Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Davomi. Boshlanishi bu yerda.

Qalqon botir himoyasida

– Ishingizga aralashmoqchi emasman-u, ammo qandaydir muammoga qoʻshilib qolganingiz aniq. Balki sizga yordam bera olarman? – debdi Kumushning xafaligini koʻrgan haydovchi.

– Qanday yordam berardingiz, botirman degan odamlar bosh tortishayotgan bir paytda?

– Avval aytib koʻring-chi.

– Aytganim bilan baribir ishonmaysiz.

– Chin soʻzim, ishonaman. Ustiga-ustak yoʻlimiz uzoq, jim ketsak uxlab qolaman.

– Unda eshiting, xullas... – Kumush boshidan oʻtganlarini bir yigʻlab, bir kulib aytib beribdi. – Ertaklardagi haqiqiy qahramonlarni qidirayapman. Kulgili-ya, toʻgʻrimi? – Kumushning ajin tushgan yuzlariga biroz tabassum oralabdi.

– Nega kulgili boʻlar ekan. Sira ajablanganim yoʻq. Vaqt shunchalik tez oʻtayaptiki, ota-onalarimiz ertak aytishga vaqtlarini qizgʻanib, multfilm qoʻyib berishadi. Bu esa ongimizni rivojlanishini sekinlashitiradi. Aslida, ularning tutgan yoʻli ham toʻgʻridek. Bizni katta hayotda qiynalmay yashashimiz uchun ertak aytib sarflaydigan vaqtlariga, biz uchun hech boʻlmaganda bitta shirinlikni pulini topishga harakat qilishadi. Shirinliklar kerakdir, ammo bolalik, yoshlikning eng shirin davrlari ekran oldida oʻtib ketishi yomon-da.

– Nima, siz multfilmlarga qarshimisiz? – Qoʻqqisdan haydovchining gapini boʻlibdi Kumush.

– Qarshi emasman aslo, lekin ertaklar shunchaki choʻpchak emas-da. Ularning shakli oʻtmish, mohiyati kelajak. Ular orzu, ular umid, ular armon, ular muhabbat. Ertaklarda hammasi bor. Biz ertaklarga ishonamiz, aks holda shu yergacha kelmasdik. Yoki fikrimga qoʻshilmaysizmi?

– Qaydam... bilmadim.

– Toʻgʻrisini aytsam, men siz qidirayotgan qahramonlardan biriman.

– Aldamang. Nima ustimdan kulayapsizmi?

– Nega aldar ekanman. Ismim Qalqon botir.

– Yolgʻoningiz shu yerdan maʼlum. Bunday ertak ham, qahramon ham yoʻq.

– Tavba, sizni aldagandan menga nima naf. Toʻgʻri, men haqimda aynan ertak yoʻq, lekin men siz bilgan hamma ertaklarning markazida turganman.

– Unda isbotlangchi, – Kumushning qiziqishi ortibdi.

– Ayting-chi, sizningcha, Zumrad va Qimmat ertagida Qimmatni kampirdan olgan sandigʻini kim sudrab ketadi?

– Qimmat albatta, shu ham savolmi? Hali sizga qoʻyib bersa, Zumrad va Qimmatning otasiman ham dersiz.

– Yoʻq, men ularning otasi emasman. Men Qalqon botirman. Qimmat sandigʻini oʻzi sudrab ketgan. Men esa Zumradning sandigʻini uyiga eltib berishda yordam qilganman. Toʻgʻri, ertakda bu joyi yoʻq, lekin hech zamondayam sandiq oʻzi uyni topib boradimi, qani ayting-chi? Oʻsha mening yordamim edi. – Bu gaplarni eshitgan Kumush kulib yuboribdi.

– Nega kulasiz. Men deyarli hamma bahodirlarga yordam berganman. Masalan, Kenja Botir navbatchilik qilayotgan kechada uxlab qolgan edi. Uning yoniga ilon kelayotganda uyqudan uygʻotib, xavfni oldini olgan ham menman.

– Nega ilonni oʻzingiz oʻldirib qoʻya qolmadingiz?

– Ilonni men oʻldirganimda, Kenja Botir qahramon boʻlmas, shoh esa unga qizini bermasdi. Shuning uchun ham uni uygʻotganman. Bundan tashqari, Muqbil Toshotarga shoh uchun yoʻlbarslarni ovlashda kim tosh tashib bergan? U ham men.

