- Rukn: Ertaklar
Davomi. Boshlanishi bu yerda.
Zamonaviy ertak-qissa
Kumush Zumradbibining gaplaridan hammasini tushunibdi va bu muammodan qanday xalos boʻlish yoʻlini soʻrabdi.
– Asl holingga qaytish va qolgan odamlarning yoshligini saqlab qolish uchun, qoʻlingdagi koʻylakni olib, Dabusiya qalʼasi ostida qolgan shahar ichidan malikaning qabrini topib, unga yopasan. Faqat unutma, bu ishni kun bilan tun tenglashganda, yigirma birinchi mart kuni – Navroʻz kechasi soat oʻn ikkiga bong urganda qilishing shart. Yoʻqsa butun insonlarning goʻzalligi va yoshligi nobud boʻladi.
– Hali toʻrt kun vaqtim bor ekan. Bemalol Samarqandga borib oʻsha qalʼaga kirib, qabr ustiga koʻylakni yopishga ulguraman, – dedi Kumush telefonining taqvimiga qarab. – Qizaloq, Dabusiya qalʼasiga kirish sen oʻylagandek oson emas. Ikkinchidan, qum ostida qolgan shahar Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida boʻlsa-da, unga olib boradigan yoʻl Qashqadaryo viloyatining “Sherlar darasi”da joylashgan Amir Temur gʻoridan oʻtgan. Gʻorning ichidagi yoʻl ikkiga ajralgan boʻlib, biri Amir Temur askarlari jon saqlagan joy boʻlsa, ikkinchisi olimlar tomonidan yopib qoʻyilgan Dabusiyaning yer osti shahriga olib boradigan maxfiy yoʻldir. Aytishlaricha, Amir Temur davlat poytaxti Samarqandga tez va xavfsiz yetib borishi uchun bu yer osti yoʻlidan tez-tez foydalanib turgan ekan. Sen izlaganlaringga oʻsha yoʻl orqali yetasan. Lekin, bu safaringda senga malikaning uygʻongan askarlari toʻsqinlik qiladi.
– Axir siz ularni mangu uyquda dedingiz-ku.
– Ular uyquda edi. Ammo koʻylakni soʻnggi toʻqson toʻqqizinchi qiz kiyganida uygʻonib, umri boqiy boʻlish maqsadida malikalariga koʻylakni tezroq olib borish uchun uni qidirib yoʻlga chiqishgan. Malika uni kiyadigan boʻlsa, butun yer kurrasidagi odamlarning ustidan hukmdorlikka erishadi. Shuning uchun malikaning askarlari yetib kelmasdan sen koʻylakni qabrning ustiga yopishga ulgurishing kerak.
– Men vodiyda boʻlsam, ular vohada qayerdan topishardi? Xavotir olmang.
– Ular zamon va makon bilishmaydi, charchashmaydi, maqsadlariga yetmaguncha toʻxtashmaydi. Eng yomoni, sehrlangan koʻylakni har doim qayerda ekanligini his qilishadi. Xullas, shoshil, insonlar taqdiri sening qoʻlingda.
– Nimalar deyapsiz, axir men endigina oʻn birga kirgan boʻlsam, malikani qanday yengaman. Oʻzi boʻlganda ham kelishsa boʻlardi. Qoʻshinga qanday bas kelaman?
– Otam meni oʻgay onamning qistovi bilan oʻrmonga tashlab ketganda, bor yoʻgʻi toʻqqiz yoshda edim. Lekin yolgʻiz boʻlishimga qaramay toʻsiqlarni yengib oʻtdim. Qizim, inson hayotda qiyinchilik koʻrmay turib, baxtga erisha olmaydi.
– Sizning vaziyatingiz bilan mening vaziyatim oʻrtasida katta farq bor. Har qalay, siz chorasiz qolganingizda kampir yordamga kelgan, menga-chi? Menga kim yordam beradi?
