- Rukn: Ertaklar
Davomi. Boshlanishi bu yerda.
Sarguzashtning boshlanishi
Kumush koʻp oʻtmay, “Qizim, turdingmi?” degan ovozdan koʻzlarini ochibdi. “Xudoga shukur, tushim ekan”, degancha sevinib oynaga qarabdi. Qarabdi-yu sochlari tushida emas, oʻngida oqarib ketganini koʻrib, qoʻrquvi ikki karra ortibdi. “Balki qari kampirning koʻylagini kiyganim uchun shunday boʻlgandir”, deya oʻylagan Kumush ustidagi koʻylakni yechib, uloqtiribdi. Ammo sochlari asl holatiga qaytmabdi. Oʻxshab qolar degan umidda koʻylakni yana bir necha marotaba kiyib yechibdi, ammo hech narsa oʻzgarmabdi. Onasi tashqaridan eshik qoqib: – Kumush, oxirgi marta aytayapman. Agar hozir chiqmasang, unda oʻzim kirib uygʻotaman. – Bu holatda onasiga koʻrinishni istamagan Kumush, oʻgʻirlangan koʻylakni kiyimlari orasiga berkitibdi.
– Nega javob bermaysan? Ayb oʻzimizda. Otang ikkimiz aytganingni qilaverib, erkalatib yubordik. Boʻldi, toqatimni toq qilding. Chiqmasang chiqma! Onasi jahl bilan eshikni tortibdi. Onasi ichkariga kirguncha Kumush oppoq sochlarini roʻmol bilan berkitib, koʻrpasiga oʻrangancha yotib olibdi. Qizini tartibga chaqirish uchun kirgan ona, xunobi oshib gapiribdi.
– Bu nima yotish. Shuncha gapni kimga gapirdim. Nega roʻmol oʻrab olding? – Kumush onasidan qoʻrqqanidan nima deyishni bilmay sekingina yoʻtalib, past ovozda, boshini ushlagancha:
– Oyijon, maktabga uchib borardim-u, ammo boshim qattiq ogʻriyapti. – Qizining yolgʻoniga chippa-chin ishongan ona, farzandini betob bilib, hovliqqancha shifokor qoʻshnisinikiga yugurib ketibdi. Onasining uyda yoʻqligini bilgan Kumush oʻz holiga qaytish uchun Qimmat kampirning uyiga yoʻl olibdi. Kampirning uyi oldida choponli, doʻppi kiygan odamlarni koʻrib, koʻngli noxushlikni sezibdi. Ammo dabdurustdan Qimmat kampirning oʻlganiga ishongisi kelmabdi. Ming afsuski, bu haqiqat edi. U kampirning oʻlimida oʻzini ayblabdi. Lekin bundan ham koʻproq, qanday qilib asl holiga qaytishini oʻylab, yigʻlagancha ortiga qaytibdi. Yoʻlda u maktabga shoshib ketayotgan Sevinchga duch kelibdi.
– Kumush, dugonajon tinchlikmi? Nega yigʻlayapsan? Senga nima boʻldi? – kuyunib, soʻrabdi Sevinch.
Yigʻidan koʻzlari qizargan Kumush dugonasining hech bir savoliga javob bermay qoʻlidagi sumkadan koʻylakni olib koʻrsatibdi. Sevinch koʻzlariga ishonmay, Kumushning yoshlarini artib.
– Axir bu oʻsha koʻylak-ku? Maqsadingga erishgan boʻlsang, yana nega yigʻlayapsan?
Kumush lom-lim demay, boshidagi roʻmolini sekin yechibdi.
– Sochingni qachon boʻyading? Nega oqqa? – ajablanib soʻrabdi Sevinch.
Kumush roʻmolini oʻrab, dugonasining qoʻlidan tutibdi. – Yur chetga oʻtaylik, hammasini aytib beraman.
Sevinch darsga kech qolayotganini aytsa ham, Kumush uni gaplarini eshitishiga koʻndiribdi. Daraxt tagidagi oʻrindiqda oʻtirib yigʻlagancha, oʻtgan tunda boʻlgan voqealarni aytib beribdi. Sevinch bu gaplarni eshitgach dugonasiga chin dildan yordam bergisi kelibdi.