– Demak, Muqbil Toshotar jang qilayotganda, men toshimni terib yurganman deng, – kulibdi Kumush. Unga qoʻshilib haydovchining oʻzi ham kulib yuboribdi. Oʻsha payt ularga malika Gulandonning koʻylakdan xabar topgan soqchilari hujum qilishibdi. Kumush qoʻrquvdan dodlab yubordi. Qalqon botir esa ulardan qutulish uchun mashinani yana ham tezroq haydabdi. Otda taʼqib qilayotgan askarlar kamondan oʻq uzishibdi. Paykonlar mashinaga sanchilib, yoqilgʻini oqiza boshlabdi. Qalqon botir mashinani togʻ osti yoʻliga buribdi. Ularni quvib kelayotgan toʻrt otliq yoʻlini chegarada turgan harbiylar toʻsibdi. Shunday qilib Qalqon botir taʼqibdan qutilibdi. Qoʻrquvdan qaltirab qolgan Kumush esa Zumradbibi aytgan hamrohlardan biri Qalqon botir ekanligiga ishonch hosil qilibdi. Yoqilgʻi idishi teshilgani sabab mashinasini pastda qoldirgan Qalqon botir hamyonidagi eng oxirgi pullarini Kenja Botirning uyiga yetib olish uchun sarflabdi. Kenja Botirni topish unchalik qiyin boʻlmabdi. Sababi, Kenja Botir “Tashkent city” da istiqomat qilar ekan. Kenja Botir jismonan baquvvat, kelishgan va xushmuomala yigit ekan. U Kumush va Qalqon botirni yaqindagina qurib bitkazilgan “Hilton” mehmonxonasida kutib olibdi. Kumush uning olijanob va saxiyligini koʻrib yordam berishiga ishonibdi. Kenja Botir ularni Zumradbibi yuborganini eshitgandan soʻng mehmonxona boʻylab sayohat qildiribdi. Osmonoʻpar binoda ertak qahramonlarining har oʻn yilda toʻplanishib, katta yigʻin qiladigan ajabtovur zali bor ekan. Bu majlisda dunyodagi barcha ertak qahramonlarining kelgusi oʻn yillikda bajaradigan ish rejalari tasdiqlanar, shu kungacha qilgan qahramonliklarining hisobi olinar ekan. Rejadagi qahramonliklarni bajarmagan botirlar jazolanar – ular haqidagi ertaklar odamlar xotirasidan butunlay oʻchirib yuborilar ekan. Majlislar zalini tomosha qilishgach, Kenja Botir mehmonlarini ertaklardagi sehrli buyumlar saqlanadigan muzeyga olib kiribdi. Kumush bu yerda koʻrganlaridan hayratlanib, barcha muammolarini unutibdi. Muzeyda Ur toʻqmoq, Ochil dasturxon, Qaynar xumcha, Uchar gilam, Hayotbaxsh suv va yana koʻplab moʻjizakor buyumlar jam boʻlgan ekan. Kenja Botir ularni Ochil dasturxonda mehmon qilibdi. Kumush bu mehmondorchilikdan soʻng boshidan oʻtganlarini hamda toʻrt kunlik umri qolganini tushuntirib, Gulandon malika va uning askarlarini yengishda yordam berishini soʻrabdi. Kenja Botir uzoq oʻylanib, juda ham borgisi kelayotganini ammo akalari kelguncha bu yerdagi ishlarni tashlab keta olmasligini aytib, uzr soʻrabdi. Kumush xomush tortib, roʻyxatdagi soʻnggi pahlavon Muqbil tosh otarni topish uchun Buxoroga borishini aytibdi. Kenja Botir kech boʻlganda yoʻlga chiqish xatarli ekanligini uqtirib bir kecha shu yerda qolishni taklif qilibdi. Ular mezbonning raʼyini qaytara olishmabdi. Kumush tongda koʻzlarini ochsa, borliq xira rangda koʻrinibdi. U koʻzlarini qattiq ishqalabdi. Ammo, tasvirlar oʻzgarmabdi. Kumush koʻzlari ham xiralashayotganini payqab, oʻksinibdi. Barchasini ortga tashlab, umrining oxirgi damlarini ota-onasi bagʻrida oʻtkazishni oʻylabdi, ammo taqdirga tan bergisi ham kelmabdi. Kenja Botir ularni Buxoroga tez va xatarsiz yetkazish uchun togʻasi Bunyodning shamoldan tez uchadigan afsonaviy Semurgʻ qushini chaqiribdi. U mehmonlarini qushga mindirib, Buxoroyi sharif tomon uchirib yuboribdi. Kattaligi vertolyotdek keladigan bu qush koʻkda parvoz qilganida qanotlarining shamoli yerni silar ekan. Semurgʻning patlari oltin rang boʻlsa-da, osmonga koʻtarilganda havo rangga kirar ekan. Shuning uchun ham, parvoz qilganda odamlar uni payqamas ekan. Kumush uning yonida ertaklar olamidagi eng ajoyib moʻjizani koʻrib turganini his qilibdi. Ulkan qush ularni koʻz ochib yumguncha Muqbil Toshotarning uyiga yetkazib qoʻyibdi. Semurgʻ Kumushga bir dona patidan berib, qachon yordam kerak boʻlsa, ushbu patni koʻkka koʻtarib, “Yaxshilik elchisi Semurgʻ, bizga yordam ber”, deb chaqir, men shu zahoti yordamga kelaman, deb ortiga qaytibdi. Kumush Qalqon botirga ergashib, Muqbil Toshotarning koʻchasiga kiribdi...

 

(Davomi bor)

Obidjon Roʻziboyev

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.