilgancha uyquga ketibdi. Tongda uni onasining “Erka qizim, xafa boʻlma, otangni azonlab vaʼda qilgan koʻylagini olib kelishga joʻnatdim. Qani endi tur. Maktabga kech qolasan”, degan ovozi uygʻotibdi. Kumush orzu qilgan koʻylak borligini koʻrib, koʻzgu yoniga borib qarabdi-da, baqirib yuboribdi. Chunki uning sochlari bir kechada qordek oqarib ketgan ekan-da. Kumush holsiz yiqilibdi.

 

Obidjon Roʻziboyev

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.