– Aytganlaring gʻalati-yu, ammo qoʻlingdagi koʻylakka qarab, senga ishongim kelyapti. Shoshma, agar gaplaring rost boʻlsa, unda Qimmat kampirni sen oʻldiribsan-da? – seskanib soʻrabdi Sevinch.
– Nimalar deyapsan? Nega uni oʻldirar ekanman? Hatto, unga teginganim ham yoʻq. Faqat itining boshiga sumkamni otib qochdim, xolos. Xoʻsh, menga yordam berasanmi? – Kumush umid bilan Sevinchning koʻzlariga qarabdi.
– Mening qoʻlimdan hech narsa kelmaydi-yu, ammo onamning aytishicha, qoʻshni qishloqda Zumradbibi degan ayol bor ekan. U koʻplab jumboqlarning kalitini bilar emish. Mish-mishlarga qaraganda, Zumradbibi qirq yosh boʻlishiga qaramay, uning oldiga ellik, oltmish hatto undan katta yoshli odamlar ham maslahat soʻrab kelishar ekan. Istasang, biz ham borib oʻsha ayoldan yordam soʻraymiz.
Chorasiz qolgan Kumush dugonasining taklifini qabul qilibdi. Sevinch safar davomida dugonasiga Zumradbibining donoligi haqida eshitganlarini soʻzlab ketibdi. Ular manzilni topishga qiynalishmabdi. Negaki, qishloqda bu ayolning uyini bilmaydigan odam yoʻq ekan. Tashqaridan Zumradbibining uyi gullarga burkangan, kichik va koʻrimsiz koʻrinsa-da, ammo ichkaridan juda fayzli, katta hovli ekan. Zumradbibi ularni iliq qarshilabdi. Kumush boshiga tushgan koʻrguliklarni oqizmay-tomizmay aytib, muammodan qutulishga yordam berishini oʻtinib soʻrabdi. Zumradbibi boʻlgan voqealarni eshitgach, ularning qoʻllaridagi koʻylakni koʻrib, gaplariga ishonibdi. Soʻng alvon koʻylak haqidagi afsonasini aytib beribdi.
Alvon koʻylak afsonasi
Samarqand viloyatining qadimiy yodgorliklaridan biri hisoblangan Dobusiya qalʼasi bundan ming yillar avval goʻzalligi va hashamati bilan butun dunyoni hayratga solardi. Saroy devorlari oltin bilan qoplanib, pillapoyalari kumushdan ishlangan bu shahar, dunyoda yagona edi. Uni tomosha qilish uchun magʻrib-u mashriqdan minglab sayyohlar kelardi. Shahar aholisi tinch va osuda kun kechirar edi. Ammo bu xursandchiliklar saroy malikasi Gulandonga tatimasdi. Dobusiyaning koʻrkamligi butun dunyoda yagona boʻlsa, malika Gulandonning goʻzalligi undan ham ziyoda edi. Lekin malikaga bu kamdek tuyulardi. Boshqa malikalar singari uning ham qandaydir sehrli buyumi boʻlishini istardi. Masalan, Arab malikasi Jasminning uchar gilami, Magʻrib malikalaridan birining sehrli toshoynasi, yana boshqasining oltindek tovlanadigan uzun sochlari bor edi. Xullas, noshukur malika dunyoda koʻz-koʻz qiladigan yana qandaydir nodir buyumi boʻlishini istardi.
Kunlarning birida malika maqsadiga erishish uchun barcha mamlakatlardan eng mohir toʻqson toʻqqiz chevar va eng iqtidorli toʻqson toʻqqiz sehrgarni yigʻib keltiribdi. Ularning har biriga bir qopdan oltin beribdi. Ish bitgandan soʻng yana shuncha oltin olishlarini vaʼda qilib, dunyodagi eng chiroyli, hech qachon eskirmaydigan, eng muhimi, kiyganda doimo yosh va sohibjamol koʻrsatadigan koʻylak tikishlarini buyuribdi. Oʻz kasbining ustalari malikaning shartlariga rozi boʻlib, ish boshlashibdi.