– Kumush, unutma, yovuzlikni yengish uchun kurashga otlangan kimsaga yordam beruvchilar albatta topiladi. Imkon qadar mana bu manzildagi odamlarni top. Ular senga albatta yordam berishadi, – Zumradbibi javondagi ertak kitoblar orasidan qandaydir manzillar yozilgan roʻyxatni olib qoʻliga beribdi. Kumush qogʻozga qarab, ajablanibdi.
– Bular yana kim boʻldi?
– Bular dunyoni bir necha marotaba yovuzlardan qutqarib qolgan bahodirlarning manzili. Ularga mana bu kitob rasmi tushirilgan tangani koʻrsatib, men yuborganimni aytsang, senga yordam berishadi. Yodingda tut, vaqt oʻtgani sari, malika askarlari qayerda boʻlsang ham senga taʼqibni kuchaytirishadi. Lekin sen qoʻrqma, hamma gap oʻzingda. Inson yovuzlikni yengish uchun avvalo, yuragidagi qoʻrquvni yengishi kerak. Qoʻrqma, men senga ishonaman. Yoʻling bexatar boʻlsin. – Soʻng Zumradbibi ularni kuzatib qoʻyibdi. Uydan chiqqach, Sevinch Kumushga qarab:
– Dugonajon, sen ishlaringni bitirib kelguningcha, men uydagilaringga biror bahona topib, sening yoʻqligingni bildirmay turaman, – debdi. Ular xayrlashibdi. Sevinch uyiga, Kumush esa qahramonlarni izlab yoʻlga otlanibdi.
Qahramonlarni izlab
Kumush tilla ziragi evaziga uzoq safar uchun haydovchi yollabdi. Roʻyxatdagi birinchi manzil, “Qamchiq” dovonining eng tepasida joylashgan choyxona edi. Ammo, u qidirgan yer oddiy choyxona ekanligini koʻrib, hafsalasi pir boʻlibdi. Bu choyxonaning qayeridan birinchi bahodir Mesh polvonni topishni bilmay choy damlayotgan samovarchidan surishtiribdi.
– Kechirasiz, Mesh polvonni qayerdan topsam boʻladi?
Kumushning gaplarini eshitgan samovarchining qoʻliga shoshilganidan choy quyilib ketibdi, u jahl bilan javob beribdi.
– Nimalar deyapsiz, qanaqa Mesh polvon? Bu yerda hech qanaqa Mesh polvon yoʻq.
– Menga Mesh polvon kerak. U judayam zarur, oʻtinaman.
– Menga qarang, axir sizga aytdim-ku. Bu yerda hech qanaqa mesh ham, polvon ham yoʻq. Balki manzilda adashgandirsiz.
– Yoʻq manzilda adashganim yoʻq. Zumradbibi aynan shu manzilni berdi. Qizcha qoʻlidagi qogʻozni koʻrsatibdi.
– Nima? Zumradbibi berdi. Qani ortimdan yuringchi. Samovarchi “Zumradbibi” ismini eshitgach, qizni choyxona ichkarisiga boshlabdi, soʻrida yalpayib televizor koʻrib yotgan ozgʻin odam yonida toʻxtabdi.
– Nortoy aka, qarang, sizni soʻrab kelibdi. Aytishicha, oldingizga Zumradbibi yuborgan emish, Ismi Kumush emish, – debdi.
Kumush shoshib:
– Yoʻq, siz meni tushunmadingiz, menga Nortoy emas, Mesh polvon kerak, – debdi.
– Sen bor, mijozlarga qara. Oʻzim gaplashaman.
Samovarchi qizni qoldirib, ortiga qaytibdi.
– Xoʻsh... sizga qanday yordamim kerak? Kumush qaysarlik bilan javob qaytaribdi: – Nega tushunmaysizlar? Axir sizlarga aytdim-ku, menga siz emas Mesh polvon kerak. – Nega ishonmaysan, oʻsha sen qidirayotgan Mesh polvon men boʻlaman, – debdi.
