- Rukn: Ertaklar
Yodingizda boʻlsa, jurnalimizning mart sonida “Men eshitgan ertaklar” tanlovining Respublika bosqichida gʻolib boʻlgan “Oltin ketmon” ertagini 4-sonda chop etishni vaʼda qilgandik.
Marhamat tanishing.
Juda qadim zamonda
Bir qishloq boʻlgan ekan.
Gul ochilib har yonda,
Nurlarga toʻlgan ekan.
Odamlar baxtli yashab,
Mehnatdan tolmas ekan.
Biri-birini hurmatlab,
Suyishdan qolmas ekan.
Qishloqda boy, kambagʻal,
Yoʻq ekan. Hamma bir xil.
Aytarlar bir ovozdan:
“Erinmasdan mehnat qil!”
Bobolar hassadan ham
Ketmonga oʻrtoq ekan.
Momolar toʻqir gilam,
Odamlar inoq ekan.
Shu qishloqda Toshtemir
Degan choʻpon boʻlarkan,
Hamqishloqlar ishiga
Doim tayyor turarkan.
Bir kuni u yaylovdan
Ketmon topib olibdi.
Uzun sopi oltindan,
Dast yelkaga solibdi.
Ketmonning dastasida
Bir soʻz yozilgan ekan.
Ketmon ming yillar avval,
Dunyoga kelgan ekan.
Toshtemir dastadagi
Yozuvga xoʻp boqibdi.
Jumlaga aqli yetmay
Doʻsti tomon chopibdi.
“Olmosim, qadrdonim,
Qiynalib ketdi jonim.
Shu yozuvni oʻqib ber,
Maʼnosini yechib ber”.
Qarasaki Olmosjon,
Doʻstida oltin ketmon!
Olmosjonning shu onda
Xayoli buzilibdi,
Nafsi joʻsh urib qonda,
Shum reja tuzilibdi.
Debdi: “Bu oddiy ketmon,
Sariq rangda shunchaki.
Toshtemir, menga ishon,
Yozuvi ham qalbaki.
Emishki, bu devlardan,
Yalmogʻiz, alvastidan.
Yaratilgan ekanki,
Dushmanlikning qasdidan.
Kimki yerga urgan on,
Olam zulmatda qolar.
Tilga kirgancha ketmon,
Oʻqir emish duolar...”
Bu soʻzlarni eshitgan,
Toshtemir yoqa ushlab
Ketibdi ketmonini
Yaqin doʻstiga tashlab.
Hikmat qolib ketibdi
Ochkoʻz qoʻlida qaqshab:
“Mehnat qilib yashagin,
Ey, insonning dilbandi.
Ketmon oltin boʻlsa ham,
Mehnat uchun yaralgan.
Yerga urgan zahoting,
Baraka unar undan”.
Olmos debdi: “Bu ketmon
Endi mening xazinam.
Boyvachcha odamlardek,
Boyib ketaman men ham!”
Aslida Oltin ketmon
Chindan sehrli ekan.
Yomonga yomon boʻlib,
Sozga mehrli ekan.
Yolgʻon boʻlgan joylardan
Yoʻqolib qolar ekan.
Qidirganlar topolmas,
Aldagan tolar ekan.
Olmosning yolgʻonidan
Oltin ketmon uchibdi,
Toshtemirning qoʻliga
“Jarang” etib tushibdi.
Aslida Toshtemirjon
Bor sirni bilgan ekan.
Bu boylikni tutqazib
Doʻstin sinagan ekan.
Oltin ketmon mayliga,
Kuyinmadi uni deb,
Oltindan qimmat boʻlgan,
Yigʻladi doʻstlikni, deb.
Alqissa, sinalmagan
Otga minib koʻrmagin.
Keyin afsus, nadomat,
Tashvishlarda yurmagin.
Doʻstlik ustun, avvalo,
Mehrga sodiq qolgin.
Haqiqiy mehr kuchi
Turgay oltindan oldin.
Olmosday yomon holga,
Tushib qolma, bolajon.
Chin doʻstlarni avaylab,
Yaxshilik qil har qachon,
Toshtemirday ziyrak boʻl,
Bunga ishonguvchimiz.
Ertak aytib sizlarga,
Dildan quvonguvchimiz.
Yorqinjon HAYITBOYEV,
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani
15-maktabning 11-sinf oʻquvchisi