Dastlab, afsungarlar koʻylakni har doim yorqin nur taratib turishi uchun quyosh shulalaridan ip yigirib, mato toʻqishibdi. Tikuvchilar esa bu matoni olmos ignada oy yorugʻida tikishibdi. Koʻylakka jilo berish uchun yulduzlar yogʻdusidan olingan toʻqson toʻqqiz dur bilan bezashibdi. Sehrgarlar tayyor boʻlgan koʻylakka yorqin rang berish uchun avval, olovda toblab soʻngra, pishiq boʻlishi uchun sehrli suvda taftini olishibdi. Tayyor boʻlgan koʻylakni, zamindan kuch olsin, deb saroy yertoʻlasida qirq kecha-yu qirq kunduz saqlashibdi. Qorongʻulikda quyosh nurlaridan tikilgan koʻylak alvon tusga kiribdi. Tabiatga toʻyinib, zamindan kuch olgan koʻylak toʻqson toʻqqiz kun deganda tayyor boʻlibdi. Uzoq kutilgan koʻylakdan malikaning koʻngli toʻlibdi. Gulandon koʻylakni kiyganda chiroyiga chiroy qoʻshilib, yoshlik gʻayrati oshibdi. Malika nihoyat dunyodagi hech bir malikada boʻlmagan sehrli libosga ega boʻldi. Ammo, kibrga berilgan malikaning niyati buzilib, bu koʻylakdan boshqa hech kimda boʻlmasligini istab, tikuvchi va afsungarlarning barchasini oʻlimga hukm qilibdi. Shunda gʻazablangan sehrgarlar qatl etilishlaridan oldin malikanining koʻylagini duoibad qilib, qaytadan sehrlashibdi. Alvon koʻylakni kim kiysa, yoshligi va goʻzalligidan mahrum boʻladigan qismatga yoʻliqishibdi.
Ammo, ishlar malika oʻylagandek boʻlmabdi. Afsungar qilgan qargʻish oʻz kuchini koʻrsatibdi. Koʻylakni kiygan Gulandon oftobda suvsiz qolgan niholdek quriy boshlabdi. Malika afsundan qutulish uchun koʻylakni oʻtda yoqibdi, suvda choʻktiribdi ammo libosga hech narsa taʼsir qilmabdi. Shunda umri tugab borayotganini sezgan malika, yer yuzida qolgan afsungarlarni chaqirtirib, qargʻishdan qutulmoqchi boʻlibdi. Biroq toʻqson toʻqqiz sehrgarning kuchiga hech bir afsungar bas kela olmabdi. Malika yashashdan umidini uzgan kechada yovuz sehrgarlardan biri qargʻishning kuchini oʻzgartirib, dunyodagi toʻqson toʻqqiz sohibjamol koʻylakni kiyganda ularning ketgan yoshlik va goʻzalliklari evaziga malika mangu uyqudan uygʻonib, umrboqiy hayotga erishishini aytibdi. Oradan koʻp oʻtmay yuzlariga ajin tushib, qarib munkaygan malika mangu uyquga ketibdi. Gulandon bilan birga tikuvchi va sehrgarlarni qatl qilgan toʻqson toʻqqiz askar ham laʼnatga uchrab zulmatga ketishibdi. Malikasining laʼnatga duchor boʻlganini eshitgan xalq shaharni tark etibdi. Yillar oʻtib, qumlar ostida qolgan Dobusiya shahri haqida afsonalar toʻqilibdi. Shundan buyon malikaning koʻylagini kim kiysa, uning goʻzalligi va yoshligi malikaga koʻchar emish. Qachonki toʻqson toʻqqiz qiz bu koʻylakni kiyib boʻlsa, malika ularning goʻzalligi va umri evaziga mangu uyqudan uygʻonib, dunyodagi jamiki insonlarning goʻzallik va yoshligini qoʻlga kiritar ekan, degan afsona bor. Eshitganlaridan hayratga tushgan Kumush yoqa ushlagancha, Zumradbibiga savol bilan yuzlanibdi.
– Siz bularni qayerdan bilasiz?
Zumradbibi koʻz oldida yoshligini yoʻqotayotgan qizchani koʻrib, yordam berish uchun afsonaning qolganini soʻzlab beribdi. – Oq kampir menga taqinchogʻ-u, liboslarga toʻla qizil sandiqni sovgʻa qildi. Uyga ketishimdan oldin buning ichida juda ham chiroyli, ammo hech qachon kiyishim mumkin boʻlmagan, doimo odamlardan sir tutib, avaylab-asrashim kerak boʻlgan koʻylak haqida uqtirdi. Bu alvon koʻylakni malika uyquga ketgandan soʻng toʻqqiz asr davomida toʻqson olti qiz kiyganini aytdi. Malika orzusiga erishmasligi uchun, qolgan uch ayolga bu koʻylakni kiydirmaslik mening zimmamda edi.