– Nima shu gavdangizga oʻzingizni Mesh polvonman deyapsizmi? – Kumush jimjilogʻini koʻrsatib kulib yuboribdi.
– Ha, nima ishonmaysanmi? Men haqimda ertaklar toʻqilgan paytda Meshdek edim. Eh-he, oradan necha yil oʻtdi. Vaqt oʻtgani sayin ulgʻaydim, katta boʻldim. Oila qurdim. Keyin tirikchilik, roʻzgʻor deganlariday, shu choyxonani ochdim. Keyin esa koʻrib turganingdek ozib, shu ahvolga tushdim.
– Unda ayting-chi, agar siz rostdan ham Mesh polvon boʻlsangiz, nega sizni Nortoy deb atashdi?
– Nega boʻlardi?! Odamlar kulmasligi uchun, ismimni almashtirganman. Undan koʻra kel, oʻtir, bir piyola choy ich, – u Kumushga choy quyib uzatibdi. Kumush soʻriga oʻtirib choy ichibdi. – Qani endi ayt-chi, Zumradbibi seni nega yubordi?
Kumush boshidan oʻtganlarini soʻzlab beribdi. Toʻrt kun vaqti qolgani, agar oʻsha vaqtda ulgurmasa, oʻzi halok boʻlib, dunyodagi odamlarning yoshliklari butun umrga yoʻqolishini aytibdi. Malikaga qarshi kurashda koʻmaklashishini soʻrabdi. Uning gaplarini eshitgan Mesh polvon ajablanib:
– Ha... yaxshi ish boʻlmabdi. Lekin, afsuski... senga bu borada yordam bera olmayman. Mesh emas bir qop suyak boʻlib qolganimni koʻryapsan. Mendan qanday qahramon chiqishi mumkin? Kutilmagan javobdan Kumushning koʻzlari katta-katta boʻlib ketibdi.
– Axir Zumradbibi aytgandilar-ki...
– Ha, toʻgʻri aytgan. Lekin u meni kuchdan qolganimni bilmagan. Axir, tushunsang-chi. Men sport formamdan chiqib ketganman. Ishon, senga chin dildan yordam berardim-u, ammo qoʻlimdan kelmaydi:
Kumush koʻzlarida yosh bilan yalina boshlabdi:
– Oʻtinaman, yordam bering. – Kumush oʻrnidan turayotganda, koʻz yosh tushgan yuzlariga ajin tusha boshlabdi. Bu holni koʻrgan Mesh polvon uning yoshlarini artib yupatishga urinibdi:
– Senga bundan ortiq yordam bera olmayman. Faqat meni toʻgʻri tushun. U Kumushning sumkasiga bir dasta pul solib qoʻyibdi.
– Menga bular kerak emas. Ishonasizmi, men ham pullarni hamma narsaga qodir deb oʻylardim. Afsuski, bugun tongda ular qanchalik ahamiyatsizligini tushunib yetdim. Attang, men sizga ishongandim. – Kumush ajin bosgan yuzlarini silagancha, yigʻlab chiqib ketibdi.
– Yolgʻon gapirma, sen va senga oʻxshagan yoshlar menga emas, qandaydir fantastik kinolardagi super qahramonlarga ishonasiz. Aslida eng kuchli pahlavonlar oʻzimizda ekanliklariga shubha qilasizlar. Shuning uchun ham bizning bahodirlar insonlarga yordam berishdan bosh tortishdi. Omon boʻl. Senga omad tilayman, – degancha uning orqasidan gapirib qolibdi Mesh polvon. Kumush umidsizlikka tushmay roʻyxat boʻyicha navbatdagi bahodirni izlab, Toshkentga otlanibdi. Kumushning kayfiyati yomonligini sezgan haydovchi qizning koʻnglini koʻtarish uchun gap boshlabdi.
Obidjon Roʻziboyev
(Davomi bor)