Shuncha gapni eshitgan qaysar qiz Zumradbibiga kulimsirab, soʻz boshlabdi.
– Boʻlmagan gap, men ertaklarga ishonmayman. Nima, siz hali Zumrad va Qimmat ertagidagi Zumradmisiz?
Zumradbibi jiddiy ohangda gap boshlabdi. – Ertaklar toʻqilmaydi, qizaloq. Ular hayotdan olinadi. Otam oʻgay onamning gapiga kirib, oʻrmonga adashtirib kelmaguncha, men ham ertaklarga ishonmas edim. Ammo, keyin hammasi oʻzgardi. Kun kelib sen ham ertaklar tinglay-tinglay ertaklarga aylanasan.
– Gaplaringiz rost boʻlsa, Qimmatning opasi boʻlsangiz, unda nega singlingizdan yoshsiz?
– Men undan yosh emasman. U haqiqatdan ham oʻgay singlim. Faqat, oʻsha kuni Oq kampir unga sovgʻa qilgan sandiq boʻshligini koʻrib, rosa xafa boʻlgandi. Keyin esa tunda mening xonamga kirib, sandigʻimdan alvon koʻylakni oʻgʻirlab ketdi. Avval onasi, keyin esa oʻzi koʻylakni talashib kiyishdi. Soʻngra tezda keksaya boshlashgach, qishloqdan bosh olib ketishdi. Odamlarning aytishlaricha, onasi ular uydan ketishganidan soʻng, bir hafta ham oʻtmay yuz yoshli ayoldek qarib olamdan oʻtibdi. Singlim Qimmat esa, yonimga yordam soʻrab kelganda, uning egilgan qaddi va ajin tushgan yuzlarini koʻrib, qoʻrqib ketganman. Keksayishni ortga qaytarib boʻlmasdi. Ammo, jarayonni sekinlashtirishning ilojini bilardim. Oq kampir koʻylak sohibasidan goʻzallik va yoshlikni tunda, qorongʻu xonada uyquga ketgandagina tortib olinishini aytgan edi. Shu sababli Qimmatning uyida qarishni sekinlashtirish uchun tun-u kun chiroqlar yoniq turardi.
– Agar bu gaplar haqiqat boʻlsa, unda nega ertakda yozilmagan?
– Ertaklardan haqiqat izlab nima qilasan, axir sen ertaklarga ishonmaysan-ku?
– Ishonaman, lekin hammasi chalkashib ketdi-da. Men bu ertakni bilaman.
– Xoʻsh bilsang aytchi, unda qanday ekan sen bilgan ertak? – Axir, bu ertakni hamma biladi-ku. Qimmat olib kelgan sandiq ichidan katta ajdar chiqib, ona va qizini yeb qoʻyadi, deyilgan. Hech qanday koʻylak haqida yozilmagan.
– Buni oʻzing oʻqiganmisan, Kumush.
– Ha, internetdan jiyanlarimga oʻqib bergandim. Lekin bu choʻpchakka ular ham ishonishmagan edi.
– Unda xuddi oʻsha jiyanlaringga borib, qoʻlingdagi alvon koʻylak haqida aytgin-chi, ular ishonishar ekanmi? – Kumush bu savoldan jim boʻlib qolibdi.
– Aslida gap ertaklarda emas, hamma gap oʻzimizda. Bir-birimizga ishonmaymiz-u ertaklarga ishonarmidik. Alvon koʻylakni hammadan sir tutganmiz. Oʻgay singlim va onam qishloqdan chiqib ketishganidan soʻng, onalar bolalariga qiziqarli boʻlishi uchun sen aytayotgan ajdar voqeasini qoʻshib, ertak qilib aytib berishgan. Agar ertakda alvon koʻylak haqida aytilganda, baʼzi qiziquvchan qizlar senga oʻxshab uni izlab koʻrishardi. Shuning uchun, bu voqealar ertakdan olib tashlangan. – Zumradbibi hayajonini bosish uchun yuzlaridagi terni artibdi.
Obidjon Roʻziboyev
(Davomi bor)